Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 07:52

9 yoshli qizni o‘ldirganlikda gumonlanib qamoqqa olingan yosh ayol onasi uning qiynoqlar ostida “iqror” bo‘lganini aytmoqda


Asakadagi qotillikni sodir etganlikda gumonlanayotgan 23 yashar ayol 3 oylik chaqalog‘i bilan birga Toshturmada saqlanmoqda.
Asakadagi qotillikni sodir etganlikda gumonlanayotgan 23 yashar ayol 3 oylik chaqalog‘i bilan birga Toshturmada saqlanmoqda.

1 iyul kuni qo‘shnisining 9 yashar qizini pichoqlab o‘ldirganlikda gumonlanib¸ qamoqqa olingan 23 yashar asakalik ayol yaqinlari uning qiynoqlar¸ jinsiy tajovuz va psixotrop dori vositasida qilmagan qotillikka iqror bo‘lganini iddao qilmoqda.

Qamalgan ayol yaqinlari o‘tkazilgan sud-tibbiy ekspertiza xulosasi qizchaning o‘limidan oldin jinsiy zo‘rlangani va uning tanasidan sperma qoldiqlari topilgani qotillikni ayol kishi sodir etmagani dalili ekanini ta’kidlamoqda.

Ozodlikka taqdim etilgan rasmiy tibbiy ekspertiza xulosasida¸ darhaqiqat¸ jasaddan spermatozoid topilgani yozilgan.

Andijon viloyat, Asaka tuman Kujgan MFY Mo‘day mahallasida 21 iyun kuni 9 yashar qiz jasadi o‘z uyida qonga belangan holda topilgan va Bosh prokuratura u pichoq bilan urilgan 16 ta zarbadan o‘ldirilganini xabar qilgan edi.

Bosh prokuratura hozircha bu qotillikka oid boshqa bayonot bermadi. Andijon IIB va prokuraturasi mulozimlari Ozodlikning bu ish bo‘yicha murojaatlariga “tergov siri” sifatida ma’lumot bermadi.

Sud-tibbiy ekspertiza xulosasi

Nusxasi Ozodlikka yuborilgan 9 yashar qizning murdasida o‘tkazilgan sud-tibbiy ekspertiza xulosasi qotillik sodir etilgan 21 iyun kuni o‘tkazilgan.

Soat 21:50 va 23:30 orasida o‘tkazilgani qayd etilgan ekspertiza xulosasiga ko‘ra¸ qizning ko‘krak bo‘shlig‘iga 17 marta pichoq urilgan¸ uning orqa peshobidan “sanoqli spermatozoid” topilgan.

Bu hujjatni Ozodlikka taqdim qilgan gumonlanuvchi yaqinlari ayni shu xulosa¸ qotillikda ayblanayotgan 23 yashar ayolning haqiqiy qotil emasligi tasdig‘i ekanini iddao qilmoqda.

Mazkur hujjatda o‘ldirilgan qizga oid shaxsiy ma’lumotlar mavjudligi bois Ozodlik uni chop etmayotir.

Qiynoq iddaolari

Uch oylik chaqalog‘i bo‘lgan yosh kelinchak¸ tergov iddaosicha¸ 30 iyun kuni voqea joyida jinoyatni qilganiga iqror bo‘lgan. Ammo ayolning yaqinlariga ko‘ra¸ gumonlanuvchi o‘sha kunning o‘zidayoq advokatiga¸ ertasi - 1 iyul kungi dastlabki sudda esa sudyaga qotillikni qilmagani va qo‘rqituv ostida unga iqror bo‘lgani aytgan.

Gumonlanuvchi ayolning onasi Ozodlikka qizining tergov paytida qiynoq va qo‘rqitishlar¸ shuningdek berilgan psixotrop dori ta’sirida qotillikka iqror bo‘lganini iddao qildi.

23 yoshli qizimni qiynoqlar bilan bo‘yniga oldirishgan. Qizimni bir kecha oyoqda turg‘izishgan¸ agar bo‘yningga olmasang bolangni o‘ldirvoramiz¸ eringni 30 yilga qamavoramiz¸ seni eringning jiyaniga o‘ynash qilib nomingni chiqarvoramiz¸ deyishibdi. Orqa peshovingga hozir zo‘rlayman¸ deb yerga yotqizib¸ og‘ziga oyoqlarini tiqib qiynashibdi. Ikki marta ukol qilishgan¸ tinchlantiradigan deb. Andijon jinoyat qidiruvidagilar qilgan bu ishlarni. Guvohlik berayotgan salonchi qizni ham adirga olib borishib qiynashib qo‘rqitishibdi. Gap o‘rgatishibdi qizimga qarshi. 1200 ta yoshu qaridan qon¸ analiziyu sperma olishgan ekan. Lekin 40 ta erkak kishini spermasini olingan¸ deb qo‘yishibdi¸ xolos. Endi bo‘lsa qiz bolani qo‘l orqali buzgan deyapti”¸ dedi qotillikda gumonlanib qamoqqa olingan yosh ayolning onasi.

Yaqinlariga ko‘ra¸ 24-25 iyun kunlari Asaka IBBda qilingan ikki kunlik dastlabki so‘roq-javobda tergovchilar uch oy avval birinchi farzandlik bo‘lgan yosh onaning ikki oyog‘i orasiga tepgan¸ jinsiy tegajoqlik qilgan va nihoyatda qo‘pol so‘zlar bilan haqorat qilgan¸ ayol hushidan ketgan va unga tibbiy yordam ham ko‘rsatilgan.

Ona: Videokameraga faqat o‘rgatilgan iqror yozib olingan!

Gumonlanuvchining onasiga ko‘ra¸ Andijon viloyat IIB jinoyat-qidiruv bo‘limi tergovchilari avvaliga yosh ayolni “firibgarlik”da ayblab¸ Andijon shahridagi tergov izolyatoriga qamab qo‘ygan. Hammasi erkak bo‘lgan bir necha tergovchi birvarakayiga unga ham ruhiy¸ ham jismoniy bosimni bu so‘roq-javoblar davomida yanada kuchaytirgan.

Podvalda qizimni ikki sutka tuni bilan devorga turg‘izib qo‘yishgan. Nachalnik degani hamma yog‘iga qo‘l solgan. Buzuq xotinsan¸ deb og‘ziga oyog‘ini tiqqan. Ering iqror bo‘ldi¸ bo‘yningga olsang¸ bolangni ko‘rasan¸ bo‘lmasa yo‘q. O‘g‘rilikka kirgansan¸ oldingi 4000 dollarniyam san olgansan¸ bu gal 1¸5 million so‘mni olish kirgansan¸ bilmasdan o‘ldirib qo‘ygansan¸ deymiz bo‘yningga olsang¸ deyishgan. Bo‘yningga olsang¸ uch yillik qamoq bilan qutulib ketasan¸ uy qamog‘i beramiz¸ bolang ham yoningda bo‘ladi¸ ering bilan ko‘rishib turasan¸ deyishgan. Ko‘nmaganidan keyin¸ urishgan¸ zo‘rlash bilan tahdid qilishgan¸ tokka qo‘yamiz deyishgan. Uxlatmasdan shuncha qiynoqqa solinganidan keyin bolasini ko‘rish uchun¸ tergovchilar nimani ayt degan bo‘lsa¸ shuni aytgan. Toshkentdan kelgan tergovchi oldiga opchiqib¸ o‘rgatilgan gaplarni aytib berdirishgan. Keyin bu gaplarni prokuraturadagi so‘roq paytida ayttirishib¸ kameraga yozdirib olishgan”.

Yaqinlarining Ozodlikka aytishicha¸ 9 iyul kuni yosh ayol psixologik ekspertizadan o‘tkazish uchun Toshkentga olib kelingan va hozirda Toshturmada saqlanmoqda. Joriy hafta uning sud qarori bilan bir oyga psixiatrik klinikaga yotqizilishi va bu yerda tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilishi kutilmoqda.

Ozodlik gumonlanuvchi yaqinlarining bu iddaolari bo‘yicha 21 iyun kungi qotillik tergovini olib borayotgan Andijon prokuraturasidan izoh ola olmadi.

Asaka tuman IIB mulozimi Ozodlikka “ayolning qotillikka iqror bo‘lgani va qotillik quroli pichoqning topilgani”ni bildirdi.

23 yashar gumonlanuvchi yaqinlari esa¸ shov-shuvli qotillikni tezda topdik¸ deb Toshkentga hisob berish maqsadida yosh onaning qurbon qilingani¸ haqiqiy qotilning hamon ochiqda qolayotganini iddao qilmoqda.

Asakalik kelinchak oilasiga ko‘ra¸ ular bu arz va e’tirozlarini prezident portalidan to Bosh prokuraturaga qadar yuborgan¸ ammo hozircha biror instansiya shikoyatlarini jiddiy qabul qilmagan.

Qiynoqlar¸ xususan¸ Andijon IIBdagi qiynoqlar xronikasi

O‘zbekiston tergov izolyatorlari va hibsxonalarida qiynoqlarning keng tarqalgani muammosini prezident Mirziyoyevdan tortib Bosh prokuratura rahbarlariga qadar e’tirof etgan.

Bu haqda joriy yil boshida o‘tkazilgan brifingda Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Ortiqova¸ ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga qaramay¸ qiynoqlarning kamaymayotgani¸ aksincha¸ ko‘payganini e’tirof qildi.

Asakadagi qotillik bo‘yicha dastlabki tergovni o‘tkazgan Andijon viloyat IIBsiga 30 may kuni so‘roqqa olib kelingan shaxsning qiynoqlardan o‘lgani jamoatchilik orasida jiddiy noroziliklarga sabab bo‘ldi.

Andijon hibsxonasidagi o‘lim holati yuzasidan Bosh prokuratura ochgan jinoyat ishi doirasida 3 nafar ichki ishlar xodimiga nisbatan JKning 206, 234 va 235-moddalari bilan ayb e’lon qilinib, “qamoqqa olish” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

XS
SM
MD
LG