Линклар

Шошилинч хабар
09 август 2020, Тошкент вақти: 22:34

Tramp pandemiyaga qaramay saylovoldi kampaniyasini boshlashga oshiqmoqda


3 noyabrga belgilangan prezidentlik sayloviga 5 oydan oz muddat qolgani uchun Tramp o‘z saylov kampaniyasini boshlashga oshiqmoqda.

AQSh prezidenti Donald Tramp 20 iyun kuni koronavirus pandemiyasi boshlanganidan beri ilk marotaba saylovoldi kampaniyasi doirasida Oklaxoma shtatiga safar qiladi. Trampning ushbu saylovoldi tadbiri zo‘ravonlik va tartibsizliklar hamda virus yanada ko‘proq tarqalishiga doir xavotirlar fonida bo‘lib o‘tmoqda.

Tramp tarafdorlari hafta davomida Talsa shahridagi 19 ming kishini eltadigan arenada o‘rin egallash uchun navbatga tura boshladilar. Ularning ayrimlari Talsa meri G. T. Binum komendant soati joriy qilishi ortidan haydaldi. Ammo komendant soati bir kunda bekor qilindi va navbat kutayotganlar yana to‘plana boshladi.

Binum boshqa shtatlarda «buzg‘unchilik va mojarolarga» sabab bo‘lgan shaxslar Talsaga kelib, shaharda tartibsizlik keltirib chiqarishi mumkinligi haqidagi xabarlar tufayli komendant soatini joriy qilganini aytdi.

Talsa politsiya bo‘limi esa Binum federal hukumat rasmiylari tavsiyasi bilan komendant soatini joriy qilganini bildirdi.

19 iyun kun Tramp o‘z Twitter sahifasida Binum bilan suhbatlashganini, mer komendant soatini bekor qilishga rozi bo‘lganini yozdi.

Tramp, shuningdek, Oklaxomadagi ralliga boradigan «har qanday namoyishchi, anarxist, buzg‘unchi, o‘g‘ri yoki bezorini Nyu-York, Sietl yoki Minneapolisdagidek munosabatni kutmaslik» haqida ogohlantirdi.

25 may kuni afroamerikalik Jorj Floydning oq tanli politsiyachi tomonidan o‘ldirilishi AQSh shaharlarida norozilik namoyishlari hamda o‘g‘rilik va talon-toroj boshlanib ketishiga turtki bo‘lgan edi.

Oklaxoma oliy sudi esa ikki mahalliy shaxsning Trampning saylovoldi rallisiga keladigan har bir shaxsni niqob taqishga majburlashga chorlovchi shikoyatini qondirmadi. Sud qaroriga ko‘ra, shikoyatni yo‘llagan shaxslar o‘z talablarini qonunan asoslab bera olmagan.

Keyingi haftalarda Oklaxoma shtatida cheklovlar bekor qilinishi ortidan koronavirusga chalinish holatlari ko‘paydi.

Tramp kampaniyasi vakillari tadbir uyushtiruvchilar niqob taqishini hamda qatnashuvchilarning tana harorati tekshirilishini bildirishdi.

Trampning saylovoldi rallisi avvaliga 19 iyun – AQShda qullik tugatilganiga bag‘ishlangan kunga belgilangani keskin tanqidga uchradi. Shuning uchun ralli 20 iyunga ko‘chirildi.

Tanqidchilar Tramp Floyd o‘limi ortidan saylov rallisi uchun aynan Talsa shahrini tanlab, nojo‘ya ish qilganini aytishmoqda. Shaharda bundan qariyb bir asr oldin zamirida irqchilik yotgan AQSh tarixidagi eng mudhish qirg‘in sodir bo‘lgan.

3 noyabrga belgilangan prezidentlik sayloviga 5 oydan oz muddat qolgani uchun Tramp o‘z saylov kampaniyasini boshlashga oshiqmoqda.

XS
SM
MD
LG