Линклар

Шошилинч хабар
20 сентябр 2020, Тошкент вақти: 17:26

Belarusda norozilikning ikkinchi tuni. Bir kishi halok bo‘ldi. Tixanovskaya Belarusni tark etdi (VIDEO)


Politsiya norozilarni shovqinli granatalar va rezina o‘qlar vositasida tarqatishga harakat qildi.

Belarusda prezident saylovi g‘olibi amaldagi prezident Aleksandr Lukashenko bo‘lgani e’lon qilingani ortidan 9 avgustda boshlanib ketgan norozilik namoyishlari 11 avgustga o‘tar kechasi ham davom etdi.

Ichki ishlar vazirligi 11 avgustga o‘tar kechasi politsiya bilan sodir etilgan to‘qnashuvlarda bir norozi halok bo‘lganini ma’lum qildi.

Namoyishchilar “Lukashenko, ket”, deb hayqirdilar va barrikadalar qurdi. Politsiya ularni shovqinli granatalar va rezina o‘qlar vositasida tarqatishga harakat qildi.

Shu bilan bir qatorda Lukashenkoning asosiy raqibi bo‘lgan Svetlana Tixanovskaya Belarusni tark etgani ma’lum bo‘ldi.

Belarusning Minsk, Bobruysk, Brest, Vitebsk, Gomel, Grodno, Mogilev, Bereza va Mozir kabi o‘nlab shaharlarida davom etgan norozilik namoyishlarini politsiya kuch bilan tarqatishga harakat qildi.

Politsiya bilan to‘qnashuvlarning asosiy markazi Minsk bo‘ldi. Poytaxtda norozilar Bangalor maydonidagi “Riga” supermarketi va “Sportivnaya” hamda “Pushkinskaya” metro stansiyalari oralig‘idagi maydonga yig‘ilib barrikadalar qurdilar.

Politsiya “Riga” supermarketi oldidagi barrikadani to‘rt marta buzib tashladi. Ammo har safar norozilar bu yerga qaytib, yangi barrikadalarni qurdilar.

Namoyishchilarga qarshi politsiya rezina o‘qlar, shovqinli granatalar, suv purkagichlarni qo‘lladi. Shovqin-suron va portlashlar shaharning turli joylarida kamida 14 soat mobaynida eshitilib turdi.

Ichki ishlar vazirligi 10 avgust kuni soat 23:00da portlash oqibatida Minskning Prititskiy ko‘chasida norozilardan biri halok bo‘lganini tasdiqladi.

Vazirlikning bildirishicha, norozilar "Pushkinskaya" metro stansiyasi yaqinida barrikada qurganlar. Bu yerga politsiya maxsus otryadi yetib borgan. To‘qnashuv paytida norozilardan biri noma’lum portlovchi moddani politsiyaga qarata otmoqchi bo‘lgan. Ammo portlovchi modda namoyishchining qo‘lida portlagan va u halok bo‘lgan.

Belarus matbuoti va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari aynan mana shu joyda politsiya va norozilar o‘rtasida to‘qnashuvlar yuz berganini, politsiya rezina o‘qlar va shovqinli granatalarni qo‘llagani to‘g‘risida yozmoqdalar. Ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilarining taxminicha, norozi politsiya qo‘llagan shovqinli granata portlashi oqibatida halok bo‘lgan bo‘lishi ehtimol.

Ayni paytda Belarus prezidentligiga saylovda amaldagi prezident Aleksandr Lukashenkoning asosiy raqibi bo‘lgan Svetlana Tixanovskaya Belarusni tark etdi va Litvada bo‘lib turibdi. Bu haqda Tvitterda Litva tashqi ishlar vaziri Linas Linkyavichyus ma’lum qildi.

U Tixanovskayaning nega Belarusni tark etgani sabablarini ochiqlamadi. Belarus hukumati ham, Tixanovskayaning o‘zi ham bu xabarga hozircha munosabat bildirmadi.

Belarusda 9 avgust kuni o‘tgan prezident saylovida Aleksandr Lukashenko 80 foiz ovoz olgani haqidagi xabarlardan so‘ng mamlakatning 33 shaharida norozilik namoyishlari boshlandi. Politsiya tomonidan namoyishchilarni kuch ishlatib tarqatdi.

Belarus prezidentligiga nomzod Svetlana Tixanovskaya saylovning dastlabki natijalarini tan olmasligini e’lon qildi va o‘z tarafdorlarini norozilik namoyishlarini davom ettirishga chaqirdi.

Belarus Ichki ishlar vazirligi 9 avgustdan 10 avgustga o‘tar kechasi mamlakatning 33 shahrida norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tgani va uch ming odam qo‘lga olinganini bildirdi.

XS
SM
MD
LG