Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 01:44

OzodDayjest: Koronavirus tarqalishi ortidan go‘rkovlarga talab kuchaygan


Toshkentdagi qabristonlardan biri.
Toshkentdagi qabristonlardan biri.

O‘zbekistonda o‘lat tarqalganiga oid mishmishlar asossiz ekani aytildi. Toshkentda maxsus go‘rkovlar guruhlarini tashkil qilish taklif etildi. Karantinda narxni oshirgan kirakashlar jazolana boshladi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

_________________________________________________________

O‘zbekistonda o‘lat tarqalgani haqidagi ovoza rad etildi

O‘zbekistonda koronavirus emas, balki o‘lat tarqalgani haqidagi mishmishlar mutlaqo asossiz, deb ma’lum qildi mamlakatning bosh infeksionisti Erkin Musaboyev 22 iyul kuni “Milliy” telekanalda efirga uzatilgan “Tez yordam” dasturida.

So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlar, xususan, Telegram messenjeridagi ko‘plab guruhlarda O‘zbekistonda COVID-19 kasalligi emas, o‘lat avj olayotgani haqida gap-so‘zlar tarqaldi. O‘zbekistonning bosh infeksionisti Erkin Musaboyevning aytishicha, mamlakatda o‘latga chalinish bilan bog‘liq so‘nggi holat 1996 yilda qayd etilgan bo‘lib, o‘shandan buyon biror marta kuzatilmagan.

O‘lat (chuma) juda qo‘rqinchli holat hisoblanadi. Bir necha asrlar avval kuzatilgan bu kasallik juda ko‘p o‘limlarga olib kelgan. O‘lat – antroponoz kasallik, ya’ni uning tarqalishi uchun tabiiy o‘choq kerak. Bu tabiiy o‘choq cho‘l zonalarida bo‘lishi mumkin. Uning tarqatuvchilari kemiruvchilar – kalamush, burga kabilar bo‘ladi. Ular mikrob tarqatib, odamlarga ham yuqtiradi. O‘zbekistonda kemiruvchilarni nazorat qiluvchi karantin stansiyalari mavjud. Kemiruvchilar ko‘payib ketgan taqdirda, ularni tekshirishadi va kamaytirishadi”, degan E. Musaboyev.

Qayd etilishicha, o‘latning o‘chog‘i cho‘l zonasida. Koronavirus esa shahar zonalarida – aholi konsentratsiyasi yuqori bo‘lgan hududlarda keng tarqalmoqda.

Toshkent va yirik shaharlarda maxsus go‘rkovlar guruhlarini tashkil qilish taklif etildi

Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirus tarqalishi yuzasidan taqdim etayotgan kundalik statistikaga nisbatan ishonch kun sayin so‘nmoqda (www.kun.uz, 22 iyul). “Bu yerda har ikki tomon o‘zicha haq – SSV aniq hujjatlar asosida ish ko‘radi, bemorda aynan koronavirusni qayd etuvchi test natijalari bo‘lsagina, ro‘yxatga kiritadi. O‘lim sonlari oshayotganini kuzatib turgan aholi esa o‘zi eshitgan hodisalarga ko‘proq ishonadi”, deb yozadi jurnalist Abror Zohidov. Shunga ko‘ra, vazirlikka koronavirusga chalingani rasman qayd etilmagan, ammo yaqqol belgilariga ko‘ra COVID-19 ekani ma’lum bo‘lgan marhumlarni ham alohida e’lon qilish taklif etilgan.

Qayd etilishicha, hozirgi vaziyatda go‘rkovlarga ham talab kuchayyapti.

Hozirgi vaziyatda ana shunday bemorlar vafot etsa, shifoxonalarning katta-kichik xodimlari norasmiy ravishda ularni dafn qilishga (ya’ni mayitni o‘rash, olib borish, qabristonga olib kirish...) jalb qilinyapti. Bu amaliyotga chek qo‘yish kerak. Vaqtincha bo‘lsa-da, hech bo‘lmasa Toshkent va yirik shaharlarda maxsus go‘rkovlar guruhlari tashkil qilish hamda ular uchun qo‘llanma yaratish kerak. Albatta, ishlaydiganlarni topish muammo bo‘lishi mumkin. Lekin yaxshi haq to‘lansa, albatta, ishchi topiladi. Qolaversa, savobtalab va ko‘ngillilarni ham unutmaslik kerak”, deb yozadi A.Zohidov.

Ta’kidlanishicha, maxsus go‘rkovlar guruhining tashkil etilishi tibbiyot xodimlarining qimmatli vaqtini tejashga xizmat qiladi.

Karantin davrida narxni oshirgan kirakashlar jazolandi

Toshkentda karantin vaqtida yo‘lkirani oshirgan 25 ta yuridik korxona jarimaga tortildi (www.gazeta.uz, 23 iyul). Bu haqda poytaxt transport boshqarmasi boshlig‘i Anvar Jo‘rayev ma’lum qilgan.

Jamoat transporti bo‘lgan avtobus va metroga tariflar hokimlik qarori bilan qabul qilinadi. Taksilarda esa yo‘l haqi tashuvchi va yo‘lovchi o‘rtasidagi o‘zaro kelishuvga asosan belgilanadi. Biroq ayrim taksi xizmati korxonalari va haydovchilari murakkab vaziyatdan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanmoqda”, degan A.Jo‘rayev.

10 iyuldan jamoat transporti harakati cheklangach, yo‘nalishsiz taksilarga bo‘lgan ehtiyoj oshdi. Shu bois transport vazirligi hamda uning hududiy boshqarmalari monitoring tadbirlari o‘tkazmoqda. Natijada 64 ta yo‘nalishsiz taksining litsenziya varaqalari bekor qilindi. Bundan tashqari, o‘nga yaqin yuridik korxonaga chora ko‘rish va 21 taksining litsenziyasini bekor qilishga doir hujjatlar sudga taqdim etildi.

Soliq organlari surishtiruvi natijalariga ko‘ra, taksi xizmati uchun narxlar ikki barobar oshirilgani ma’lum bo‘ldi.

Xabar qilinishicha, Toshkent shahrida soliq, transport va sanitariya mutaxassislari tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida sanitariya-epidemiologik talablarga amal qilmaslik va noqonuniy xizmat ko‘rsatish holatlari aniqlangan.

XS
SM
MD
LG