Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 20:28

Karantinda ochlik e’lon qilgan "Adabiyot" gazetasi bosh muharriri uyiga jo‘natildi  


Karantinda 42 kun ushlab turilgan Baxtiyor Karim ochlik e’lon qilgach, uyiga jo‘natildi
Karantinda 42 kun ushlab turilgan Baxtiyor Karim ochlik e’lon qilgach, uyiga jo‘natildi

"Adabiyot" gazetasining Bosh muharriri, yangi tuzilayotgan "Haqiqat va Taraqqiyot" sotsial demokratik partiyasining tashabbuskorlaridan biri Baxtiyor Karimga karantinda ochlik e’lon qilganining ikkinchi kuni uyiga ruxsat berildi.

Bu haqda Ozodlikka o‘zi ma’lum qilgan Baxtiyor Karim “u uchun qayg‘urgan insonlar”ga tashakkur bildirdi.

Baxtiyor Karim “tibbiyot muassasasida ushlab turilishi ortida siyosiy motivlar borligi"ni aytib, 16 iyul kuni karantin hududidan ozod qilinishi talabi bilan ochlik e’lon qilgandi.

Karantindan 42 kun deganda “ozod qilingan” 61 yashar Baxtiyor Karim uyiga ketayotgani haqida Ozodlikka 18 iyulga o‘tar kechasi ma’lum qildi:

“Soat o‘n ikkilarga yaqin chiqdim. Karantin boshlanadigan vaqt. O‘n ikkidan keyin hammaga ta’qiq qo‘yilgan. Salbiy bo‘lgani uchun javob bergan. Sanitarka narsalaringizni yig‘ishtiring, dedi. Bo‘ldi.

...Yana bir marta men uchun qayg‘urgan barcha insonlarga boshim yerga tekkuncha ta’zim qilaman”.

Baxtiyor Karim O‘rtasaroydagi karantin lageriga turmush o‘rtog‘i, kelini va 5 oylik nabirasi bilan 6 iyunda joylashtirilgan edi.

Oradan 11 kun o‘tgach, 17 iyunda Baxtiyor Karimni oilasidan ajratib, Toshkentning Nukus ko‘chasidagi vaqtincha Covid-karantin lageriga aylantirilgan Teri, tanosil kasalliklari klinikasiga joylashtirishgan. Keyinchalik u 2-Toshkent tabobat akademiyasiga o‘tkazilgan.

Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari, Sanitariya epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori B.Yusupaliyev imzolagan xatga binoan Baxtiyor Karim 23 iyunda karantin lageridan chiqarilishi kerak edi.

Biroq bu xat yozilgan kunning ertasiga – 24 iyunda Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari D. Sultonov 23 iyun kungi xatni imzolagan B.Yusupaliyevga xat yozib, kovid-testi musbat chiqqanlar bilan muloqot qilgani sababli Baxtiyor Karimovning karantin muddatini yana 14 kunga uzaytirishni tavsiya qilgan va u karantin hududida qoldirilgan.

Iyulning boshida Baxtiyor Karimga uning navbatdagi koronatesti musbat chiqqanini bildirishgan.

Karantinda ushlab turilganining 41-kuni, 16 iyulda Baxtiyor Karim “tibbiyot muassasasida ushlab turilishi ortida siyosiy motivlar borligi"ni aytib, ochlik e’lon qildi va karantin hududidan zudlik bilan ozod qilinishini talab qildi.

Yangi tuzilayotgan "Haqiqat va Taraqqiyot" sotsial demokratik partiyasiga xayrixohlardan biri, jizzaxlik Ismoil Mamatiminovning Ozodlikka aytishicha, 15 iyul kuni u ichki ishlar bo‘limiga chaqirtirilib, hali davlat ro‘yxatidan o‘tmagan partiyani targ‘ib qilishning huquqiy oqibatlari to‘g‘risida ogohlantirilgan.

XS
SM
MD
LG