Линклар

Шошилинч хабар
09 август 2020, Тошкент вақти: 07:46

Hujjatlar: Navoiy viloyatida koronavirusga chalingan va o‘lganlar soni rasmiy statistikada aks etmayapti


Ozodlik ko‘rgan hujjatlarda¸ Navoiy viloyat Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi laboratoriyasida kuniga o‘nlab odamning koronavirusga chalingani tasdiqlangani qayd etilgan.

Ozodlikka Navoiy viloyat sog‘liqni saqlash tizimida ishlovchi mulozim tomonidan taqdim etilgan hujjatlar bu hududda COVID-19 virusga chalinganlar soni rasmiy statistikadan bir necha baravar ko‘pligini ko‘rsatadi.

Xavfsizlik xavotirlari bois shaxsi sir tutilishini so‘ragan mulozim Ozodlikka yuborgan hujjatlar orasida 22 iyundan 29 iyungacha olingan test natijalari va ular haqdagi protokollar nusxasi ham bor.

Ozodlik ko‘rgan laboratoriya hujjatlarida¸ 22 va 29 iyun oralig‘ida o‘tkazilgan ikkilamchi test natijalari 60 dan oshiq odamda COVID-19 virusi aniqlanganini ko‘rsatadi. Sog‘liqni saqlash vazirligi e’lon qilgan rasmiy statistikada esa¸ 22 va 29 iyun oralig‘ida Navoiy viloyatida bor-yo‘q uchta holat qayd etilgan va virusga chalinganlar jami soni 280 dan 283 taga chiqqan.

Ozodlik o‘z surishtiruvi davomida Navoiy viloyatida nafaqat virusga chalinganlar¸balki undan o‘lganlarga oid ma’lumot ham ochiqlanmayotir, degan xulosaga keldi.

Xususan¸ 22 iyun kungi COVID-19 testi musbat chiqqani ortidan Navoiy viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan 49 yashar ayol¸Ozodlik o‘tkazgan suhbatlardan ma’lum bo‘lishicha¸ 29 iyun kuni ayni kasalxonada vafot etgan. Ammo bu o‘lim respublika bo‘yicha berib borilayotgan statistikaga kiritilmagan.

Navoiy viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi rasmiylari COVID-19 holatlari bo‘yicha statistikani Toshkentga viloyat Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi yuborishini aytib¸ haqiqiy raqamlar bekitilishiga aloqasi yo‘qligini bildirdi.

Bu markaz rahbarlari esa 30 iyun kuni na mobil, na ish telefonlariga qilingan qo‘ng‘iroqlarga javob berdi.

Hujjatlar nima haqda?

Ozodlikka yuborilgan 16 sahifalik hujjatlarning asosiy qismi Navoiy viloyat Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi laborotoriyasida COVID-19 virusi bo‘yicha o‘tkazilgan testlarga oid. Rasmiy qayd daftariga test o‘tkazilganlarning qo‘lda yozilgan ro‘yxatiga ularning ismi-sharifi¸ tug‘ilgan kuni va yili¸ yashash va ishlash joyi¸ telefon raqami yozilgan.

Shaxsiy ma’lumotlarga oid qismi chop etilmayotgan bu ro‘yxatlarning so‘nggi qatoriga test natijalari yozilgan – COVID-19 virusi aniqlanmagan bo‘lsa¸ ko‘k siyohda manfiy¸ yoki aniqlanmadi deb¸ virus chiqqan bo‘lsa¸ qizil siyohda musbat¸ “COVID-19 aniqlandi” deb yozilgan.

Bu hujjatlarni shaxsi sir qolish sharti bilan Ozodlikka yuborgan mahalliy mulozim¸ ularni Navoiy viloyati misolida O‘zbekistonda koronavirus bo‘yicha jamoatchilikka berib borilayotgan rasmiy raqamlarning asl vaziyatga mos emasligini ko‘rsatuvchi dalil sifatida taqdim qildi.

Navoiy viloyatida ahvol juda yomon. Har kuni 50-60 va undan ham ziyod kasallik chiqyapti¸ ammo buni yashirishmoqda. Viloyatimiz siyosati¸ deyishyapti bizga”¸deyiladi hujjatlarga ilova qilingan qisqa matnda.

Hujjatlar nimani ko‘rsatadi?

Ozodlikka taqdim etilgan hujjatlarda 22 iyundan 29 iyungacha bo‘lgan oraliqda Navoiy viloyatida COVID-19 virusi aniqlanganlarning ro‘yxati aks etgan.

22 iyun kuni xonadonlardan olingan test natijalari ikki kundan keyin chiqqan va rasmiylashtirilgan.
22 iyun kuni xonadonlardan olingan test natijalari ikki kundan keyin chiqqan va rasmiylashtirilgan.

Ozodlik bu ro‘yxatning haqiqiyligini o‘rganish maqsadida unda keltirilgan o‘nlab raqamga telefon qildi.

Mobil telefonlariga javob berganlarning barchasi COVID-19 virusi aniqlangani ortidan hozirda o‘zlarining Navoiy viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasi¸ Zarafshon kasalxonasi¸ viloyat onkologik dispanseri va bolalar kasalxonasida davolanayotganini bildirdi.

Bu suhbatlardan ularning viloyat Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazida koronavirusga test topshirgan va test natijasi chiqqan kunlarining Ozodlikka yuborilgan ro‘yxatdagi bilan bir xil ekani ham tasdiqlandi.

Ozodlikka yuborilgan hujjatlar orasida COVID-19 virusi bo‘yicha o‘tkazilgan test natijalari yozilgan raqamli protokollar nusxasi ham bor.

Xususan¸ 29 iyun kungi 239-sonli protokolga ko‘ra¸ o‘sha kuni Navoiy viloyatida o‘tkazilgan COVID-19 testlaridan 54 tasi¸ 26 iyun kungi 21-protokolga ko‘ra esa¸ 87 tasi musbat chiqqan.

Navoiy viloyatida aniqlangan bu holatlarning aksariyati Sog‘liqni saqlash vazirligi berayotgan kunlik statistikada yo‘q!

Ozodlikka taqdim etilgan hujjatlar orasida COVID-19 virusi bo‘yicha Navoiy viloyat Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi laboratoriyasida 22 iyun kuni xonadonlardan olingan test natijalari ham bor. Hujjatlardan¸barcha test natijalarining oradan ikki kun o‘tib rasmiylashtirilgani ko‘riladi.

24 iyun kuni javobi rasman hujjatlashtirilgan 22 iyun kungi test natijalariga ko‘ra¸ aholi orasida test olinganlardan 7 kishida virus aniqlangan.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi 24 iyun soat 23:30 holatiga ko‘ra bergan rasmiy ma’lumotda¸ o‘sha kuni Navoiy viloyatida koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, karantinga olingan fuqarolardan 5 nafarida virus aniqlangani aytilgan.

Ozodlikka yuborilgan hujjatlarga ko‘ra¸ 24 iyun kuni Navoiy issiqlik elektr stansiyasi xodimlaridan 14 nafarida test o‘tkazilgan va ularning 12 tasida virus borligi aniqlangan. 30 kuni Ozodlik o‘tkazgan surishtiruv davomida hozirda ularning hammasi kasalxonada COVID-19 tashxisi bilan davolanayotgani aniqlandi.

Ayni 24 iyun kuni Navoiy viloyat onkologiya kasalxonasida 49 kishidan test olingan va ulardan 34 tasining javobi 26 iyun kuni rasmiylashtirilgan natijalarga ko‘ra¸ musbat chiqqan. Ular orasida keksa va yosh bemorlardan tashqari vrach¸ hamshira va laborant bor. Bu bemorlarning hammasi 30 iyun kuni onkologiya dispanserida davolanayotgan bo‘lib chiqdi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi 26 iyun 23:30 holatiga ko‘ra bergan rasmiy ma’lumotda¸ o‘sha kuni Navoiy viloyatida birorta ham koronavirus holati qayd etilmagan.

Ozodlikdagi hujjatlarga ko‘ra¸ 25 iyunda Navoiy viloyat kasalxonasi kattalar reanimatsiya bo‘limidagi bemorlardan olingan test natijalari¸ 27 iyun kuni 7 bemorda SOVID-19 aniqlanganini ko‘rsatgan. Hozirda Navoiy viloyat bolalar kasalxonasida saqlanayotganlar orasida 1 oylik chaqaloq va uning onasi ham bor. 25 iyun kuni xonadonlardan olingan test natijasiga ko‘ra¸ "ikki odamda COVID-10 aniqlandi¸ 3 tasi qayta testga berildi".

Bu hujjatlardagi 9 ta yangi holatdan faqat uchtasi 27 iyun kuni SSV bergan rasmiy statistikaga kiritilgan¸ xolos.

29 iyun kungi rasmiy statistik raqamlar esa¸ Ozodlikdagi hujjatlar o‘nlab yangi holatlar borligini tasdiqlab turgan 22-29 iyun oralig‘ida¸ Navoiy viloyati bo‘yicha yalpi raqamning 280 dan 283 ga o‘zgargani va yangi holatlar qayd etilmaganini ko‘rsatadi.

COVID-19 dan o‘lgan bemor ham statistikaga kiritilmadi

30 iyun kuni Ozodlik o‘tkazgan suhbatlar davomida¸ 22 iyun kuni olingan test natijasi musbat chiqishi ortidan Navoiy viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan 49 yashar ayolning 29 iyun kuni kasalxonada vafot etgani ma’lum bo‘ldi.

29 iyun kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi respublika bo‘yicha koronavirus infeksiyasiga chalingan ikki bemorning vafot etganini bildirdi. Ularning jizzaxlik 70 yashar ayol va 72 yashar erkak ekani aytildi – navoiylik 49 yashar bemor tilga olinmadi.

Bu o‘lim tafsilotlaridan xabardor tibbiyot xodimiga ko‘ra¸ ayolda koronavirus aniqlangunga qadar ham o‘pka xastaligi bo‘lgan. Uning turmush o‘rtog‘i va qizida ham infeksiya aniqlangani ortidan¸ hozirda Zarafshondagi kasalxonada saqlanmoqda. Marhumani Toshkentdan kelgan o‘g‘li 29 iyun kuni dafn qilgan.

Navoiyda haqiqiy raqamlar nega bekitilmoqda?

Navoiyda virus yuqtirganlar haqiqiy soni bilan rasmiy statistika o‘rtasidagi farqni ko‘rsatuvchi hujjatlarga izoh berishni so‘rab 30 iyun kuni Ozodlik Navoiy viloyat Tibbiyot birlashmasi¸ Sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik agentligi rahbariyati¸ qolaversa¸ COVID-19 bo‘yicha tuzilgan viloyat shtabi va bemorlar davolanayotgan kasalxona ma’murlari bilan gaplashdi.

Bu tizimlarning oddiy xodimlari Ozodlik savolini eshitib¸ unga faqat boshliqlar javob berishi mumkinligini ta’kidladi.

Ayni paytda¸ COVID-19 vaziyatiga mas’ul viloyat rahbarlarining¸ 30 iyun kuni Toshkentdan - Sog‘liqni saqlash vazirligidan kelgan rasmiylar bilan band bo‘lgani bois¸ qo‘ng‘iroqlarga javob bera olmasligi aytildi.

Bevosita COVID-19 bemorlarini davolashga mas’ul vrachlardan biri Ozodlik bilan suhbatda¸ bunday tavofutga birlamchi va ikkilamchi testlar o‘rtasidagi farqni tilga olish bilan izoh berishga urindi.

"Birlamchi test Navoiyda SES laboratoriyasida qilinadi. Agar musbat chiqsa¸ ikkilamchi test uchun Toshkentga jo‘natiladi. Hozir Zarafshonga ko‘chma uskuna olib kelindi¸ ikkinchisi ham o‘zimizda qilinyapti. Birlamchi test musbat chiqqanlar provizorniy zonaga olinadi. Statistikaga balki¸ faqat ikkinchi marta ham musbat chiqqanlar kiritilsa kerak".

Ammo bu vrach Ozodlikka taqdim etilgan laboratoriya natijalarida qizil siyoh bilan katta qilib “COVID-19 aniqlandi” deb yozilgani¸ bemorlarning ikkinchi test ham musbat chiqqanini tasdiqlaganini eshitgach¸ bunday izohdan voz kechdi va rahbarlar bilan bog‘lanishni tavsiya qildi.

Ozodlikning laboratoriya hujjatlarini taqdim qilgan tibbiyot tizimidagi manbasi¸yuborilgan test natijalari¸ aynan ikkilamchi test ekani va hozirda ikkilamchi testning ham Navoiy viloyatida o‘tkazilayotgani va Toshkentga faqat raqamlargina yuborilayotganini ta’kidladi.

Ma’lumotni kim bekitmoqda?

Ozodlikka Navoiy viloyatidagi epidemiologik vaziyat nazoratiga daxldor boshqa mulozimdan kelgan xabarda¸ COVID-19ga chalinganlar haqidagi ma’lumotni Toshkentga yubormaslik haqida shaxsan viloyat hokimi buyruq bergani iddao qilindi.

"Hozirgi kunda viloyatning Zarafshon va Navoiy shaharlarida koronavirus avjiga chiqqan. Navoiy shahridagi "Navoiyazot" profilaktoriyasi hamda viloyat endokrinologiya shifoxonasi kasallikni qabul qiladigan joy qilib belgilangan. Iyun oyida viloyat Bandlik boshqarmasidan kasallik chiqdi¸ ishxona karantinga olinib yopildi. Viloyat Mahalla va oila boshqarmasi ham ayni vaqtda karantinda. Lekin hech kimga bildirilmayapti. Sababi¸ viloyat hokimi qattiq bosim ostida viloyat prokuroriga, Ichki ishlar boshqarmasiga, Sog‘liqni saqlash boshqarmasiga, Toshkentga bildirmaysan¸ deb tazyiq o‘tkazib¸ kasalliklar bo‘yicha ma’lumot sir saqlanyapti".

Ayni paytda bu mulozim¸ Navoiy viloyat hokimi Qobul Tursunovning shaxsan o‘zi karantin qoidalariga amal qilmayotganini ta’kidlab¸ hokimning uchrashuvlardagi ayrim suratlarini taqdim qildi.

Navoiy viloyati hokimi Qobul Tursunov joylardagi uchrashuvlarni maskasiz o‘tkazmoqda
Navoiy viloyati hokimi Qobul Tursunov joylardagi uchrashuvlarni maskasiz o‘tkazmoqda

Ozodlik Navoiy viloyat hokimidan viloyatdagi koronavirusga oid asl vaziyatni bekitish haqida buyruq bergani haqidagi iddaolarga javob ola olmadi.

XS
SM
MD
LG