Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2020, Тошкент вақти: 22:14

Qozog‘iston: Sho‘rnaq qishlog‘iga kiraverishda blokpost o‘rnatildi, ko‘chalarda maxsus otryad xodimlari yuribdi


Sho‘rnaq qishlog‘iga kiraverishdagi blokpost, 2020 yil 23 iyuli.

Qozog‘iston janubidagi asosan qozoqlar va o‘zbeklar yashaydigan Sho‘rnaq qishlog‘iga kiraverishda to‘qnashuvdan keyin politsiya blokposti o‘rnatilgan, qishloq ko‘chalarida maxsus topshiriqlarni bajaruvchi otryad xodimlari qo‘riqchilik qilmoqda. Kuch ishlatar tuzilmalar vakillari qishloqqa odamlar va transportni tekshiruvdan o‘tkazganidan keyingina kiritmoqda. Ozodlikning qozoq xizmati muxbiri, mahalliy turg‘unlarga ko‘ra, millatlararo mojaro, rasmiylarga ko‘ra esa, maishiy ziddiyat sodir bo‘lgan Sho‘rnaq qishlog‘ida bo‘ldi.

11 mingga yaqin aholi yashaydigan Sho‘rnaqda payshanba kuni jimjitlik hokim edi. Ko‘chalarda deyarli odam yo‘q. Qishloqda maxsus topshiriqlarni bajaruvchi otryad xodimlari qo‘riqchilik qilmoqda. Sho‘rnaqqa bir necha politsiya avtobusi, harbiy avtomobil va o‘t o‘chiruvchi mashina kelgan. Qishloq chetida kuch ishlatar tuzilmalar xodimlari uchun chodir o‘rnatilgan.

Sho‘rnaq qishlog‘idagi politsiyachilar, 2020 yil 23 iyuli.
Sho‘rnaq qishlog‘idagi politsiyachilar, 2020 yil 23 iyuli.

Ozodlikning qozoq xizmati muxbiri Sho‘rnaqda oynalari sindirilgan ikki uy, shikastlangan to‘rt avtomobilni ko‘rgan. Mahalliy turg‘unlar ular o‘zbeklarning mulki ekanini aytgan. Qishloqliklarga ko‘ra, 20 iyul kuni ikki mahalliy yigit o‘rtasida dahanaki jang bo‘lib o‘tgan: biri ikkinchisidan gururt so‘ragan, o‘rtada janjal kelib chiqqan. 21 iyulga o‘tar kechasi bir guruh yoshlas Sho‘rnaqdagi bir necha uyni toshbo‘ron qilgan. Mahalliy turg‘unlar bunaqa voqealar “avval ham bo‘lgan”ini aytib, hodisa to‘g‘risida istamaygina gapiradilar.

Politsiya va maxsus guruh vakillari to‘qnashuv sabablari haqida gapirishdan bosh tortgan.

Turkiston viloyati hokimining o‘rinbosari Saken Qalqamanov Ozodlikka Sho‘rnaqdagi voqealar ortidan maxsus shtab tuzilgani, u hodisa tafsilotlarini o‘rganayotganini bildirgan.

23 iyul kuni qirqqa yaqin yosh yigit to‘planib, “bolalarni qo‘yib yuborish”ni talab qilishdi. Ammo mojaroga yakun yasaldi. Qishloq oqsoqollari, politsiya, viloyat va tuman hokimiyati tushuntirish ishlarini olib borib, hammasini hal qildik. Endilikda hammasini sud hal qiladi. Hozir vaziyat barqaror, qishloq tinch. Hech qanaqa millatlararo ziddiyat yo‘q, bu faqat maishiy ziddiyatdir”, degan hokim o‘rinbosari.

Sho‘rnaq qishlog‘idagi oynalari sindirilgan avtomobilь, 2020 yil 23 iyuli.
Sho‘rnaq qishlog‘idagi oynalari sindirilgan avtomobilь, 2020 yil 23 iyuli.

Qalqamanov qishloqqa kiraverishdagi blokpot koronavirus infeksiyasi tarqalishi bilan bog‘liq holda o‘rnatilganini aytadi. Unga ko‘ra, Sho‘rnaqda xastalikni yuqtirib olganlar aniqlangan. “Nima uchun aholi punktiga maxsus topshiriq bajaruvchi guruh kiritildi?” degan savolga javob bergan amaldor bu qaror politsiya rahbariyati tomonidan olinganini qayd etdi: “U yerda [sodir bo‘lgan voqeadan keyin] to‘rtdan ko‘proq odam ushlangan, [to‘qnashuvda] o‘ndan ziyod odam ishtirok etgan, boshqalarni topish kerak edi”.

Sho‘rnaqda sodir bo‘lgan to‘qnashuv haqidagi ma’lumotlar 23 iyul kuni tarqay boshlagan. Turkiston viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, sho‘rnaqlik uch kishi 21 iyul kuni Turkiston shahar markaziy kasalxonasi travmatologiya bo‘limiga yetkazilgan. Ulardan 1997 va 1998 yilda tug‘ilgan ikki yigit o‘rtacha og‘irlikda tan jarohati olgan va ularning hayoti uchun xavf yo‘q. 1998 yilda tug‘ilgan yana biri ko‘zidan jarohatlanib, kasalxonaga yotqizilgan, uning ahvoli og‘ir ekani aytilmoqda.

Sho‘rnaq qishlog‘idagi derazalari parchalangan uy, 2020 yil 23 iyuli.
Sho‘rnaq qishlog‘idagi derazalari parchalangan uy, 2020 yil 23 iyuli.

Turkiston viloyati politsiya departamenti ma’lumotiga ko‘ra, Sho‘rnaq qishlog‘ida bir erkak va uning qishloqdoshlari o‘rtasida “mushtlashish chiqib, bezorilikka aylanib ketgan”. Qayd etilishicha, keyinroq jabrlanuvchining uyiga noma’lum shaxslar kelib, “uning uyi va qo‘shni uylarni toshbo‘ron qila boshlagan”. Natijada uch kishi tan jarohati olgan. Hodisa joyiga yetib borgan uchastka noziri jarohatlangan, deyiladi politsiya bayonotida. Politsiya hodisaning millatlararo mojaro xarakteriga ega bo‘lganini rad etgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan videoyozuvda politsiya kiyimida bo‘lgan erkakning ko‘ylak va yuzlarida qon izlari aks etgan. Uning yonida turgan kishilar “toshbo‘ron qilganlar”ning xatti-harakatini qoralaganlar. Politsiya departamenti bayonotida uchastka noziri qishloq ahli tomonidan “o‘qotar qurol ishlatilishiga yo‘l qo‘ymagan”i aytiladi.

Tarmoqda tarqagan videoyozuvlarda qozoqlar va o‘zbeklar o‘rtasida to‘qnashuv sodir bo‘lgani haqida aytilgan.

Qozog‘istonda millatlararo tusga ega noxush hodisalar avval ham sodir bo‘lgan hamda ular ba’zan to‘s-to‘polon va talonchilikka aylanib ketgan. Joriy yil fevral oyida Jambil viloyatining Qo‘rday tumanida qozoqlar bilan dunganlar o‘rtasida yuz bergan to‘qnashuvda 11 kishi nobud bo‘lgan.

Rasmiylar bu kabi hodisalardan keyin, odatda, sodir bo‘lgan voqeani maishiy ziddiyat yoki jinoyatchilik doirasida ta’sir jabhasini taqsimlashda ro‘y bergan to‘qnashuv, deb baholab, millatlararo sababni rad etib keladilar. Qozog‘iston rahbariyati o‘z davlatini “yuzta millat” tinch-xotirjam kun kechirayotgan, millatlararo va dinlararo osoyishtalik barqaror bo‘lgan mamlakat o‘laroq ko‘rsatib keladi.

XS
SM
MD
LG