Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 13:00

Jurnalist Bobomurod Abdullayev Bishkekda qo‘lga olindi


Jurnalist Bobomurod Abdullayev.
Jurnalist Bobomurod Abdullayev.

O‘zbekistonlik jurnalist Bobomurod Abdullayev 9 avgust oqshomida Qirg‘iziston poytaxti Bishkekdagi kafelardan birida Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.

Jurnalistning advokati Timur Karabayev o‘z mijozining qo‘shni O‘zbekistondan kelgan so‘rov asosida ushlanganini bildirdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Bobomurod Abdullayev Qirg‘izistonga shu yil fevralida Markaziy Osiyodagi Amerika universiteti taklifi bilan 4 oylik o‘qishga kelgan. Ammo koronavirus pandemiyasi tufayli chegaralar yopilib qolgani vajidan u o‘qishini davom ettirish uchun Yevropaga uchib ketolmay qolgan.

Abdullayevning advokatlariga ko‘ra, 10 avgust kuni Bishkekda o‘zbekistonlik jurnalistga nisbatan ehtiyot chorasini belgilash bo‘yicha sud bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.

Qayd etilishicha, Bobomurod Abdullayev Bishkekda o‘qishda yurgan paytda uning Toshkentdagi advokati Sergey Mayorov Yakkasaroy tuman IIBga hamda DXXga o‘z mijozi ustidan jinoyat ishi ochilgan-ochilmagani xususida advokatlik so‘rovi yo‘llagan.

Yakkasaroy tuman IIB so‘rovga javoban Abdullayev B.K.ga nisbatan hech qanaqa jinoyat ishi ochilmaganini bildirgan. DXX esa S. Mayorovga Abdullayev B.K. ustidan maxsus xizmatga ariza yoki shikoyatlar tushmaganini ma’lum qilgan.

Yakkasaroy IIBidan advokat S. Mayorovga kelgan javob xati.
Yakkasaroy IIBidan advokat S. Mayorovga kelgan javob xati.

Shu yil 26 iyul kuni B. Abdullayev YouTube videoportalidagi o‘z kanalida qator bloger va yozuvchilar uni Feysbuk ijtimoiy tarmog‘ida “Qora mergan” taxallusi bilan yozayotgan kishi o‘laroq gumon qilayotganlarini, biroq o‘zining “Qora mergan” emasligini ta’kidlab, chiqish qilgan. Mazkur chiqishida u o‘zining “Qora mergan” emasligini isbotlash uchun qator argumentlar keltirgan.

Eslatib o‘tamiz, jurnalist Bobomurod Abdullayev 2017 yilning 27 sentabrida MXX tomonidan hibsga olingan. Shundan so‘ng u 2011 yildan "Usmon Haqnazarov" imzosi ostida "amaldagi tuzumni o‘zgartirishga chaqiruvchi" maqolalar chop etish va O‘zbekistonda "inqilob qilish"ga urinishda gumon qilinib, sudlangan. Mahkama davomida Bobomurod Abdullayev o‘zining Usmon Haqnazarov taxallusi ostidagi maqolalarning aksariyati muallifi ekanini tan olgan, biroq o‘zi yozgan maqolalarda davlat to‘ntarishiga chaqiriq bo‘lganini rad etgan. Shu bilan birga, sudda jurnalistga nisbatan tergov davomida qiynoq qo‘llanilgani qayd etilgan.

Prokuror B.Abdullayevga 5 yillik qamoq jazosi so‘ragan. Biroq 2018 yil 7 may kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida bo‘lib o‘tgan mahkamada jurnalist O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 159- moddasi, 1- qismi, “b” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor topilib, unga ish haqining 20 foizini davlatga o‘tkazish va 3 yilga axloq tuzatish ishlariga jalb etish jazosi tayinlangan hamda sud zalidan ozod qilingan.

Bobomurod Abdullayevning sud zalidan ozod qilinishini qator nufuzli xalqaro tashkilotlar, jumladan, YeXHTning Matbuot erkinligi bo‘yicha vakili, Amnesty International , CPJ va boshqa inson huquqlari tashkilotlari tomonidan olqishlagan.

Bobomurod Abdullayev mustaqil jurnalist sifatidagi faoliyati uchun dahshatli haq to‘ladi. U hayotining 7 oyini O‘zbekistonning eng yomon nom chiqargan Tergov izolyatorida o‘tkazdiki, bu yerda u aftidan, aybiga iqror qildirish uchun qiynoqlarga tutilgan. Biz unga qiynoq qo‘llanilganiga oid xabarlar yuzasidan puxta, xolis va mustaqil tergov o‘tkazilishi lozimligini qat’iy ta’kidlaymiz”, deyilgan jumladan Amnesty International tashkilotining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori o‘rinbosari Denis Krivosheyevning bayonotida.

Bungacha 12 ta xalqaro tashkilot rasmiy Toshkentni B.Abdullayevni ozod qilishga chaqirgan edi.

XS
SM
MD
LG