Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 05:00

Tojikistonda 30 yashar ayol uch bolasi bilan o‘zini daryoga tashladi. Ayollar nega o‘zi va bolalarini o‘ldirmoqda?


Tojikiston sharqida 30 yoshli ayol uch norasida go‘dagi bilan o‘zini daryoga tashlab halok bo‘ldi.

Tojikiston Favqulodda vaziyatlar va fuqarolar mudofaasi qo‘mitasining ma’lum qilishicha, voqea 16 avgust kuni Rasht tumanidagi Navdonak qishlog‘ida yuz bergan.

Ayni paytda uch yoshli go‘dakning jasadi topilgan. O‘zini daryoga tashlagan ona va yana qolgan ikki bolaning jasadlari qidirilmoqda.

Rasmiy ma’lumotda aytilishicha, hodisa yuzasidan tergov ishlari boshlandi. Ayolning o‘z joniga qasd qilgani sabablari hozircha noma’lum.

Ozodlik radiosi tojik xizmatining ma’lum qilishicha, so‘nggi yillarda Tojikistonda ayollarning o‘z joniga qasd qilish holatlari tez-tez sodir etilmoqda. Bunga qashshoqlik va ayollarga nisbatan zo‘ravonliklar sabab bo‘lmoqda.

Xabarda ta’kidlanishicha, bir necha ayol o‘zi bilan birga farzandlarini ham o‘ldirgan.

2015 yilning sentabrida Vaxsh tumanida Salomat Pirova ham uch bolasi bilan o‘zini daryoga tashlagan edi. O‘shanda ayol qutqarib qolingan, ammo bolalari suvga cho‘kib o‘lgan. Ayolni tekshirgan vrachlar uning o‘z joniga qasd qilishiga tug‘ruqdan keyingi depressiya va unga o‘z vaqtida psixologik yordam berilmaganini sabab qilib ko‘rsatishgan.

2016ning fevralida 25 yoshli Zuxro Maxmurodova o‘zini Vaxsh daryosiga tashlagan. U bilan birga to‘rt nafar qizi halok bo‘lgan. Ayol daryoga tashlagan egizak qizlari Kibriyo va Hadicha hali ikki yoshga to‘lmagan edi. Oradan to‘rt soat o‘tgach ularning jasadi 30 kilometr uzoqlikda - Rudakiy tumanida topilgan.

2018 yilning 7 mayida esa Hisor tumanidagi Sunbula qishlog‘ida yashovchi Sayram Xolova ikki go‘dagi bilan o‘zini daryoga tashlab halok bo‘lgan edi.

Tojikiston ayollar qo‘mitasining ma’lumotiga ko‘ra, 2017 yilda mamlakat bo‘yicha 497 ayol, 2018 yilda esa 286 ayol o‘z joniga qasd qilgan. Ishsizlik, qashshoqlik va oiladagi zo‘ravonlik bunday noxush hodisalarning sabablari deya ko‘rsatilmoqda. Ayollarning o‘z joniga qasd qilishi bo‘yicha 2019-2020 yil uchun boshqa rasmiy ma’lumotlar mavjud emas.

XS
SM
MD
LG