Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:59

OzodDayjest: Yamanda himoyasiz qolgan 150 o‘zbek shifokoridan 6 nafari halok bo‘ldi


Yamanda bombardimon oqibatida vayron bo‘lgan uylardan biri.
Yamanda bombardimon oqibatida vayron bo‘lgan uylardan biri.

Huquqshunos prezident belgilagan vazifa 20 oydan buyon bajarilmayotganini tanqid qildi. Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov Bo‘stonliqdagi “snos”lar sababini ochiqladi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

Huquqshunos prezident belgilagan vazifa 20 oydan buyon bajarilmayotganini tanqid qildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev odil sudlovni ta’minlash va korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi vazifalarga bag‘ishlangan katta selektorda advokatura tizimidagi nuqsonlarga ham to‘xtaldi (“Milliy tiklanish” gazetasi, 2020 yil 8 iyul).

Prezidentga ko‘ra, Toshkent shahrida davlat tomonidan advokatlarga o‘tgan yili 7 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ ajratilgan bo‘lsa, ushbu mablag‘ning teng yarmi 20 ta advokatlik firmasiga berilgan (jami 746 ta shunday firma mavjud).

“Davlat rahbari tilga olgan ushbu masala – advokaturaning juda ham og‘riqli joylaridan biri. Xalq tilida “cho‘ntak” yoki “dejurniy” deyiladigan bunday advokatlar haqiqatan odil sudlovda tomonlar tengligiga bolta uradigan illatdir”, - deb yozadi huquqshunos va bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev.

Qayd etilishicha, 2018 yil 12 mayda qabul qilingan prezident qaroriga ko‘ra gumonlanuvchi, ayblanuvchi va sudlanuvchiga davlat hisobidan huquqiy yordam ko‘rsatuvchi advokatni avtomatik ravishda tanlash bo‘yicha maxsus elektron tizimni joriy etish vazifasi belgilangan.

Advokatlar palatasi va Adliya vazirligiga mazkur talabni 2018 yil 1 dekabrga qadar bajarish yuklangan. Lekin oradan 1 yarim yildan ko‘proq vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, prezident qarorida belgilangan ushbu vazifa bajarilmadi.

“Nima uchun rasmiy normativ-huquqiy hujjat bo‘lgan prezident qaroridagi band ijrosi salkam 2 yil paysalga solingan? Biror qarordagi vazifa bajarilishi uchun albatta prezident uni majlisda og‘zaki aytib, shaxsan topshiriq berishi shartmi?” - deya mutasaddilarni savolga tutadi huquqshunos Xushnudbek.

Yamanda qolgan o‘zbekistonlik shifokorlarning 6 nafari hayotdan ko‘z yumdi

Yaman davlatida 150 ga yaqin o‘zbekistonlik shifokor pandemiya sababli butunlay himoyasiz, nochor ahvolda qolmoqda, deb yozadi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Qodir Jo‘rayev Platforma.uz kanalida chop etilgan maqolasida.

Ma’lumotlarga qaraganda, ularning 6 nafari, shu jumladan, Andijon viloyati sobiq bosh ginekologi, 62 yoshli professional shifokor Zamira Abdullayeva hayotdan bevaqt ko‘z yumgan.

Deputatga ko‘ra, O‘zbekiston hukumati pandemiya krizisi davrida xorijiy mamlakatlardagi fuqarolar va yuridik shaxslarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha kompleks ishlar amalga oshirmoqda. Jumladan, karantin joriy etilgan vaqtdan beri 100 mingdan ziyod fuqarolarni vatanga qaytarishga erishildi.

Chet ellarda qolib ketgan vatandoshlarni O‘zbekistonga qaytarish davom ettirilmoqda. Q.Jo‘rayev Yaman klinikalarida ishlash uchun borgan o‘zbek shifokorlarini ham qaytarish lozimligini ta’kidlagan.

Ma’lum bo‘lishicha, Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari tomonidan shifokorlarni qaytarishda yordam berish masalasida hukumatga so‘rov yuborilgan.

Bosh vazir o‘rinbosari: Korrupsiya va mahalliy organlar e’tiborsizligi “snos”larga sabab bo‘lmoqda

O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi “snos”lar sababini ochiqladi (www.kun.uz, 5 iyul).

“Korrupsiya, mahalliy organlarning ham e’tibor qaratmagani, hamma-hammasi bugungi “snos”larga sabab bo‘lmoqda. Sababi, qurilish qilish uchun yer ajratish taqchil bo‘lgan, sun’iy taqchillik hosil qilingan. Turizm uchun foydali joylar tadbirkorlarga taklif etilmagan. Shundan keyin odamlar har xil qing‘ir-qiyshiq yo‘llar bilan, korrupsiya va boshqa yo‘llar bilan mana shunday joylarni egallashib, noqonuniy qurilishlar qilishgan. Endi bu narsalarni biz joy-joyiga keltirishimiz kerak” , - degan A.Abduhakimov.

Bosh vazir o‘rinbosari bu borada mahalliy hokimlikning ham aybi borligini qayd etgan.

“To‘g‘ri, bu mojarolarning yuzaga kelishi mahalliy hokimlikning ham kamchiligi, aybi deb hisoblaymiz. Qurilish qilib bo‘lmaydigan joylar belgilab qo‘yilmagan. Yerlar shu paytgacha ochiq-oydin auksionga qo‘yilmagan. Natijada bugungidek muammolar kelib chiqmoqda” , - degan u.

Bosh vazir o‘rinbosariga ko‘ra, belgilanmagan joylarda uylar qurilaversa, “O‘zbekiston Shveysariyasi” degan joydan asar ham qolmaydi.

XS
SM
MD
LG