Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 23:02

9 yashar qizaloqni chavaqlab o‘ldirgan qotilning ushlanmagani asakaliklarni qo‘rqitmoqda


21 iyun kuni o‘z uyida yolg‘iz qolgan paytda chavaqlab o‘ldirilgan 9 yashar qizaloq fojiasi Asakada pichoq vositasida sodir etilgan birinchi dahshatli qotillik emas. Bundan olti oy oldin ayni mahallada ona va qizi chavaqlab o‘ldirilgan edi.
21 iyun kuni o‘z uyida yolg‘iz qolgan paytda chavaqlab o‘ldirilgan 9 yashar qizaloq fojiasi Asakada pichoq vositasida sodir etilgan birinchi dahshatli qotillik emas. Bundan olti oy oldin ayni mahallada ona va qizi chavaqlab o‘ldirilgan edi.

21 iyun kuni Andijon viloyati Asaka tumani Kujgan MFY Mo‘day mahallasida kunduz payti sodir bo‘lgan dahshatli qotillik ortidan¸ Ozodlik gaplashgan asakaliklar ta’kidicha¸ tumanda sezilarli qo‘rquv hukm surmoqda.

Bu qotillikni qilgan jinoyatchining hozircha ochiqda qolayotgani ortidan¸ hokimlik¸ IIB va prokuratura rahbarlarining ota-onalardan o‘z farzandini mutlaq yolg‘iz qoldirmaslikni talab qilayotgani¸ mahalla faollari va o‘qituvchilar bunday talabni har bir ota-onaga yetkazishga mas’ul qilingani aytilmoqda.

Uyida yolg‘iz qolgan 9 yashar qizaloq¸ Bosh prokuraturaning bildirishicha¸ 21 iyun kuni kechki soat 6 da qonga belangan holatda topilgan; “qizning ko‘krak va qorniga kesuvchi-sanchuvchi jismlar orqali 16 ta tan jarohati yetkazilgan”.

Fojia tafsilotlariga yaqin mahalla faollari va IIB mulozimlarining Ozodlikka 24 iyun kuni bildirishicha¸ o‘tkazilgan sud-tibbiy ekspertiza qizaloqning zo‘rlanganini ham ko‘rsatgan.

Qotilning hozircha ushlanmaganini tasdiqlagan Asaka IIB va prokuraturasi xodimlari¸ qizaloqning zo‘rlangani va qotillikda gumonlanayotgan shaxslar haqidagi savollarga “tergov siri” degan asosda javob berishni istamadi.

Qotillik tafsilotlari

Andijon viloyati Asaka tumani Mo‘day mahallasida bo‘lgan dahshatli qotillik tafsilotlarini o‘rganish davomida Ozodlik ushbu mahalla faollari¸ tuman va viloyat IIB hamda prokuratura xodimlari bilan gaplashdi.

Bu qotillikdan ko‘pchilik hamon o‘ziga kela olmayotganini aytgan fojia sodir bo‘lgan oila qo‘shnilaridan biri¸ voqeaning ayrim tafsilotlariga oydinlik kiritdi.

Voqea 21 iyun kuni 4 bilan 6 lar orasida bo‘lgan. Qizning otasi ishda bo‘lgan¸ 2008 yili tug‘ilgan akasi qo‘y haydab dalaga chiqib ketgan. Ayasi qo‘shninikiga chiqib¸ 1¸5 soatcha uyiga kirmagan¸ qayerdan bilsin bunaqa bo‘lishini. Qizcha uyda yolg‘iz qolgan. O‘sha kuni uchta uycha narida ta’ziya ham bo‘ldi. Qotillik shu orada bo‘lgan”.

Farzandi o‘z uyida o‘ldirib ketilgan oilani taniganlar qizning avvalroq IIBda ishlagan otasi hozirda Milliy gvardiya xodimi ekani¸ 40 yashar ota va 32 yashar onaning qotillik ortidan “nihoyatda kuchli shok holati”da ekani¸ deyarli hech kim bilan gaplashmayotganini bildirdi.

Ozodlik bilan shaxsi sir qolishini so‘rab gaplashgan tergovga yaqin mulozim qotillik tafsilotlari muhokama qilingan audioyozuvni taqdim qildi. Unda jinoyatchini qidirishga mas’ul mulozimning sud-tibbiy ekspertiza xulosasi 9 yashar qizaloqning 17 joyiga pichoq sanchib o‘ldirilishdan oldin¸ zo‘rlanganini ko‘rsatganini aytadi.

(Audioni taqdim qilgan mulozim so‘roviga muvofiq¸ bu audioyozuv e’lon qilinmayotir – tahr.)

Bu fakt. Ammo buni¸ albatta¸ ochiqlashmaydi hozircha”¸ dedi tergovga yaqin mulozim.

Ozodlik bog‘langan Asaka tuman IIB va prokuratura rasmiylari bu ma’lumotni na tasdiqladi va na inkor qildi.

“Bu ishni viloyat prokuraturasining o‘ta og‘ir jinoyatlar bo‘yicha tergovchilari o‘rganyapti. Sizga qizning zo‘rlangan-zo‘rlanmagani¸ nechta odam¸ kimlarning gumonlanayotgani haqida ma’lumot bera olmayman. Birinchidan¸ bu tergov siri¸ ikkinchidan¸ ish bizda emas”¸ dedi Asaka tuman prokuraturasining Ozodlik bog‘langan rasmiysi.

Qotillik versiyalari

21 iyun kungi qotillik haqida Bosh prokuratura bergan qisqa ma’lumotda¸ “hodisa joyini ko‘zdan kechirish jarayonida murda yotgan xonada buyumlarning joylashish tartibi buzilganligi, kiyinish stoli (tryumo) tortmasida bo‘lgan 1,5 mln. so‘m pul yo‘qolganligi aniqlangan”¸ deyilgan.

Bundan esa¸ jinoyatning dastlabki versiyasi sifatida o‘g‘rilik ko‘rilayotgani anglashiladi.

Ozodlik gaplashgan mo‘dayliklar¸ bu versiyaga ishonmasliklari¸ qizaloqning “oldindan puxta tayyorlangan qotillik qurboni” bo‘lgani ehtimoli kuchliligini bildirdi.

Go‘yo kimdir o‘g‘rilikka tushganu¸ qizcha o‘g‘rini ko‘rib qolganidan keyin¸ uni o‘ldirgan¸ degan gapga birov ishonmayapti. O‘g‘ri o‘zini tasodifan ko‘rib qolgan bolani bu qadar vahshiylarcha¸ bo‘lib ham¸ 16-17 joyiga pichoq urib o‘ldirmaydida! Qizning otasi oldin melisada ishlagan¸ dushmanlari bo‘lganda. Kim qilgan bo‘lsayam¸ uyni yaxshilab poylagan¸ kimlar yashashini oldindan yaxshi bilgan. Ayasi chiqib ketgandan keyin kirgan. Chalg‘itish uchun tortmadagi pulniyam olgandir¸ lekin kim qilgan bo‘lsayam¸ qasddan o‘ldirishga kirgan¸ deb ishonyapmiz”¸ deydi qo‘shnilardan biri.

Kujgan MFY faollaridan biri ham Ozodlik bilan suhbatda shu versiyaga ishonch kuchliligini ayta turib¸ o‘z hududining nihoyatda og‘ir joyligini ta’kidladi.

Kujganda oltita katta ko‘cha bor¸ qariyb 11 ming odam yashaydi. 1700 ta hovli¸ 3200 oila qaraydi bizga. Shuncha katta joyga uchastkovoyni qo‘shganda¸ 5 ta odam qaraydi. Mahallamiz og‘ir joy¸ o‘g‘rimiz ham¸ qotilimiz ham¸ o‘z joniga qasd qilayotganlarimiz ham yetarli. Shu voqea bo‘lgandan beri kechayu kunduz hamma ishlayapti. Bolani qasddan o‘ldirgan¸ degan versiyaniyam ko‘rishyapti. Ota-onasi haligacha gaplashadigan ahvolda emas. Viloyat UVD¸ prokuraturasi¸ Milliy gvardiya¸ hamma shu yerda. Mahalla binosida yotib qolib ishlashyapti. Lekin hozircha qotil ushlanmadi. Bundan hammamiz qo‘rquvdamiz”¸ deydi Kujgan MFY faollaridan biri.

Qidiruv

Ozodlik gaplashgan mo‘dayliklarning aytishicha¸ 21 iyundan beri ichki ishlar va Milliy gvardiya xodimlari qotillik sodir bo‘lgan Mo‘day ko‘chasi va unga tutash ko‘chalardagi har bir hovliga kirib¸ “xatlov” qilmoqda.

Har bir uyda kim yashashi¸ qotillik bo‘lgan kuni va soatlarda kim¸ qayerda bo‘lgani bittama bitta so‘roq qilinib¸ yozib olinyapti. Qotilning shu hududda yashashi¸ yoki shu yerda yashaydiganlar bilan sherikchilikda bu ishni qilgani taxmin qilinyapti”¸ dedi bu xatlovga aloqador faollardan biri.

Asakadagi qotillik bo‘yicha borayotgan qidiruv jarayonidan xabardor mulozim mahalladagi kuzatuv kameralarining diqqat bilan o‘rganilayotgani bildirdi.

Qotillik bo‘lgan ko‘chaga kiraverishda kamera bo‘lgan. Shu kamerada qotillik sodir etilgan vaqtga yaqin mahallada paydo bo‘lgan notanish velosipedchi aks etgan. Tergov hozir shu odamni izlayapti. Albatta¸ mahalladagi oldin qamalganlar bittama bitta so‘roq qilinyapti. Lekin ehtimoliy qotilga oid konkret iz yo‘q¸ hozircha”.

Ozodlikda Mo‘day mahallasi kamerasiga qotillik ro‘y bergan kuni tushib qolgan shaxs surati bor¸ ammo aybsizlik prezumpsiyasi bois bu suratni e’lon qilmayotir.

“IIB o‘z ishini qilganda¸ bu qotillik oldi olingan bo‘lardi!”

Ozodlik bilan bir-biridan mustaqil gaplashgan Asaka tuman huquq tizimi mulozimlari va qotillik ro‘y bergan oila mahalladoshlari bu xonadonda oldin ham o‘g‘rilik bo‘lgani¸ ammo IIB bu borada biror ish qilmaganini bildirdi.

Oldin xam o‘g‘rilik bo‘lgan¸ uyidan bir necha ming dollar pulini opchiqib ketishgan. Uy egasi ariza qilganda¸ JTSB xodimi¸ “ topiladi uka¸ ariza qilmay qo‘yaqol¸ o‘zing melisadan chiqqan bola ekansanku”¸ deb chiqarib yuborgan. Agar boshliqlar jinoyatchilikni kamaytirish uchun o‘g‘rilik va boshqa mayda deb ko‘riladigan jinoyatlarni ro‘yxatga olishni taqiqlamaganda¸ balki bunaqa dahshat bo‘lmasmidi! Agar o‘g‘rilik versiyasi rost bo‘lsa¸ qotillikniyam bu uyni bilgan ayni odam qilgan bo‘lishi mumkin. Mayda jinoyatchilikni yashirgan sayin¸ kattalari ko‘payib¸ og‘irlashib boryapti”¸ dedi Ozodlik bilan shaxsi sir qolish sharti bilan gaplashgan IIB mulozimi.

Ozodlik gaplashgan mo‘dayliklarga ko‘ra¸ 9 yashar qizaloqning o‘z uyida chavaqlab ketilishi keyingi oylar ichida Kujgan MFY da sodir etilgan birinchi dahshatli jinoyat emas.

O‘tgan yilning 16 dekabr kuni 50 yashar xotini va 19 yashar qizini chavaqlab o‘ldirgan shaxs ham¸ Bosh prokuraturaning mahalliy matbuotga bildirishicha¸ ayni shu MFYda yashagan.

Agar melisa o‘zining funksional vazifasini bajarganda edi¸ bu kabi og‘ir jinoyatlar oldi olingan bo‘lardi. IIV jamoat tartibini saqlash¸ jinoyatchilikning oldini olish va jinoyatchilarni ushlash bilan shug‘ullanishi kerak. Buning o‘rniga u hokimning xizmatkoriga aylantirilgan. Asakaga kelsangiz¸ IIB nachalnigini ishxonadan topolmaysiz. Qachon so‘rasangiz¸ hokim bilan bug‘doy dalasida¸ qurilish hududida¸ yana allaqaysi o‘z xizmat vakolatiga kirmaydigan ishlarda yuradi. Kujgan MFYda 10 mingdan oshiq aholi uchun bitta uchastka noziri qo‘yilgan¸ u ham o‘z ishi bilan shug‘ullana olmaydi¸ hokimlik yugurdak qilib olgan. Bitta qotillik ortida aslida sistemaning buzuqligi turibdi”¸ dedi IIV tizimi mulozimi Ozodlik bilan suhbatda.

O‘qituvchilar uyma-uy yurib¸ ota-onalarni ogohlantirishga chiqarildi

Asakadagi 9 yashar qizning qotili hozircha ochiqda qolar ekan¸ tuman hokimligi va huquq idoralari maorif tizimi xodimlarini ota-onalar bilan ishlash uchun uyma-uy yurishga chiqargan.

Ozodlikka yuborilgan audioyozuvda¸ Asaka tumanlaridan birining o‘qituvchisi Teleramdagi ota-onalar guruhiga shunday murojaat qiladi:

Bizga shunaqa topshiriq bo‘lyapti¸ har bitta gruppaga bolalariga layoqatsiz bo‘lmagan holatda ¸ qo‘ni -qo‘shninikiga bolani o‘zini tashlab chiqib ketmasdan ¸ bolani qarovsiz qoldirmaslikni tayinlab chiqing ,har biringiz har bitta ota-onaning ko‘ziga qarab¸ deyilyapti. Shu narsani ota onalarga qanday qilib bo‘lsa ham yetkazasanlar¸ota-onalar farzandiga mas’uliyatini oshirsin¸ deyishdi. Shuning uchun sizlardan ham iltimos¸ ham talab¸ avvalo o‘z farzandlaringizga e’tiborni kuchaytiringlar. Bunaqa farzand dog‘ini hech kimga ravo ko‘rmasin. O‘zingiz xulosa chiqarib¸ shunga qarab ish tutinglar. Hali bu bo‘yicha ancha katta topshiriqlar bo‘lishi kutilyapti".

XS
SM
MD
LG