Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 17:13

Samarqand sudi raisi nogironlar aravachasi uchun qurilma o‘rnatish so‘rovini rad qildi


Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudi binosiga nogironligi bo‘lgan shaxslarning erkin kirib-chiqishini ta’minlash maqsadida nogironlar aravachasi uchun maxsus moslama o‘rnatish so‘rovi viloyat sudi raisi tomonidan rad etildi.

Bu haqda Ozodlikka samarqandlik huquq faoli Maqsud Abdujabborov ma’lum qildi.

Nogironlarning sud majlislarida qatnashish imkoni deyarli yo‘qligiga shaxsan guvoh bo‘lgani ortidan Abdujabborov¸ viloyat sudi raisiga uch qavatli bino zinapoyalarida maxsus moslama o‘rnatishni so‘rab murojaat qilgan.

Joriy oy boshida bu so‘rovning rad etilishi¸ huquq faoli ta’kidicha¸ nogironligi bor shaxslarning harakat erkinligi¸ qolaversa¸ ularning odil sudlov huquqining buzilishidir.

- Viloyat sudiga kelgan nogironlar binoga kirishlari uchun boshqalarga iltimos qilishga majbur bo‘lmoqda. Eshik oldidagi Milliy gvardiya xodimlari ularni ko‘tarib binoga kiritganligining guvohi bo‘ldim. Nahotki oddiy bir pandus (nogironlar aravachasi ko‘tarilishi uchun o‘rnatiladigan maxsus qurilma -tahr.) o‘rnatishning imkoni bo‘lmasa?

Nogironlar Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudi binosiga kiraverishdanoq to‘siqqa uchraydi.
Nogironlar Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudi binosiga kiraverishdanoq to‘siqqa uchraydi.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudi raisi vazifasini bajaruvchi Bayramali Norovning murojaatchiga bergan yozma javobida nogironlar aravachasi uchun maxsus moslama o‘rnatilmasligi sud binosining tarixiy deb topilgani va davlat himoyasida ekanligi bilan izohlangan.

«Sud binosi XX asr boshida qurilgan va tabiiyki o‘sha paytda panduslar inobatga olinmagan” – deyiladi sud raisi javobida.

Samarqand viloyat Madaniy meros boshqarmasi boshlig‘i Shuhrat Qilichev 6 avgust kuni imzolagan rasmiy xatda¸ sud raisi keltirgan sababning asossizligi ta’kidlangan.

Tarixiy obidalar uchun mas’ul idora rahbari Ko‘ksaroy maydoni 3-uyda joylashgan viloyat Fuqarolik sudi binosiga imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun zarur pandus o‘rnatilishi bo‘yicha hech qanday cheklov yo‘qligini bildirgan.

Mas’ulning bildirishicha¸ viloyat fuqarolik sudi joylashgan tarixiy binoga pandus o‘rnatish bo‘yicha ruxsat olish masalasida bugungacha viloyat Madaniy meros boshqarmasiga biron bir murojaat yuborilmagan.

- Madaniy meros obyektiga konstruktiv holatiga zarar yetkazilmagan holda hamda nogironlar uchun shart-sharoitlar yaratish uchun binoning kirish qismida pandus o‘rnatilishi mumkinligini ma’lum qilamiz.

Samarqand aholisi soni bo‘yicha O‘zbekistonda birinchilikda va viloyat statistika qo‘mitasi tarqatgan raqamlarga ko‘ra¸ 2020 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, viloyat doimiy aholisi soni 3 million 878 ming kishini tashkil etgan.

O‘zbekistonda jami 680 mingga yaqin nogironligi bor shaxs rasman qayd etilgan¸ ulardan qanchasining Samarqandda yashashiga oid ochiq manbalarda ma’lumot yo‘q.

Eng ko‘p aholiga ega Samarqanddagi Fuqarolik ishlari bo‘yicha viloyat sudi binosidan boshqa sud binolarida ham imkoniyati cheklangan shaxslarning kirishi uchun tegishli shart-sharoit yaratilmagan.

Xususan, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudida majlislar binoning yer sathidan pastda joylashgan va quyosh nuri kirmaygan yerto‘la qismida o‘tkaziladi. Ushbu holatning yong‘in xavfsizligi talablariga ham zid ekanigi aytilmoqda.

Sudyalarning xizmat xonalari esa barcha shart-sharoitga ega binoning birinchi va ikkinchi qavatida joylashgan.

2019 yilning sentabr oyida foydalanishga topshirilgan Tayloq tumanlararo sudi binosi viloyat bo‘yicha “eng zamonaviy sud binosi” deb tavsiflanadi. Bu binoda ham sud majlislari binoning uchinchi qavatida olib boriladi va nogironlarning uchinchi qavatga hatto boshqalarning yordami bilan ham chiqish imkoni yo‘q hisobi.

Oliy Sud matbuot xizmati Samarqand viloyat fuqarolik sudlari binolarida nogironlarning binoga kirishi uchun sharoit yo‘qligini O‘zbekistonda qurilishni loyihalashtirishdagi davlat standartlari bilan bog‘ladi.

- Misol uchun, Tayloq tumanlararo sudida fuqarolik ishlari binoning uchinchi qavatida ko‘riladi. Qurilish normalari bo‘yicha esa bizda (O‘zbekistonda) 3 qavatli binoga lift o‘rnatilishi nazarda tutilmagan.

Oliy sud mulozimi¸ ayni paytda¸ sud binolarida panduslar o‘rnatilmagani tegishli tartibda o‘rganilishini qo‘shimcha qildi.

«Nogironlar huquqlari to‘g‘risida»gi BMT Konvensiyasi 2008 yil 3 mayda kuchga kirgan va O‘zbekiston 2009 yil 27 fevral kuni bu hujjatni imzolagan. Ammo bu konvensiya hozirgacha ratifikatsiya qilinmay kelayotgani bois¸ undagi talab va standartlarga amal qilish Toshkent hukumati uchun majburiy xarakterda emas.

2019 yil dekabrida Toshkentda shu mavzuda o‘tkazilgan xalqaro tadbir qatnashchilariga qilgan videomurojaatida BMTning Nogironlar huquqlari bo‘yicha Maxsus Ma’ruzachisi Katalina Devandas Agilar O‘zbekistonni bu konvensiyani ratifikatsiya qilish jarayonini tugatishga chaqirdi.

Sudyalar va advokatlarning mustaqilligi bo‘yicha ekspert Diego Garsiya-Sayanning 2019 yil sentabr oyidagi O‘zbekistonga tashrifi yakuni bo‘yicha BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga taqdim etgan hisobotida ham nogironlar muammolariga e’tibor qaratilgan.

BMT maxsus ma’ruzachisi¸ O‘zbekistonda yaqinda ta’mirlangan binolarda ham nogironlar uchun erkin harakatlanish imkoni yo‘qligi bunday shaxslarning adolatli sudlovga bo‘lgan huquqi ta’minlashi uchun muammo tug‘dirayotganini ta’kidlagan.

Xalqaro konvensiyaga ko‘ra¸ davlatning nogironligi bor shaxslar uchun qulaylik yaratish majburiyati inson huquqlari ta’minlanishining fundamental qismidir.

XS
SM
MD
LG