Линклар

Шошилинч хабар
27 сентябр 2020, Тошкент вақти: 22:11

OzodDayjest: Xususiy klinika rahbari davlat kasalxonalari qabul qilmagan koronavirusli bemorlarni davolashga majbur bo‘lganini bildirdi


Sog‘liqni saqlash vazirligi xususiy klinikalarga o‘gay munosabatda ayblandi. Bola asrab olish jarayonidagi hujjatbozlikni kamaytirish taklif etildi. Muxlislari Munisa Rizayevadan hokimning qizi bilan tanishtirib qo‘yishni so‘radi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida yozdi.

Bola asrab olishdagi hujjatbozlik chaqaloq savdosi ko‘payishiga sabab bo‘lmoqda

Bola asrab olishdagi hujjatbozlik va bu jarayonning cho‘zilishi mamlakatda chaqaloq savdosining ko‘payishi sabablaridan biri bo‘lib qolmoqda (“Hurriyat” gazetasi, 19 avgust).

Qonunchilikka ko‘ra, bola asrab olmoqchi bo‘lgan oilalar vasiylik va homiylik organiga murojaat qiladi. Ushbu organ talabgor oilani o‘rganib chiqadi. Yakuniy xulosaga kelish jarayonida bo‘lajak ota-ona tibbiy ko‘rikdan o‘tadi. So‘ng fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga murojaat qilinadi.

Sud ijobiy qaror qabul qilsa yangi ota-onalar FHDYo bo‘limlariga murojaat qiladi.

Qayd etilishicha, uzundan-uzun hujjatbozlik va yugur-yugurlar noqonuniy harakatlarga undaydi.

“Bizningcha, bola saqlab olishning qonuniy jihatlarini ham tamoman yangidan ko‘rib chiqish, imkon qadar jarayonlar va qog‘ozbozlikni qisqartirish, byurokratik “tartib-qoidalar”ni soddalashtirish fursati allaqachon yetgan”, - deb xulosa qiladi gazeta.

“Doctor D” klinikasi rahbari: “Xodimlarimiz choynakning qopqog‘i bilan ham mukofotlanmadi”

Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan shartnoma tuzmasdan COVID-19 bemorlarini davolagan va bu jarayonda standartlarga rioya qilmagan xususiy klinikalar litsenziyasi sud orqali to‘xtatilishi to‘g‘risida ogohlantirildi.

“Doctor D” xususiy klinikasi rahbari Dilmurod Ergashev bu borada tanqidiy munosabat bildirdi (“Jamiyat” gazetasi, 14 avgust).

Mamlakatda koronavirus avjiga chiqqan kunlarda “Doctor D” xususiy klinikasiga ham kuniga yuzlab odam yordam so‘rab murojaat qilgan. Xususiy klinika shifokorlari davlat kasalxonalari qabul qilmagan bemorlarni o‘z hayotini xavfga qo‘yib bo‘lsa-da davolashga harakat qilgan. Bu jarayonda bir necha doktor vafot etgan.

“Ahvol ancha yengillashdi. Qo‘ng‘iroqlar kamaydi, barcha viloyatlarda, hududlarda qo‘shimcha koykalar tayyorlanib bo‘ldi. Endi aybni xususiy klinikalarga ag‘darishmoqchi. Xususiy klinikalar o‘gaymi? Ularni kim himoya qiladi?.. “Xususiy klinikalarda kerakli asbob-uskunalar yo‘q, dori-darmon yo‘q, ular noto‘g‘ri davolaydi”, -deb aytilgan.

Davlat klinikalarida to‘g‘ri davolashdimi? U yerlarda kerakli hamma narsa bormidi? Men qaynotam misolida ahvol qandayligini ko‘rdim”, - deydi D.Ergashev.

Shifokorga ko‘ra, uning qaynotasi – respublikada ko‘zga ko‘ringan olim aynan joy yetishmovchiligi va vaqt yo‘qotilgani ortidan vafot etgan.

“Agar shunaqa qo‘rqitib ish yuritilsa, ertaga yurtimizda klinika qurishga, tibbiyot texnologiyasini olib kirishga bitta ham investor kelmaydi”, - deydi klinika rahbari.

Qayd etilishicha, “Doctor D” klinikasining 33 yillik faoliyati davomida birorta xodim hatto choynakning qopqog‘i bilan bo‘lsa ham mukofotlanmadi.

Muxlislari Munisa Rizayevadan hokimning qizi bilan tanishtirib qo‘yishni so‘radi

Xonanda Munisa Rizayevaning folloverlari undan Andijon viloyati hokimining qizi bilan tanishtirib qo‘yishni so‘radi (www.daryo.uz, 18 avgust).

Xonanda ushbu so‘rovga “Alfonsmisiz?” deya javob qaytardi.

Munisa Rizayeva Andijon rahbari Shuhrat Abdurahmonovning kichik qizi 19 yoshga to‘lishi munosabati bilan 16 avgust kuni tashkil etilgan oilaviy marosimda xizmatda bo‘lgan.

Karantin endigina yumshatilgan paytda dabdabali bayram o‘tkazilishi mahalliy matbuot tomonidan ham tanqidiy baholangan.

“Shuhrat Abdurahmonov xalqparvar rahbar ekanini o‘zgalardan ko‘ra uning o‘zi ko‘proq ta’kidlaydi... Bunday da’vo va iddaolar gap bilan emas, amaliy harakatlar bilan isbot etiladi. Oila davrasida nishonlanadigan sanaga poytaxtdan falon dollarga (qo‘shiqchilar “soqqa”ni “ko‘ki”da oladi, odatda) qo‘shiqchi chaqirib, dabdabayu as’asa bilan nishonlash esa iddaosi baland hokimga (juda yumshoq aytganda) obro‘ olib kelmasligi barobarida, uning xalq oldidagi mas’uliyatini nechog‘liq his etishini ham katta savol ostiga qo‘yadi”, - deb yozdi Xabar.uz cayti.

Eslatib o‘tamiz, bir hafta muqaddam 34 yoshli xonanda Munisa Rizayevaning yigitlardan ko‘ngli qolgani haqidagi fikri ham munozaralarga sabab bo‘lgandi.

“Hech kimga turmushga chiqqim kelmayapti, hech narsa qilgim kelmayapti. Shunaqa mening ko‘nglim qolib ketgan bolalardan. Hozirgi bolalar faqat “kar-kar” qilishni biladi, qo‘lidan boshqa ish kelmaydi. So‘zining ustida turmaydi. Balki hamma bolalar unaqa emasdir. Men unaqalarini hali uchratmadim. Har kuni sevgi izhor qilishadi, gapirishadi. Qulog‘imdagi lag‘monlarni olib tashlayverib, charchab ketaman”, - degan xonanda.

XS
SM
MD
LG