Линклар

Шошилинч хабар
21 сентябр 2020, Тошкент вақти: 14:12

O‘zbekistonda ishsizlar sonining keskin ko‘payishiga koronavirus asosiy sabab qilib ko‘rsatildi


Rossiyadan qaytgan muhojirlar ham O‘zbekistonda ishsizlar sonini ko‘paytirmoqda.

O‘zbekistonda 2020 yilning yanvar-iyun oylarida ishsizlik darajasi 13,2 foizni tashkil etdi. Bu borada Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi rasman ma’lum qildi.

Vazirlikning bildirishicha, ishsizlik darajasining ortishiga koronavirus infeksiyasi tarqalishini oldini olishga qaratilgan karantin chora-tadbirlari mehnat bozoriga sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatgani sabab bo‘lgan.

Bu ko‘rsatkich 2019 yilning shu davrida 9,1 foizga teng bo‘lgan. Ishga muhtoj bo‘lganlarning umumiy soni 1 944,0 ming kishini tashkil etadi.

Vazirlikning rasmiy ma’lumotida aytilishicha, ishsizlik darajasini aniqlash uchun Xalqaro mehnat tashkiloti tavsiyalari asosida ishlab chiqilgan metodika bo‘yicha respublikaning 101 ta shahar va tumanlarida navbatdagi ijtimoiy so‘rov o‘tkazildi. Unda 490 ta fuqarolarni o‘zini-o‘zi boshqarish organlari, 4,9 mingta uy xo‘jaliklari hamda 25,9 ming nafar fuqaro qamrab olindi.

“O‘tkazilgan tadqiqot natijalari respublikada ishsizlik darajasi iqtisodiy faol aholining 13,2 foiz tashkil etganligini ko‘rsatdi”, - deyiladi xabarda.

Rasman bildirilishicha, 16-30 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasida ishsizlik darajasi- 20,1 foiz, ayollar o‘rtasida ishsizlik darajasi esa 17,4 foizni tashkil qilmoqda.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra mehnat resurslari soni 19 084,6 ming kishini tashkil etib, 2019 yilning shu davriga nisbatan 0,6 foizga ko‘paygan. Ammo SOVID-19 pandemiyasining iqtisodiyot sub’ektlari faoliyatiga salbiy ta’siri natijasida iqtisodiyot tarmoqlarida band bo‘lganlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 5 foizga yoki 671 ming kishiga kamayib, 12 736,7 ming kishini tashkil qildi.

Ayni paytda koronavirus tarqalishini oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar sababli yakka tartibda tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchilar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 167,5 ming (46,4 foiz)ga kamayib ketgan.

Shu bilan birga “131,2 ming ishsizlarni haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilish hisobiga rasmiy bandlar soni keskin kamayish oldi olindi”.

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, xorijga ishlash uchun ketganlar soni 2 million 40 ming kishini tashkil etgan. Bu esa o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 553,2 ming, 2020 yilning 1-chorak yakuniga nisbatan esa 232,1 ming kishiga ozdir.

“Respublikada iqtisodiy nofaol aholi soni 2019 yil mos davriga nisbatan 4,5 foizga oshgan. Ushbu ko‘rsatkich o‘tkazilgan tadqiqot davomida tadbirkorlik va xizmat ko‘rsatish sohasi vakillari karantin chora-tadbirlari davrida vaqtinchalik o‘z faoliyatlarini to‘xtatib turishlarini va cheklovlardan so‘ng qayta tiklash niyatini bildirib, boshqa faoliyat bilan shug‘ullanmaslikni afzal ko‘rayotganligi sababli oshganligini ko‘rsatdi”, - deyiladi rasmiy bildiruvda.

Vazirlik joriy yilning 6 oyi mobaynida 501,1 ming kishining bindligi doimiy ish o‘rinlariga ishga joylaytirish va jamoat ishlariga jalb qilish orqali ta’minlanganini ham iddao qildi.

Xabarda ta’kidlanishicha, 15 ming nafar ishsiz kasb-hunarga o‘qitildi, 27 ming ishsizga Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasidan 10,1 mlrd. so‘m ishsizlik nafaqasi to‘lab berildi.

XS
SM
MD
LG