Линклар

Шошилинч хабар
22 октябр 2020, Тошкент вақти: 07:00

Muhtojlar hayit yordami tegmaganidan norozi; bir martalik yordamni tarqatish boshlanmay e’tirozlar ko‘paydi (VIDEO)


Davlat byudjetidan ajratiladigan moddiy yordamning kimga berilishini Mahalla vazirligining joylardagi vakillari belgilaydi - ijtimoiy himoyaga muhtoj deb topilganlar "temir daftar"ga kiritiladi.

Ozodlikka keyingi kunlar ichida kelayotgan aksar shikoyatlar pandemiya oqibatida daromad manbaini yo‘qotgan¸ishsiz¸nogiron va boshqa ehtiyojmandlarga tarqatilayotgan moddiy yordamning haqiqiy muhtojlarga tegmayotganiga oid.

Hukumat qarori bilan hayit kunlari nochor va nogironlarga moddiy yordam tarqatilgan bo‘lsa¸ prezidentning 30 iyul kungi yana bir farmoni bilan ijtimoiy yordamga muhtojlarning “temir daftari”ga kiritilgan oilalarga bir martalik pul berish belgilandi.

Ko‘p joylarda “prezident berayotgan 1 million so‘mlik yordam” sifatida talqin etilayotgan bu mablag‘lar¸ Ozodlikka kelgan shikoyatlarga ko‘ra¸ ayrim muhtojlarga umuman yetib bormayapti¸ yoki mahalliy rasmiylar ta’magirligi ortidan¸ uning bir qismigina berilyapti.

Ozodlik bog‘langan Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi rasmiysi hukumat va prezident farmoni bilan ajratilishi belgilangan pullarning to‘lig‘icha viloyatlarga taqsimlanganini bildirdi.

Bu yordamni kim olishini belgilovchi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi matbuot xizmati esa¸ jarayonga oid shikoyatlar ko‘payganini e’tirof qildi¸ ayni paytda¸ ularning 50 foizi asossiz ekanini ta’kidladi.

Videoshikoyatlar

Ozodlikka pandemiya davrida daromadsiz qolgani¸ prezident va hukumat qarorlariga qaramay¸ o‘zi va oilasiga hech qanday moddiy yordam berilmayotganini iddao qilgan o‘nlab shikoyat¸ xususan¸ videomurojaat kelmoqda.

Xususan¸ Shahrisabz shahrining Tepalik mahallasi 34-uyda yashovchi keksa ayol o‘zining 500 ming so‘mlik pensiyasiga jami 7 jon tirikchilik qilishini ayta turib¸ mahalla orqali beriladigan ijtimoiy yordam o‘z oilasini chetlab o‘tayotganini ta’kidlaydi.

Шаҳрисабзлик 96 яшар аëл ҳокимдан ëрдам сўради
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:59 0:00

3 avgust kuni bu videoni yuborgan oilaga yaqin shahrisabzlikning aytishicha¸ gapini Shahrisabz hokimi To‘lqin Karimovga “To‘lqinjon” deb boshlagan bu ayol 96 yoshda va uning azaldan kambag‘al yashab kelgan oilasi¸ pandemiya davrida nihoyatda og‘ir ahvolda qolgan.

"Shunday bo‘lsada¸ bu oilaga ijtimoiy yordam¸ xususan Hayit kunlari tarqatilgan moddiy yordam tegmadi"¸ dedi Ozodlikka bog‘langan shahrisabzliklardan biri.

Ozodlikka Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanidan kelgan videoda nogiron farzandi oldida o‘tirib gapirgan Paxta Vasilova ham¸ uysiz va daromadsiz ekani¸ tuman va viloyat hokimligiga qilgan murojaatlari faqat “aldov” bilan tugayotganini gapiradi.

Бир марталик ëрдам пули тегмаган ногироннинг онаси президентга мурожаат қилди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:35 0:00

Bu oilaning ahvolini videotasvirga olgan qo‘shnisining Ozodlikka aytishicha¸ keyingi olti oy davomida qariyb och-nahor yashab kelayotgan mazkur oila¸ mahalla ma’muriyati tomonidan “60 bosh qo‘yi bor o‘ziga to‘q xonadon” sifatida ijtimoiy yordamga muhtojlar ro‘yxatiga kiritilmagan.

Qo‘shnilarning Ozodlikka bildirishicha¸ aslida 8 jon yashovchi bu xonadonda nafaqat 60 bosh qo‘y¸ balki o‘z boshpanasi yo‘q – Vasilova 1-guruh nogironi bo‘lgan farzandi va boshqa farzandlari bilan jiyanining hovlisida vaqtincha yashab keladi.

Bu video Ozodlikka yuborilishi ortidan Dehqonobod tuman hokimi Zoir Aliqulovning 3 avgust kuni Vasilova holidan shaxsan o‘zi xabar olgani haqida xabar va suratlar chiqdi.

Tuman hokimligi axborot xizmati o‘z Telegram kanalida tarqatgan bu xabarda Aerodrom mahallasi Majnuntol ko‘chasida yashovchi Paxta Vasilovada “marhum turmush o‘rtog‘idan meros qolgan 60 bosh qo‘y, 2 bosh qoramol va Aerodrom MFY binosi oldida qurilgan bir xonali savdo do‘koni (hozir boshqa fuqaroga sotilgan) mavjud bo‘lsa-da, nogiron farzandi M.Doniyorovani ro‘kach qilgan holda, mas’ul tashkilotlarga murojaat qilib keladi”¸ deb yozilgan.

Bunday iddaoga dalil sifatida hokimlik¸ Vasilovaning jiyani hovlisiga boylab qo‘yilgan buzoq suratini "ikki bosh qoramol" sifatida ilova qildi.

Dehqonobod tuman hokimligi Vasilovaning nochor emasligi tasdig‘i sifatida shu suratni o‘z Telegram kanalida e’lon qildi.
Dehqonobod tuman hokimligi Vasilovaning nochor emasligi tasdig‘i sifatida shu suratni o‘z Telegram kanalida e’lon qildi.

Bayonotda shuningdek¸bu xonadonga mahalla¸ hokimlik¸ mahalliy deputat va tadbirkor tomonidan karantin davrida bir necha bor oziq-ovqat berilgani alohida ta’kidlandi.

Ozodlikka Surxondaryo viloyati Termiz shahri Guliston MFY Fidokor ko‘chasida yashashini aytgan 21 yashar Dilshod Bo‘riyev ham hayit kunlari hukumat tomonidan nochor va nogironlarga berilgan ijtimoiy yordam o‘ziga tegmaganini aytadi.

Термизлик 21 яшар ногирон Дилшод Бўриев карантин даврида ижтимоий ëрдамсиз қолганини айтади
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:56 0:00

Ozodlikka kelayotgan boshqa qator shikoyatlarda Qurbon hayiti munosabati bilan kambag‘allarga ajratilgan “ 1 million so‘mlik prezident yordami"ning uni tarqatayotgan mahalla va hokimlik rasmiylari tomonidan to‘liq berilmayotgani iddao qilindi.

Xususan¸ ayrim murojaatlarda qog‘ozga 1 million so‘m oldim¸ deb qo‘l qo‘ydirilgan holda¸ aslida 750 ming¸ yoki 500 ming so‘m berilayotgani iddao qilindi.

Moddiy yordamni tarqatishga mas’ullar nima deydi?

3 avgust kuni Ozodlik pandemiya davrida daromad manbaidan ajraganlar¸ qolaversa¸ nogiron va boquvchisiz qolganlarga berilishi e’lon qilingan moddiy yordamning tarqatilish jarayoniga oid shikoyatlarga munosabat bildirishni so‘rab bu jarayonga mas’ul ikki tizim – Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish¸ hamda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi bilan bog‘landi.

Iqtisodiy taraqqiyot vazirligi hukumat va prezident farmonida pandemiya davrida og‘ir ahvolga tushgan oilalarga tarqatilishi belgilangan pul mablag‘larining shahar va viloyat hokimliklari balansiga to‘liq o‘tkazilganini bildirdi.

Biz belgilangan mablag‘ni to‘liq ajratdik. Uni tarqatishga aloqamiz yo‘q. Bu ish bilan Mahalla vazirligi va hokimliklar shug‘ullanmoqda”¸ dedi Ozodlik bog‘langan Iqtisodiy taraqqiyot vazirligi rasmiysi.

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi matbuot xizmati mutasaddisi esa¸ aksar aholi bir paytga to‘g‘ri kelgan hukumat farmoyishi va prezident farmoni ijrosi va summasini qorishtirayotganini bildirdi.

Hozir odamlarga tarqatilayotgan pul Vazirlar Mahkamasining 29 iyul kungi 346-farmoyishi bo‘yicha berilyapti. Unga ko‘ra 150 milliard so‘m ajratildi “Saxovat va ko‘mak fondi”dan. Bundan 25 milliardi Toshkent shahriga¸ 20 milliard Qashqadaryo viloyatiga¸ Jizzax¸ Navoiy va Sirdaryoga 5 milliarddan¸ qolgan viloyatlarga 10 milliarddan ajratildi. Ana shu pul arafa va hayit kunlarida aholiga tarqatilyapti. Qaysi oilaga qancha berilishini Moliya vazirligi hisoblab chiqqan¸ kishi boshiga¸ adashmasam¸ 175 mingdan. Yetti toifadagi shaxs va oilalarga berilyapti bu yordam. Buni tarqatish joylardagi sektor rahbarlariga topshirilgan”¸ dedi vazirlik mas’uli.

Prezident farmonida belgilangan bir martalik pul tarqatish hali boshlanmadi

O‘zbekiston prezidenti 30 iyul kuni imzolagan “Koronavirus pandemiyasi davrida ijtimoiy himoyaga va yordamga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” deb nomlanadi.

Bu farmonga muvofiq¸ mahallalar tomonidan nochor deb topilganlarning “temir daftari”ga kiritilgan 400 mingdan oshiq oilaning 1 million 700 mingdan oshiq a’zosiga davlat byudjetidan bir martalik yordam ajratiladi.

Farmon bilan bu oilalarga 15 avgustga qadar tarqatish uchun “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasiga davlat tomonidan 200 milliard so‘m mablag‘ ajratildi.

Mahalla vazirligi rasmiysi Ozodlik bilan suhbatda ayni kunlarda “temir daftar”ni to‘ldirish jarayoni borayotgani va hozircha prezident farmoni bo‘yicha beriladigan bir martalik moddiy yordamni tarqatish boshlanmaganini ta’kidladi.

Prezident farmoni bo‘yicha hali berilmadi. Oilalardan xabar olish markazlari 2-3 kun ichida ro‘yxatni shakllantiradi. Bu daftarga pandemiya davrida og‘ir ahvolga tushib qolganlar¸ shuningdek¸ eskidan ijtimoiy yordam olib kelgan nogiron va boshqa toifadagilar kiritilgan. Bu jarayon uchun Mahalla va Ichki ishlar vazirligi mas’ul. Mahalla vazirligi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar “temir daftari”ni shakllantirishga mas’ul¸ pulni tarqatish esa sektorlar zimmasida. Kishi boshiga bir martalik yordamni qanday tarqatish bo‘yicha Moliya vazirligi yo‘riqnomasi bor. Unga ko‘ra¸ "temir daftar"ga kiritilgan oilalarning har bir a’zosiga 220 ming so‘mlik yordam beriladi”¸ dedi Mahalla vazirligi rasmiysi.

Aholining huquqiy savodxonligi pastligi¸ hukumat va prezident farmoni ijrosini noto‘g‘ri talqin etish hollari keng tarqalganini ta’kidlagan Mahalla vazirligi rasmiysi¸ bu yordamlarni tarqatishga oid shikoyatlar o‘rganilayotganini ta’kidladi.

Odamlarimizda huquqiy madaniyat yo‘q. Farmon va qarorlarni o‘qimayapti. Biz aholiga aytyapmiz¸ prezident farmoni bo‘yicha hali pul tarqatilmayapti¸ ro‘yxatni shakllantirish jarayoni ketyapti¸ deb. Lekin hali boshlanmagan narsadan shikoyat qilishyapti. Masalan¸ bizga bo‘lgan murojaatlarning 50 foizdan oshig‘i asossiz bo‘lib chiqyapti. Ertaga prezident farmoni ijrosi boshlansa¸ odamlar nega bizga 1 milliondan bermadi¸ degan e’tiroz bildirishni boshlaydi”.

Qurbon hayiti munosabati bilan ehtiyojmandlarga ajratilgan 150 milliard so‘mni tarqatish boshlanishi ortidan ayrim joylarda aholi noroziligi janjalga aylanib ketdi.

Xususan¸ 31 iyul kuni Toshkent shahrining Sergeli tumanida muhtojlarga ajratilgan pulni tarqatish payti mahalla qo‘mitasi a’zolari bilan aholi o‘rtasida janjal chiqdi.

Sergeliliklar “muhtojlar puli” ehtiyojmandlarga berilmasdan, tanish-bilishchilikka yo‘l qo‘yilganiga norozilik bildirdi.

Bu va boshqa shikoyatlarga 1 avgust kuni munosabat bildirgan Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi rasmiysi Ahror G‘ulomov "​barcha holatlar o‘rganilayotgani"¸ "qonun buzilishi holatlari tasdiqlanadigan bo‘lsa, aybdorlarga nisbatan albatta o‘rnatilgan tartibda choralar ko‘rilishi"ni bildirdi.

XS
SM
MD
LG