Линклар

Шошилинч хабар
26 сентябр 2020, Тошкент вақти: 00:55

O‘rikzorliklar o‘z dahasining Toshkent viloyatiga qo‘shilishiga oid prezident ma’qullagan rejaga norozilik bildirdi(VIDEO)


O‘rikzordagi norozilik payti. (Videodan skrinshot)

6 avgust kuni Toshkent shahar Uchtepa tumani O‘rikzor, Ko‘ksaroy va Zarafshon mahallasida yashovchi taxminan 300 ga yaqin odam hukumatning O‘rikzor dahasini Toshkent viloyatining Zangiota tumaniga qo‘shish qaroriga norozilik bildirdi.

To‘planganlar¸ tuman rahbarlari norozilar bilan uchrashib, ular shikoyatini shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga yetkazishga va’da bergani ortidan tarqaldi.

Bu yig‘in ishtirokchilarining Ozodlikka bildirishicha¸ mahalliy vaqt bilan kechki soat 6 da ular bilan shahar hokimligi rahbarlari uchrashishi kutilmoqda.

(Bu uchrashuvga oid tafsilotlarni Ozodlikda kuzatib boring - tahr.)

Hukumat prezidentga 5 avgust kuni taqdim etgan Toshkent shahri va viloyati Bosh rejasi loyihasiga ko‘ra, poytaxtning 1010 gektar maydoni, jumladan, O‘rikzor dahasi hududi Toshkent viloyatiga o‘tkaziladi.

Norozilik tadbiri

6 avgust kuni soat 11 larda Uchtepa tumani O‘rikzor dahasining uchta mahallasi - O‘rikzor, Ko‘ksaroy va Zarafshon mahallalari aholisi vakillari O‘rikzor dahasini Zangiota tumaniga qo‘shish rejasiga norozilik bildirib, O‘rikzor mahallasi markaziga yig‘ildi.

Ushbu norozilik chiqishida qatnashgan o‘rikzorlik yigitga ko‘ra, uch mahalladan taxminan 300 nafar odam O‘rikzor mahallasiga yig‘ilgan.

“Bugun ertalab soat 11lar edi. O‘rikzor dahasidagi uchta mahalla odamlari O‘rikzor mahallasida joylashgan 3- GOM (Ichki ishlar bo‘limi, tahr) binosi oldiga bordik. Kecha televizorda O‘rikzor dahasidagi uchta mahalla Zangiotaga qo‘shilishi haqida eshitishdik. Shunga norozilik bildirib, chiqdik. O‘rikzor mahallasi dahamiz markazida joylashgani uchun shu yerga bordik. Hamma norozi, hamma qarshi, O‘rikzorning Zangiotaga qo‘shilishiga”, dedi ismini ochiqlamaslikni so‘ragan o‘rikzorlik.

O‘rikzor mahallasi faollaridan biriga ko‘ra, norozilar arzini eshitish uchun tumanning barcha rahbarlari voqea joyiga kelgan.

“Uchtepa tuman hokimi, tuman prokurori, tuman IIB boshlig‘i, tuman Milliy xavfsizlik xizmati (hozirgi DXX) boshlig‘i, tuman hokimi o‘rinbosarlari hammasi kelishdi. Tuman hokimimiz Farhod aka, bu hali loyihaligi, hali tasdiqlanmaganini aytib, xalqning shikoyatini shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga yetkazaman, deb va’da berdi. Shundan keyin odamlar tarqaldi. Endi bilmadik, ko‘ramiz nima bo‘lishini. Lekin xalqning hammasi norozi. O‘rikzorda 20 ming odam yashaydi. Shu 20 mingning hammasi norozi”, dedi O‘rikzor mahallasi faoli.

"Ўрикзор"ликлар ўз маҳалласининг Тошкент шаҳри тасарруфидан чиқарилишига норозилик билдирди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:03 0:00

Ozodlikka voqea joyidan yo‘llangan videoda Uchtepa tuman hokimi Farhod Abdullayev norozilarni tinchlantirayotgani aks etgan.

"Men tuman hokimiman, otim Farhod. Kecha "O‘zbekiston 24"da ko‘rsatilgani bo‘yicha hozir yoshi kattalar bilan, mahalla aktivlari bilan gaplashdik. Hozir bu narsalarning hammasini qog‘ozga tushirib, sizlarning e’tirozlaringizni, qonuniy vakilingiz sifatida yetkazaman", deya Farhod Abdullaev norozilardan uylariga tarqalishni so‘raydi.

O‘rikzorliklar noroziligi sababi nima?

O‘rikzor mahalla yig‘ini xodimlaridan biriga ko‘ra, o‘rikzorliklar agar o‘z hududi poytaxt tasarrufidan chiqarilsa ko‘p narsani yo‘qotishini bilgani uchun norozilik bildirmoqda.

“O‘zi O‘rikzorda asli toshkentliklar¸ ya’ni Eski shahar, Xadradan ko‘chib, kelganlar yashaydi. Butun ota-bobolari shaharlik bo‘lib, kelsayu, birdaniga qishloqlikka aylansa, hech kimga yoqmaydida bu. Bizning aybimiz, betonkaning bu tomonida bo‘lganimiz. O‘rikzor Zangiotaga qo‘shilsa, mahalla ahli ko‘p narsa yutqazadi. Ko‘p o‘zgarishlar bo‘lishi kerak. Kadastr hujjatlari, odamlarning boshqa hujjatlari o‘zgaradi. Odamlarimiz viloyatga qo‘shilsak, bolalarini yaxshi o‘qishga joylashtira olmasligini aytyapti, yaxshi maktabda o‘qita olmasligini aytyapti. Viloyatning bolalarini shahar qabul qilmaydi. Propiskaga qaraydi. Toshkentga ishga joylashishda ham muammo bo‘ladi. Shuning uchun bizga yomon tomoni juda ko‘p”, dedi O‘rikzor mahalla yig‘ini xodimi.

Uchtepa tuman hokimligining Ozodlik bog‘langan xodimi o‘rikzorliklar shikoyati borasida shahar hokimligiga yetkazilgani va natijasi matbuotda e’lon qilinishini aytdi.

Ayni paytda bu mulozim¸ o‘rikzorliklar o‘zi va bolalari taqdirini belgilaydigan bunday rejaga munosabat bildirish¸ xususan¸ unga o‘z e’tirozini ifodalashga haqli ekanini bildirdi.

"Shahar Bosh rejasi xalq fikri o‘rganilib¸ ular inobatga olingandan keyin tasdiqlanishi kerak. Odamlar bu rejaga munosabat bildirishga haqli"¸ dedi Uchtepa tuman hokimligining Ozodlik gaplashgan mulozimi.

Hukumatning munozarali rejasini prezident ma’qulladi

Hukumat rejasiga ko‘ra, poytaxtning 1010 gektar hududini Toshkent viloyatiga o‘tkazilishi belgilangan. Ayni paytda Toshkent viloyatidan poytaxtga 10196 gektar yer maydoni qo‘shilishi rejalashtirilgan.

Mazkur taklif O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga 5 avgust kuni Toshkent shahri va Toshkent viloyatining o‘zaro chegaradosh bo‘lgan tumanlari hududlarini o‘zgartirish bo‘yicha tayyorlangan loyihalar doirasida taqdim etildi.

Prezident matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, Mirziyoyev takliflarni ma’qullagan.

President.uz yozishicha, yangi o‘zgarishlar orqali Toshkent viloyati tumanlari va shaharlarining o‘zaro chegara hududlaridagi nomutanosibliklarga barham berilib, aholiga qulaylik yaratish maqsadi ko‘zlangan.

Mirziyoyev Toshkent shahrining Bosh rejasini qayta ko‘rib chiqish, shaharga qo‘shimcha berilayotgan yer maydonlariga uylar, sanoat korxonalari, xizmat ko‘rsatish va ijtimoiy infratuzilma obyektlarini oqilona joylashtirish, eng asosiysi, aholiga qulay shart-sharoitlarni yaratishga alohida e’tibor qaratish zarurligini ta’kidlagan.

Mutasaddi rahbarlarga mazkur masalalar yuzasidan tegishli me’yoriy-huquqiy hujjatlar loyihalarini qisqa muddatda tayyorlab, mahalliy kengashlar va Oliy Majlisga ko‘rib chiqish uchun kiritish bo‘yicha topshiriq berilgan.

XS
SM
MD
LG