Линклар

Шошилинч хабар
07 июл 2020, Тошкент вақти: 23:08

Hujjat: Ozodlik maqolasidan keyin mahbusni “ustavga zid” so‘roq qilgan Quvasoy IIB tergovchisi ishdan olindi¸ 4 nafar zobit jazolandi


Prezident Shavkat Mirziyoyev ichki ishlar xodimlari tomonidan mahbuslarga nisbatan qiynoqlar qo‘llash holatlari ko‘pligini tan olgan va qiynoqlarga qarshi chora ko‘rishga oid farmon ham chiqargan.

Farg‘ona viloyat IIB maxsus guruhi ot o‘g‘irlaganlikda gumonlanib qo‘lga olingan 25 yashar Mirzohid Yo‘ldoshevning Quvasoy shahar Ichki ishlar bo‘limida qiynoqqa solingani iddaosi yuzasidan xizmat surishtiruvi o‘tkazdi.

Jarayondan bevosita xabardor IIV mulozimining Ozodlikka aytishicha¸ surishtiruv joriy yilning 11 mayidan 20 maygacha davom etgan.

Xizmat surishtiruvi o‘tkazilgani haqidagi ma’lumotni O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati tasdiqladi.

Ichki xizmat surishtiruvi xulosasi

Farg‘ona viloyat prokuraturasining matbuotga gapirish vakolati yo‘qligi bois ismi sir qolishini istagan mulozimi tekshiruv natijalariga oid hujjatni Ozodlikka taqdim etdi. (Hujjat¸ mulozim so‘rovi bilan e’lon qilinmayotir -tahr.) Hujjatga to‘qqiz nafar IIB rahbar xodimi imzo qo‘ygan.

Hujjatni Farg‘ona viloyat IIB JQB boshlig‘ining kadrlar bo‘yicha yordamchisi, podpolkovnik O‘runov¸ viloyat IIB Tergov boshqarmasi TFM va IB tergovchisi, katta leytenant Mirzatillayev¸ IIB O‘XB Farg‘ona viloyati bo‘yicha bo‘limning O‘MIB tezkor vakili, podpolkovnik Xidirov va viloyat IIB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, podpolkovnik Adhamov imzolagan.

Hujjatda yozilishicha¸ Quvasoy IIB xodimlari ot o‘g‘irlaganlikda gumonlangan 25 yashar Mirzohid Yo‘ldoshevni qo‘lga olish va so‘roq qilish paytida “ichki ishlar xodimlarining intizom ustavini qo‘pol tarzda buzgan”; “ustav buzilgani oqibatida IIB xodimlari haqida aholi orasida salbiy fikr shakllangan va IIB obro‘siga putur yetgan”.

Shundan kelib chiqib¸ IIVning “Ichki ishlar organlari xodimlarining odob-axloqi to‘g‘risidagi” 82- sonli buyruqning 48-bandi talablarini buzganligi uchun Quvasoy shahar IIB 3-son Ichki ishlar bo‘limi Jinoyat qidiruv guruhi tezkor vakili¸ mayor Ergashev Furqat Umaraliyevich egallab turgan lavozimidan ozod qilingan”.

Hujjatda yozilishicha¸ “Quvasoy shahar IIB boshlig‘i Elyor G‘aniyev qo‘l ostidagi xodimlari ustidan nazoratni susaytirib yuborgani va huquqiy savodxonligini oshirish yuzasidan o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etmagani oqibatida yuqorida ko‘rsatilgan salbiy holat (Mirzohid Yo‘ldoshevni so‘roq qilish paytida ustav buzilishi – tahr.) kelib chiqqani bois¸ “qattiq ogohlantirilgan”.

Hujjatda yana bu ahvol takrorlansa¸ “G‘aniyevning jiddiy jazoga tortilishi” uqtirilgan. Elyor G‘aniyev Farg‘ona viloyatining so‘kong‘ichligi bilan tanilgan hokim Shuhrat G‘aniyevning jiyanidir.

Shu bilan birga Quvasoy shahar IIB tergovchisi kapitan Husniddin Ahmadjonovga “qattiq hayfsan”¸ ayni idora tergov bo‘limi boshlig‘i mayor Ikromjon Niyozovga “tanbeh” intizomiy chorasi berilgan.

Hujjatdan yana bir iqtibos:

Ichki ishlar organlari intizom Ustavi” hamda IIVning 2016 yil 30 maydagi “Ichki ishlar xodimlarining odob-axloq qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 82-sonli buyruq talablarini bajarmagani uchun Quvasoy IIB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari¸ podpolkovnik Mirzayev Bahodirga “qattiq hayfsan” intizomiy chorasi e’lon qilinsin".

Xizmat tekshiruvi davomida Yo‘ldoshevni hibsga olish va tergov qilishda qatnashgan xodimlar bilan suhbat qilingan va Quvasoy shahar IIB barcha xodimlari ishtirokida majlis o‘tkazilgan.

Bu haqda Ozodlikka Farg‘ona IIBning mayor rutbasidagi xodimi¸ Farg‘ona viloyat prokuraturasi xodimi va Ombudsman idorasiga yaqin mulozim ma’lum qildi.

Bu mulozimlarning bir-biridan mustaqil tarzda bildirishicha¸ Quvasoy shahar IIB xodimlari tomonidan ot o‘g‘riligida gumonlangan Yo‘ldoshevning hibsga olinib¸ so‘roq qilinishida protsedura qoidalari jiddiy buzilgan.

Ayni paytda¸ maxsus komissiyaning «salbiy holat» degan ustav buzilishi aynan nima ekani¸ mahbus kaltaklandimi yoki yo‘qmi degan savolga javob bergan-bermagani haqida hozircha aniq ma’lumot yo‘q.

Ozodlikda Farg‘ona viloyat IIB O‘XB Farg‘ona viloyati bo‘yicha bo‘limining O‘MIB tezkor vakili podpolkovnik Xidirov o‘tkazgan suhbat matnlari bor.

Bu matnlarga ilova qilingan tushuntirish xatlarida Quvasoy shahar IIB xodimlari «tergov protsedurasini buzganligini» e’tirof qilishgan va ko‘proq «ot o‘g‘risinig iziga qanday tushgani» haqidagi tafsilotlarga chalg‘ishgan.

Ozodlik tasarrufida xizmat surishtiruvi paytida mahbus Yo‘ldoshevning Quvasoy IIB binosida kaltaklanganligini tasdiqlagan IIB xodimi audiosi bor. Ovozli yozuvda IIB xodimi «Ha kaltaklashdi¸ videoga ham olingan"¸ deydi .

Bu ovozli parchadan «ustavga zid salbiy holat» deya malakalangan epizodning mahbusni kaltaklash bo‘lgani tushuniladi.

Nima bo‘lgan edi?

Bosh prokuratura matbuot xizmatining Ozodlikka bildirishicha¸ 4 may kuni Yo‘ldoshevning singlisi Dildora Yo‘ldosheva akasini o‘g‘rilikda gumon qilib kaltaklagan IIB xodimlariga nisbatan qonuniy chora ko‘rilishini so‘rab¸ prokuraturaning ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qilgan.

Bu ma’lumotni 12 may kuni Gazeta.uz nashri ham Bosh prokuraturaga tayanib e’lon qilgan edi.

Prokuratura ushbu murojaatni 5 may kuni ro‘yxatga olish kitobiga qayd etilgan. Tekshirish davomida fuqaro Z.Yuldashevning tanasida tan-jarohatlari bor-yo‘qligiga aniqlik kiritish maqsadida sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi Farg‘ona filialiga sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan. Shuningdek, IIB xodimlarining xatti-harakatlari bo‘yicha xizmat tekshiruvi tayinlash haqida Farg‘ona viloyat IIBga taqdimnoma kiritilgan”¸ deyiladi Gazeta.uz maqolasida.

Farg‘ona viloyat prokuraturasi mulozimining Ozodlikka aytishicha¸ qiynoq iddaosi borasidagi tekshiruvni Farg‘ona viloyati Sud-tibbiy ekspertizasi byurosi boshlig‘ining o‘rinbosari Boqijon Siddiqov o‘tkazgan.

Prokuratura so‘rovi bilan o‘tkazilgan xizmat tekshiruviga sabab bo‘lgan «murojaat» tegishli tartibda «Jinoyatlar haqidagi ariza va xabarlarni ro‘yxatga olish Shakl 2 (Forma 2-tahr.) kitobi»da qayd qilingan.

Shakl 2 kitobidagi chalkash xabar qanday paydo bo‘ldi?

Ozodlik prokuraturaga shikoyat qilgan Dildora Yo‘ldoshevaga juda yaqin manba bilan gaplashdi.

Farg‘ona viloyat IIB tazyiqidan qo‘rqib ismini aytishni istamagan suhbatdoshga ko‘ra¸ 4 may kuni mahbus Mirzohid Yo‘ldoshev IIB tergovxonasidan tuman shifoxonasiga olib kelingan.

Mahbusni avvaliga IIB binosida doktor Ulug‘bek Ortiqov ko‘zdan kechirgan.

Manbaning aytishicha¸ Dildora Yo‘ldosheva akasini ko‘rish uchun kasalxonaga kelgan. Yo‘ldoshevani ichkariga kiritishmagan va kimdir unga “akang o‘ldi” deya aytgan. Shundan keyin shok holatida bo‘lgan Dildora Yo‘ldosheva prokuratura ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qilib¸ “akamni qiynab o‘ldirishdi” deb shikoyat arizasi bergan.

Bu chalkash xabar prokuraturada rasmiylashtirilib¸ Quvasoy IIB Shakl 2 kitobida ham qayd qilingan.

Bu kitobdagi yozuvni ko‘rgan Quvasoy IIB xodimi 6 may kuni bu haqda Ozodlikka xabar berdi.

Mirzohid Yo‘ldoshev haqidagi dastlabki xabarni Ozodlik 11 may kuni viloyat IIB sidagi mulozimga tayanib yozgan edi.

Bu mulozim «Quvasoy IIbdagi Shakl 2 kitobida Yo‘ldoshevning kaltaklanganligi va o‘lganligi” hakida xabarnoma yozilgani va bu xabarni Yo‘ldoshevning singlisi Dildora Yo‘ldosheva ma’lum qilgani, 5 may kuni Shakl 2 kitobiga voqea yuzasidan Quvasoy shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilayotganligi haqida yozilganligini iddao qilgan edi.

Ozodlik muxbiri bu iddaolar borasidagi savollar bilan o‘sha kuniyoq Quvasoy IIB boshlig‘i Elyor G‘aniyevga qo‘ng‘iroq qilgan edi.

Avvaliga suhbatdosh keyinroq qo‘ng‘iroq qilishni aytgan¸ keyingi qo‘ng‘iroqlarga javob bergan ayni ovoz sohibi G‘aniyevning majlisga kirib ketganini aytib¸ savollarga javob berishni istamagan edi.

Mahbus o‘lmagan

Matbuotga gapirish vakolati yo‘qligi bois shaxsini sir qolishini istagan mulozim Mirzohid Yo‘ldoshevning olgan jarohatlardan o‘lganini ham iddao qilgan edi.

Bu iddaoni 12 may kuni rad etgan Bosh prokuratura matbuot xizmati Yo‘ldoshevning Quvasoy shahar tibbiyot birlashmasi huzuridagi tez yordam bo‘limida davolanayotganini bildirgan edi.

Quvasoy shahar IIB ning voqeadan xabardor zobiti ishdan haydalishidan qo‘rqqani uchun ismini aytmay Ozodlikka ma’lumot berarkan, 11 may kuni bunday degan edi:

"IIB Jinoyat qidiruv bo‘limi xodimlari uni bir kun qamoqda ushlab qiynashdi. Oyoqlariga va qorniga tepishdi¸ So‘ng IIB xodimlari Yo‘ldoshevni ko‘tarib¸ sement polga tashlashdi. Ertasi¸5 may kuni IIB xodimlari mayib bo‘lgan Yo‘ldoshevni uyiga olib borib tashlab kelishdi.

Quvasoy IIB Jinoyat qidiruv bo‘limi boshlig‘i Akmal Qo‘chqorov va IIB boshlig‘i Elyor G‘aniyev doktorlarga bosim qilib¸ tashxisni yirtib tashlashni so‘rashdi. Doktorlarning IIBga kirgani videokamerada aks etgan. Shu bois ular Yo‘ldoshevning “ko‘ngli behuzur bo‘lib¸ tobi qochgan” deya yozib berishdi. Bu IIB dagi mavjud qoidalarga zid».

Ozodlik maqolasidan so‘ng Farg‘ona viloyati hokimligi Axborot xizmati tayyorlargan lavhada viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Doniyor Toshxo‘jayev qiynoqlar borasidagi iddaolarni rad etdi va Yo‘ldoshev o‘zidagi eski bosh og‘riq kasali bilan 5 may kuni kasalxonaga olib ketilganini aytdi.

Toshxo‘jayevga ko‘ra, Yo‘ldoshev barcha Jinoyat-protsessual qoidalarga muvofiq tarzda guvoh sifatida so‘roq qilingan va bu jarayon videokameraga yozib olingan.

Lavhada Mirzohid Yo‘ldoshevning aynan o‘zi deb taqdim etilgan yigit «hamma joyi soppa-cog‘ligini va o‘zini hech kim urmaganini» aytgan edi.

Ochiq qolgan savollar

Farg‘ona viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Doniyor Toshxo‘jayev «tergov qoidaga binoan o‘tkazildi» deya matbuotga aytganidan keyin nega ayni tergovni o‘tkazgan Quvasoy shahar IIB 3- son Ichki ishlar bo‘limining Jinoyat qidiruv guruhi tezkor vakili¸ mayor Ergashev Furqat Umaraliyevich ishdan bo‘shatildi?

Nega Quvasoy shahar IIB boshlig‘i Elyor G‘aniyevga ogohlantiruv berildi va yana uch xodim jazolandi?

Hozirgacha biror rasmiy idora Mirzohid Yo‘ldoshevga nisbatan barcha harakatlar qonuniy bo‘lgan bo‘lsa¸ uning singlisi nima uchun Bosh prokuratura ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qilib qiynoq va o‘lim borasida iddao qilganini izohlamadi?

Maqola yozilayotgan paytda Quvasoy IIBdagi Shakl 2 kitobining Quvasoy prokuraturasiga olib ketilgani haqida prokuratura xodimlari Ozodlikka ma’lumot berdi.

Qiynoqqa solingani aytilgan mahbus Mirzoxid Yo‘ldoshevning o‘zi va otasi “IIB ga da’vo arizam yo‘q” deb yozib berilgani ortidan tergovgacha surishtiruv to‘xtatilgan.

Yo‘ldoshev tanasidagi jarohat izlari esa 4 may kuni otasi kaltaklagani oqibatida paydo bo‘lgan¸ deya malakalangan.

Mirzohid Yo‘ldoshevning “o‘limi” haqida prokuraturaga “xabar “ bergan singil Dildora Yo‘ldoshevaning ba’zi maishiy muammolari shahar hokimligi tarafidan hal qilib berilib¸ uning “jimligi” ta’minlangan.

Qiynoqlarga qarshi kurash

Quvasoydagi mahbus qiynoqqa solingani haqidagi maqola e‘lon qilinganidan bir oy o‘tib Andijon shahar IIBsining 4-bo‘limidan qiynoq belgilari bilan koma holatida kasalxonaga yotqizilgan 32 yoshli Alijon Abdukarimov ​11 iyun kuni o‘ldi.

Bu yuzadan bayonot bergan Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati qiynoqqa solingan shaxs o‘lgani ortidan 3 xodim qamoqqa olinib¸ 5 kishi ishdan bo‘shatilgani haqida ma’lumot tarqatdi.

Мирзиëев терговда қийноқ ва руҳий тазйиқни тақиқлади
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:10 0:00

Prezident Shavkat Mirziyoyev iqtidorga kelganidan ko‘p o‘tmay mamlakat xavfsizlik xizmatlari¸ xususan ichki ishlar xodimlari tomonidan mahbuslarga nisbatan qiynoqlar qo‘llash holatlari ko‘pligini tan olgan edi.

XS
SM
MD
LG