Линклар

Шошилинч хабар
09 август 2020, Тошкент вақти: 07:09

OzodDayjest: Svetlana Ortiqova jurnalistlarni yarim tunda suhbatga chaqirgan hamkasblariga tanbeh berdi


O‘zbekiston bosh prokurori o‘rinbosari Svetlana Ortiqova.

O‘zbekiston bosh prokurori o‘rinbosari Svetlana Ortiqova qoraqalpog‘istonlik prokuratura mas’ullari jurnalistlarni tunda “profilaktik suhbat”ga chaqirganini qoraladi. Qo‘shmachidan pora olgan IIB xodimi ozodlikdan mahrum etildi. Xonanda Jahongir Poziljonov Toshkent shahri hokimi unga Toyota Prado avtomobili sovg‘a qilganini ochiqladi.

__________________________________________________________

Svetlana Ortiqova Qoraqalpog‘iston prokuraturasi mas’ullariga jurnalistlar voqeasi yuzasidan tanbeh berdi

O‘zbekiston bosh prokurori o‘rinbosari Svetlana Ortiqova Qoraqalpog‘iston prokuraturasi mas’ullariga jurnalistlarni tunda “profilaktik suhbat”ga chaqirgani va ularning telefonlari hamda noutbukini musodara qilgani bois tanbeh berdi (www.xabar.uz, 28 iyul).

Kecha shu masalada Qoraqalpog‘iston prokurori bilan gaplashdim. Vaziyatni muhokama qilish jarayonida holat yuzasidan surishtiruv o‘tkazgan xodimlarning xatti-harakatini oqlab bo‘lmasligini aytib, ularga qattiq tanbeh berdim. Qoraqalpog‘istonlik ayrim hamkasblarim kechaning o‘zida mahalliy jurnalistlardan uzr so‘ragan”, degan S.Ortiqova.

Qoraqalpog‘istondagi Makan.uz, Kruz.uz va Kar24.uz nashrlarining bosh muharrirlari Repost.uz’ning Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Musa Erniyazov vafot etgani (u hozirgi vaqtda koronavirusdan davolanmoqda) haqidagi xabarini qayta chop etganidan so‘ng prokuraturaga yarim tunda chaqirilgan.

S.Ortiqovaga ko‘ra, ayni paytda yarim tunda jurnalistlarga suhbatga chaqirgan prokuratura xodimlarining xatti-harakatlari o‘rganilmoqda, natijasiga qarab tegishli chora ko‘riladi.

Ta’kidlanishicha, Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Musa Erniyazov vafot etgani haqida noto‘g‘ri xabar tarqatish holati bo‘yicha ham qonuniy chora ko‘riladi.

Qo‘shmachi bilan ko‘ngilxushlik qilib, kamiga pul talab qilgan IIB xodimiga hukm o‘qildi

Farg‘ona shahri ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi katta tezkor vakili qo‘shmachi ayol bilan bog‘liq ikki holat bo‘yicha aybdor deb topildi (“Adolat” gazetasi, 24 iyul). Bu haqda jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona tuman sudining raisi Farrux Abduraimov xabar bergan.

Qayd etilishicha, Farg‘ona shahri IIB tomonidan o‘tkazilgan “Oriyat” tadbirida ko‘p qavatli uylarning birida yashovchi, muqaddam odam savdosi jinoyati uchun sudlangan va jazo muddatini o‘tayotgan ayol o‘z xonadonida qo‘shmachilik qilayotgani aniqlanadi. Natijada ayolga nisbatan Jinoyat kodeksining 131-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi.

“Oriyat” tadbirida qatnashgan katta tezkor vakil qo‘shmachilikda ayblanayotgan ayoldan tergovda qamamaslik evaziga 2000 dollar pul talab qiladi. Bundan tashqari, IIB xodimi ayolning uyida u bilan bir necha marta jinsiy yaqinlik qiladi. Pulni talab qilavergach, ayol IIB xodimi ustidan DXX Farg‘ona viloyat boshqarmasiga murojaat qiladi. Tezkor vakil qo‘shmachilikdan ayblangan ayoldan 1500 AQSh dollarini olayotganda ushlanadi. Qayd etilishicha, ismi oshkor etilmagan IIB xodimiga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangan. Jinoyat ishiga oid boshqa tafsilotlar ochiqlanmagan.

Hokim Ortiqxo‘jayev xonanda Poziljonovga Toyota Prado avtomobilini sovg‘a qilgani ma’lum bo‘ldi

“Bojalar” guruhi yakkaxoni Jahongir Poziljonov Toshkent shahri hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning unga Toyota Prado avtomobili sovg‘a qilganini ma’lum qildi (www.daryo.uz, 26 iyul).

Men bu insondan juda ko‘p yaxshilik ko‘rganman. Bu Prado men ko‘rgan yaxshiliklarning eng kichik qismi. Bir necha yillardan beri shu insonning yonida yurib katta bo‘lganman. Ayta olamanki, u atrofdagilariga ham o‘ziga ravo ko‘radigan narsalarni ravo ko‘radi. Men u insondan juda ko‘p narsalarni o‘rganganman. Birinchi navbatda oddiylikni, kamtarlikni”, degan J.Poziljonov.

Xonandaga ko‘ra, Jahongir Ortiqxo‘jayevdan yaxshilik ko‘rgan birgina u emas. Ortiqxo‘jayevning qo‘lida ishlaydigan qancha insonlar uning orqasidan uyli-joyli bo‘lgan, qancha odam to‘y qilgan, qanchasi yordam olgan.

Tan olish kerakki, Toshkent hokimi bo‘lganidan keyin shahar ham ancha o‘zgardi”, degan xonanda Jahongir Poziljonov o‘z adashi haqida.

XS
SM
MD
LG