Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 15:29

Katta Og‘a kuzatuvi: Rossiya maktablariga kameralar o‘rnatiladi


Huquq faollari Rossiya bo‘ylab kuzatuv kameralari cheklovlarsiz joriy qilinayotganini tanqid qilmoqda.
Huquq faollari Rossiya bo‘ylab kuzatuv kameralari cheklovlarsiz joriy qilinayotganini tanqid qilmoqda.

«Vedomosti» kundalik gazetasining xabar berishicha, Rossiya bo‘ylab maktablarda kuzatuv kameralarini o‘rnatish uchun 29 million dollar qiymatga ega shartnomalar imzolangan.

Bu kameralar yuzni aniqlash tizimiga ulangan bo‘lib, unga Rossiya rasmiylari Oruell nomini berishdi.

Britaniyalik yozuvchi Jorj Oruell o‘zining «1984» hamda «Molxona» romanlari bilan shuhrat qozongan. Insoniyat tarixidagi eng yaxshi kitoblar reytinglariga kiritilgan «1984» romani o‘zbek tiliga ham o‘girilgan.

Rossiya maktablariga nazorat kameralarini o‘rnatish loyihasini «Rostek» tarkibiga kiruvchi «Informatizatsiya milliy markazi» amalga oshiradi.

Shirkatning «Vedomosti»ga intervyu bergan xodimiga ko‘ra, kuzatuv tizimlari Rossiya bo‘ylab 1 608 ta maktabga berilgan.

Ismini oshkor qilmaslik sharti bilan so‘zlagan xodimning aytishicha, kuzatuv kameralari o‘quvchilarning kelib-ketish vaqtini nazorat qilishni hamda maktabga kirmoqchi bo‘lgan begona shaxslarni aniqlashni ko‘zlaydi.

«Rosnano» tarkibiga kiruvchi «ELVIS-NeoTek» shirkati vakili Yevgeniy Lapshevning so‘zlariga ko‘ra, aynan shu shirkat kuzatuv tizimlarini tayyorlab beradi.

Lapshev Oruell tizimi Rossiyadagi 43 mingdan oshiq barcha maktabga o‘rnatilishini aytdi.

16 iyun kuni «RBK» nashri e’lon qilgan maqolada yozilishcha, «Informatizatsiya milliy markazi» xodimi «Vedomosti» xabarida keltirilgan ayrim ma’lumotlarni rad etgan.

Xususan, xodim shirkat 43 ming maktabga kamera o‘rnatish uchun shartnoma imzolamaganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «Informatizatsiya milliy markazi» 1 600 ta Rossiya maktabida video kuzatuv tizimini o‘rnatish dasturida qatnashyapti, xolos.

Xodim, shuningdek, tizimlar kishi yuzini aniqlay olmasligini, Rossiyadagi barcha maktabni bunday tizim bilan jihozlash qarori hali chiqarilmaganini qo‘shimcha qilgan.

Keyingi yillarda Rossiya maktablarida zo‘ravonlik holatlari ko‘paydi. 2017-2018 yillarda sodir bo‘lgan o‘quvchilar orasida sodir bo‘lgan pichoqlashlar ortidan rasmiylar maktablarda xavfsizlikni oshirishga chorlay boshlagan edi.

Ammo inson huquqlari faollari kuzatuv va xavfsizlikni oshirish bahonasida kishi yuzini aniqlash tizimlari hamda boshqa kuzatuv texnologiyalari cheklovlarsiz joriy qilinayotganini tanqid qilmoqda. Bu holat esa so‘z va harakat erkinligi cheklanishiga, ma’lumot maxfiyligi yo‘qotilishiga yetaklaydi.

Mart oyidan beri Rossiya rasmiylari yuzni aniqlash texnologiyalari yordamida karantinni buzgan shaxslarni aniqlab keladi. Buni yo‘lga qo‘yish uchun Moskva shahrining o‘zida 100 mingdan oshiq kamera o‘rnatildi. Mazkur kameralar markaziy ma’lumotlar bazasiga ulangan bo‘lib, huquq-tartibot organlari undan istalgan paytda foydalana oladi.

Shuningdek, pandemiya boshlanganidan beri ishlab chiqilgan qator smartfon ilovasi ma’lumot xavfsizligi haqida xavotirlarga sabab bo‘ldi. Faollarning aytishicha, COVID-19 simptomlari qayd etilgan shaxslar o‘rnatishi shart bo‘lgan ilovalar pandemiya tugaganidan keyin ham aholini kuzatish yo‘lida ishlatilishi mumkin.

2019 yilning oktabrida Moskvada yuzni aniqlash kameralari ishlatilishiga qarshi sudga shikoyat yo‘llagan faol Alyona Popova koronavirus bahonasida rasmiylar absolyut nazoratni yo‘lga qo‘yish ustida ishlayotgani haqida ogohlantirdi.

O‘tgan yilning kuzida Rossiya Ta’lim vazirligi maktablarda yuzni aniqlash tizimlari o‘rnatish shartlarini belgiladi.

«Izvestiya» nashrining xabar berishicha, bu tizimlar ishga tushishi uchun maktab ishchilari hamda o‘quvchilarning ota-onalari rozilik berishi kerak bo‘ladi.

XS
SM
MD
LG