Линклар

Шошилинч хабар
26 сентябр 2020, Тошкент вақти: 16:36

OzodDayjest: Vazirning o‘zbek tili soatini qisqartirish tashabbusi tanqidga uchradi


Maktablarda o‘zbek tili dars soatlarini qisqartirish taklifi xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatovdan chiqqan.

Vazirlarning o‘zbek tili va tarix fanlari soatini qisqartirish tashabbusi tanqid qilinmoqda. Xitoylik diplomatlar samarqandlik soxta payg‘ambarga e’tiroz bildirdi. Taniqli aktrisa koronavirusdan vafot etgani haqidagi xabar yolg‘on ekani aytildi.

_______________________________________________________

Ibrohim G‘afurov: Maktabda o‘zbek tili soatini qisqartirish kalvaklarning ko‘payishiga olib keladi

Atoqli adib va tarjimon Ibrohim G‘afurov xalq ta’limi vazirining o‘zbek tili dars soatlarini, oliy ta’lim vazirining tarix fani dars soatlarini qisqartirish borasidagi tashabbusini tanqid qildi (“Milliy tiklanish” gazetasi, 23 iyul).

Mabodo, o‘zbek tili va tarix darsini qisqartirsak, nima bo‘ladi? Osmon uzilib yerga tushmaydi, albatta. Ammo aniq: umummilliy savodxonlik qadriyatini butunlay yo‘qotamiz va barbod qilamiz. O‘zimiz ham yemirilib nihoyat ado bo‘lamiz”, deb yozdi I. G‘afurov.

Qayd etilishicha, tildan boshlang‘ich savodxonlik mustahkam va kuchli bo‘lmasa, qolgan barcha bilimlarni o‘zlashtirish chala bo‘lib qoladi.

Grammatikasiz ilohiyot ham, din ham, falsafa ham, matematika ham, kvant mexanikasi ham, Yerning tortilish qonuni va umuman, hech qanday qonuniyat yo‘q va tushunarli emas. Grammatikasiz yozuvchilar chala, tarixchilar chala, qonunchilar chala, muomala chala, fikrlar chala, munosabatlar chala bo‘ladi. Qodiriy grammatikasiz odamlarni kalvak deb atagan edi”, deb yozadi adib.

Ona tilini qisqartirib yashash devori yiqilay, tomi bosib tushay deb turgan uyda istiqomat qilish bilan barobar”, deya xulosa qiladi muallif.

Xitoy elchixonasi samarqandlik soxta payg‘ambarga e’tiroz bildirdi

Samarqandlik erkak ijtimoiy tarmoq orqali: “Men Allohning elchisiman, koronavirus vabosining yo‘qolishi menga bog‘liq, Xitoydagi o‘lim maskaniga borib kelishim kerak”, deya videomurojaat tarqatgan edi. Xitoyning O‘zbekistondagi elchixonasi bu holat bo‘yicha raddiya berdi (www.sof.uz, 20 iyul).

Biz pandemiyani yengish uchun butun insoniyatning bilimi va kuchini birlashtirish va barcha resurslarni safarbar qilish kerak, deb o‘ylaymiz. Biroq, shuni yodda tutishimiz kerakki, Xitoy bu inqirozni birinchi bo‘lib aniqlab bergan va aslo virusning “vatan”i emas. Bundan tashqari, tobora ko‘proq ilmiy tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, koronavirusning yangi turi Xitoyda tarqalishidan ancha oldin boshqa joylarda paydo bo‘lgan va uning kelib chiqishi aniq emas”, deyiladi elchixona xabarida.

Eslatib o‘tamiz, Samarqand viloyati IIB payg‘ambarlik da’vosi bilan chiqqan shaxs 1962 yilda tug‘ilgan X.U. bo‘lib, u 1980-1982 yillarda Afg‘onistondagi fuqarolik urushida harbiy xizmat o‘tagani va xizmat davomida bosh miya kontuziyasiga chalinganini ma’lum qildi. Uning psixologik holatini aniqlash maqsadida viloyat ruhiy kasalliklar dispanseri mutaxassisi ko‘rigidan o‘tkazish choralari ko‘rilayotgani ham xabar berilgan.

O‘zbekiston musulmonlar idorasi ham X.U. da’vosini keskin qoralab chiqdi.

Taniqli aktrisa koronavirusdan vafot etgani haqida yolg‘on xabar tarqaldi

O‘zbek milliy akademik drama teatri aktrisasi, O‘zbekiston xalq artisti Muqaddas Xoliqova hamda uning oila a’zolari koronavirusga chalingani haqida xabar berilgan edi (www.daryo.uz, 20 iyul). Buning ortidan ijtimoiy tarmoqda Muqaddas Xoliqovaning vafot etgani haqida xabar tarqaldi.

Aktrisaning qizi Zebiniso Xoliqova bunday asossiz xabarlar tarqatayotgan Telegram kanallari ustidan huquq-tartibot organlariga murojaat qilishini bildirdi.

Yolg‘on xabar tarqatayotgan aziz blogerlar, insonning hayoti siz uchun o‘yinchoqmi? Onam betoblar! Xudo xohlasa tuzalib ko‘rmagandek bo‘lib ketadilar! Lekin yolg‘on xabar tarqatmanglar. Qarindosh-urug‘larimiz va yaqinlarimiz sog‘lig‘i sizga o‘yin emas!” deb yozdi Z. Xoliqova.

Hafta davomida yana bir taniqli aktrisa, O‘zbekiston xalq artisti Gulchehra Jamilovaning COVID-19 infeksiyasiga chalingani haqida xabarlar tarqaldi. Aktrisaning o‘zi buni rad etib, soppa-sog‘ ekanini ma’lum qildi.

XS
SM
MD
LG