Линклар

Шошилинч хабар
09 август 2020, Тошкент вақти: 22:06

“O‘rtasaroy” karantin majmuasidagi to‘polondan keyin mingdan oshiq odam tibbiy hujjatsiz chiqarib yuborildi (VIDEO)


"O‘rtasaroy" karantin majmuasi O‘zbekistondagi eng yirik shunday zona va unda bir paytning o‘zida 20 mingdan oshiq odam saqlanishi mumkin.

8-9 iyul kunlari O‘zbekistondagi eng yirik “O‘rtasaroy” karantin majmuasida to‘polon chiqqani ortidan¸ 9 iyul kechqurun mingdan oshiq odam mazkur zonadan chiqarib yuborildi.

Bu haqda Ozodlikka mazkur zonadan chiqarilgan bir necha shaxs bir-biridan mustaqil holda xabar qildi.

Chiqarilganlarning hammasi Toshkent vokzaliga keltirib tashlangan¸ viloyatliklar kecha tunni vokzalda¸ chemodan ustida o‘tkazgan. 10 iyul ertalab ular maxsus tashkil etilgan charter poyezdlarida uylariga yuborilgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi minglab odamning bu zonada¸ ayrim hollarda¸ bir oylab ushlab turilishini¸ koronavirus yuqqan-yuqmaganiga aniq ishonch hosil qilish maqsadi bilan izohlagan.

Ammo zonadan kutilmaganda ommaviy ravishda chiqarib yuborilganlar¸ o‘zlariga virus bor-yo‘qligi haqida biror tibbiy spravka berilmaganini bildirdi.

Ozodlik gaplashgan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi mutaxassisi¸ bu jarayonning karantindan chiqarish protokoliga zid ekanini ta’kidladi va buni O‘zbekistondagi COVID-19 epidemiyasi ustidan nazoratning izdan chiqqani belgisi sifatida izohladi.

To‘polondan keyingi ommaviy “haydalish”?

8-9 iyul kunlari “O‘rtasaroy” karantin majmuasida saqlanganlar o‘zlarining hech bir izoh va aniq ma’lumotsiz 18 hatto 30 kundan ko‘proq ushlab turilganiga norozilik bildirdi.

Temir qutilar shaharchasi bo‘lgan bu majmuada saqlanganlar temir darvozalarni tepib¸ konteynerlar tepasiga chiqib¸ mas’ullardan o‘zlarining chiqarib yuborilishini talab qildi.

9 iyul kuni bu to‘polon aks etgan videolar ijtimoiy tarmoqda tarqalishi ortidan Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Ulug‘bek Sobirov “O‘rtasaroy” majmuasiga keldi.

Ozodlikka mazkur zonadan xabar yuborganlarning aytishicha¸ 9 iyul kechki soat 6 dan bu yerda ushlab turilgan minglab odamni ommaviy ravishda chiqarib yuborish boshlangan va jarayon yarim tunga qadar davom etgan.

15-blokda saqlanganlardan biri¸ shaxsan o‘zi 55 o‘rinlik 7 ta avtobus kelgani va odamlarni karantin hududidan olib chiqqaniga guvoh bo‘lganini aytadi.

Ozodlikka 23-blokdan yuborilgan qisqa videoda tungi soatlarda avtobusga chiqarilayotgan karantindagilar aks etgan.

Ўртасарой зонасидаги тўполондан сўнг 1000дан зиёд киши карантиндан чиқарилди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:13 0:00

Ko‘rib turganingizdek¸ odamlarni hech bir tibbiy spravkasiz¸ ma’lumotnomasiz chiqarib yuborishmoqda. Shunchaki¸ joyni bo‘shatishmoqda”¸ deyiladi bu qisqa videoga berilgan izohda.

Ayni blokdan ozod qilinganlardan birining 10 iyul kuni Ozodlikka aytishicha¸ “O‘rtasaroy”dagilar chiqqan o‘nlab avtobus to‘g‘ri Toshkent vokzaliga kelgan. Toshkentliklar bu yerdan o‘z uyiga ketgan bo‘lsa¸ viloyatliklar tunni vokzalda o‘tkazgan.

Kechani chemodan ustida o‘tkazdik. Ertalabki soat 7 da vodiyga bitta¸ vohaga bitta charter poyezd qo‘yildi. Hozir manzilimizga keldik. Bilet uchun pul olishmadi¸ hammani bepul opketishdi”¸ dedi karantindan ommaviy tarzda chiqarilgan vodiyliklardan biri mahalliy vaqt bilan soat 15 lar atrofida.

Karantindan chiqarish qoidalariga amal qilindimi?

20 mingdan oshiq odamga mo‘ljallangan “O‘rtasaroy” karantin majmuasidan 9 iyul kuni minglab odam¸ ularning Ozodlikka ta’kidlashicha¸ COVID-19 virusi yo‘qligini tasdiqlovchi tibbiy ma’lumotnomasiz chiqarib yuborilgan.

Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi rasmiylaridan izoh olishning hozircha imkoni bo‘lmadi - mas’ullar telefon raqamlariga 10 iyul kuni ham hech kim javob bermadi.

Ozodlik bilan shaxsi ochiqlanmasligini so‘rab gaplashgan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi mutaxassisi¸ 9 iyul kungi ommaviy chiqarilishni karantin bilan bog‘liq tibbiy protokolga zid¸ deb atadi.

Karantin hududiga olinganlar 2 marta analiz topshiradi. Birinchisi karantinga joylashganining ertasi kuni¸ ikkinchisi 12-kuni analiz olinadi. Agar sog‘lom bo‘lsa 14-kuni chiqariladi. Agar sherigida¸ ya’ni xonadoshida kasallik aniqlansa¸ o‘sha kundan boshlab yana 14 kunga nazoratga olinadi. Hozirgi tartib bo‘yicha 10 kunga o‘zgartirildi. Karantinda kamida 14 kun saqlanganlar¸ laboratoriya pechati qo‘yilgan napravleniye bilan chiqarilishi kerak. Bunday hujjat uchun esa¸ olingan so‘nggi analiz negativ bo‘lishi¸ ya’ni virus yo‘qligi tasdiqlanishi kerak. Orasida koronavirusga chalinganlar yurgan minglab odamni ommaviy ravishda karantindan chiqarish¸ vaziyat ustidan nazorat izdan chiqqanini ko‘rsatadi”.

“O‘rtasaroy” karantin majmuasidagi vaziyatdan bevosita xabardor bu mutaxassis¸ vaziyat izdan chiqishi sabablarini quyidagicha izohladi.

Dunyo bo‘yicha tibbiyot xodimlarining COVID-19 ga bevosita aloqador muassasalarda ishlash limiti 14 kun deb qabul qilingan. Har bir xodim 14 ishlab keyin dam olishi kerak. Bizdagilar esa surunkali ishlashmoqda. Shtabdagilarning deyarli hammasi jismonan va ruhan charchagan. Shuning uchun kasallar va ular bilan yashaganlar ustidan nazorat yo‘qolgan. Ba’zi bir xodimlar 3 oydan beri karantin hududida, bu albatta ish jarayoniga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi”.

“O‘rtasaroy” karantin zonasidagilar nega ommaviy ravishda chiqarib yuborildi?

Ozodlik bu savolga Sog‘liqni saqlash vazirligidan rasmiy javob ola olmadi. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi mutaxassisi esa bu savol javobini O‘zbekiston hukumatining Rossiya va Qozog‘istondan qaytayotgan minglab mehnat muhojirlari uchun joy hozirlash zarurati bilan izohladi.

Karantindan birvarakayiga buncha odam kelayotgan katta to‘lqinga joy bo‘shatish uchun chiqarildi. Chegaradan kirganlarni joylashtirish uchun. Xavotirli jihati¸ buncha katta sondagi konteynerlarning qisqa muddat ichida risoladagiday dezinfeksiya qilinishi savol ostida. Dezinfeksiya qilinmasa¸ soppa-sog‘ odam u yerga tushib o‘ziga kasallik yuqtirib olishi mumkin. Odamlarning bunday zonalardan qo‘rqib qolgani sababi shu”.

O‘zi qariyb 20 kunlik karantindan chiqarilgan Ozodlik suhbatdoshlaridan biri ham¸ “O‘rtasaroy” majmuasi mas’ullari o‘zlarining ommaviy chiqarilishiga oid ochiq va aniq bayonot bermasada¸ ular gapidan bu ishning Rossiyadan qaytayotganlar uchun joy bo‘shatish maqsadida qilingani anglashilganini aytadi.

Tepadan shunday buyruq berildi¸ deyishdi. Chegaradan bir necha ming odamni kiritishibdi¸ shularni opkelishar ekan bu yerga”.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi tarqatgan xabarga ko‘ra¸ 8-9 iyul kunlari qozoq-o‘zbek chegarasidagi “Jibek jo‘li” – “G‘ishtko‘prik” nazorat-o‘tkazish punktidan 3746 nafar o‘zbekistonlik yurtiga o‘tkazilgan. Rasmiy bayonotda ularning hammasi 14 kunlik karantinga olinishi alohida ta’kidlangan.

XS
SM
MD
LG