Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:59

OzodDayjest: Kasallik va o‘lim holatlari bo‘yicha real ma’lumotlar yashirilgani tan olindi


Kadastr tizimida tozalash: lavozimini suiiste’mol qilgan rahbarlar bahridan o‘tilyapti

Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi raisining 1-o‘rinbosari To‘lqin Abdullayev sohada korrupsiya va byurokratiya kuchayib ketganini tan oldi (“Mahalla” gazetasi, 6 avgust).

“Tan olish kerak, sohada to‘planib qolgan muammolar yetarlicha. Ayni jihatdan tizimni jiddiy isloh qilish boshlandi. Shaffoflikni ta’minlash, poraxo‘rlik, byurokratik holatlarga chek qo‘yish maqsadida tizimni to‘liq elektronlashtirishga katta e’tibor qaratilyapti” , - deydi T.Abdullayev.

Qayd etilishicha, murojaatlarni o‘rganish jarayonida lavozimini suiiste’mol qilayotgan rahbar va xodimlar lavozimidan ozod etilyapti.

“Yurtimizda oxirgi marta yer xatlovi 40 yil oldin o‘tkazilgan. 140 ta tuman ma’muriy chegaralari hozirgacha aniq emas. Qishloq xo‘jaligi yerlarini ajratish tartibi 20 yil oldin qabul qilingan va hozirgi islohotlar talabiga javob bermaydi. Sohada talon-torojlik va korrupsiya avj olgan: 66 ta tumanda 150 ming gektar ekin yeri o‘zboshimchalik bilan egallangani, oxirgi ikki yilda 122 nafar kadastr xodimi jinoiy javobgarlikka tortilgani buning dalili”, - deb yozadi gazeta.

O‘zbekistonda kuniga qancha odam vafot etayotgani ma’lum bo‘ldi

O‘zbekistonda statistika bo‘yicha bir kunda 600 tagacha o‘lim holati qayd etilmoqda (www.qalampir.uz, 5 avgust).

Bu haqda Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi Rajabboy Isroilov Toshkentda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilgan.

“Odamlar faqat koronavirusda o‘lyapti deb o‘ylamang. O‘zbekistonda statistika bo‘yicha jami aholiga bir kunda 500 tadan 600 tagacha o‘lim holati to‘g‘ri keladi. Bular orasida yosh bolalardan tortib qariyalargacha mavjud. Iyul oyida yozgi chilla bo‘lgani uchun bu statistika, o‘lim holati 10 foizga ko‘payishi mumkin” ,-deydi maxsus shtab a’zosi.

So‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqda vafot etgan yaqinlari jasadini olish uchun navbat kutayotganlar surati va videolari tarqaldi.

R.Isroilovga ko‘ra, hozirga qadar shu infeksiya va boshqa kasallikdan nobud bo‘lganlarni faqat respublika patologoanatomiya markazi orqali yuvib, dezinfeksiyalab berish yo‘lga qo‘yilgan edi.

Endilikda sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Toshkent shahridagi barcha kasalxonalarda patologoanatomiya bo‘limlari tashkil qilinib, mayitni o‘sha joydan qarindosh-urug‘iga berish ko‘zda tutilgan.

O‘zbekistonning Istanbuldagi bosh konsulxonasi chipta taklif qilayotgan firibgarlardan ogohlantirdi

O‘zbekistonning Istanbul shahridagi bosh konsulligi ushbu mamlakatda bo‘lib turgan vatandoshlarga murojaat bilan chiqib, charter reyslarga navbatsiz qo‘yish xizmati taklif qilayotgan firibgarlardan ehtiyot bo‘lishga chaqirdi (www.kun.uz, 5 avgust).

Murojaatda aytilishicha, O‘zbekistonning Turkiyadagi elchixonasi yoki konsullikning charter reyslar uchun ro‘yxatni shakllantirish borasida “ishonchli vakili” yoki “ishonchli xodimlari” mavjud emas.

4 avgust kuni “O‘zbekiston havo yo‘llari” aviakompaniyasi tomonidan tashkil etilgan charter parvoz tashkillashtirish jarayonida ba’zi guruhlarning reysga navbatsiz qo‘yishni va’da qilib, O‘zbekiston fuqarolaridan aldov yo‘li bilan pul undirayotgani haqida ma’lumot kelib tushgan.

O‘rganishlar natijasida firibgarlar taklif qilgan chiptalar charter reysga o‘tmasligi aniqlangan.

Turkiyadagi o‘zbekistonliklardan shu kabi firibgarlik holatlari bo‘yicha bosh konsulxonaga ma’lumot berish so‘ralgan.

XS
SM
MD
LG