Линклар

Шошилинч хабар
20 сентябр 2020, Тошкент вақти: 12:41

Toshkentda ozod etilgan jurnalist Bobomurod Abdullayev prezident Shavkat Mirziyoyevga videotashakkur bildirdi (VIDEO)


Kun.uz nashri e’lon qilgan uch daqiqadan oshgan videomurojaatida Bobomurod Abdullayev bu tasvirni olgan kamera emas¸ to‘g‘ridagi boshqa kameraga qarab gapiradi.

22 avgust kuni Bishkekdan Toshkentga olib kelingan Bobomurod Abdullayev O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tarafidan sakkiz soat so‘roq qilinishi ortidan uyiga qo‘yib yuborildi.

Abdullayevning onasi Gavharjon Madaminovaning Ozodlikka aytishicha¸ o‘g‘li 22 avgust kuni mahalliy vaqt bilan kechki 23.15da Toshkentdagi singlisining uyiga kirib kelgan.

Mahalliy vaqt bilan tungi soat 12 lar atrofida kun.uz nashrining ijtimoiy tarmoqdagi kanallarida Bobomurod Abdullaevning prezident Shavkat Mirziyoyevga tashakkur bildirilgan videomurojaati paydo bo‘ldi.

3 daqiqalik videomurojaat "Bobomurod Abdullayev onasining iltimosini inobatga olgani uchun Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik bildirdi "¸ degan sarlavha bilan taqdim etildi.

Abdullayev o‘z so‘zini Mirziyoyev olib borayotgan siyosatning naqadar insoniy va insonparvarligiga o‘z hayotida ikki marta amin bo‘lganini aytish bilan boshlaydi.

Bobomurod Abdullayev videomurojaatida onasining iltimosini yerga qoldirmagani uchun prezidentga minnatdorchilik bildirish barobarida¸ Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan "insoniy va insonparvar" siyosatni qo‘llashini aytadi.

"Sizga otilayotgan toshlar¸ yozilayotgan bo‘htonlarga qaramay¸ mana shu yo‘nalishda davom etsa¸ hammasi joyiga tushib ketadi deb o‘ylayman"¸ degan jurnalist Shavkat Mirziyoyevning "xalq ravnaqi uchun qaratilgan sa’y-harakatlarini bor bilimi va tajribasi bilan qo‘llab-quvvatlashga tayyorligi"ni aytadi.

Kun.uz nashri bu videoning qachon¸ qayerda¸ kim tomonidan yozib olinganiga oid biror ma’lumot bergani yo‘q.

Bu videomurojaatda jurnalistning biror marta kameraga qaramaganidan uning oldida boshqa¸ asosiy kamera borligi va murojaatni o‘sha kameraga qarata qilgani tushuniladi.

Hozircha videomurojaatni tasvirga tushirgan asosiy kameraning kimga tegishli ekani¸ Abdullayevning bu tashakkurnomasini yozib olish jarayonida boshqa nashrlar muxbiri qatnashgan-qatnashmagani Ozodlikka hozircha ma’lum emas.

Abdullayevning DXX idorasida 8 soat ushlab turilgani haqidagi ma’lumotdan prezidentga murojaatning shu vaqt ichida yozilgani anglashiladi.

Hozircha bu murojaatning ixtiyoriy yoki DXX bosimi ostida yozib olingani haqida Ozodlik ixtiyorida ma’lumot yo‘q.

Jurnalist maxsus samolyot bilan Bishkekdan Toshkentga olib kelindi

22 avgust kuni ertalab Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) O‘zbekiston so‘roviga binoan jurnalist Bobomurod Abdullayevni Toshkentga topshirdi.

Qo‘mita O‘zbekiston tomoni jurnalistga himoya uchun barcha imkoniyatlarni taqdim etishga, qiynoq qo‘llamaslikka, shafqatsiz muomala qilmaslikka hamda zarur bo‘lgan taqdirda, kerakli tibbiy yordam ko‘rsatishga kafolat berganini ma’lum qildi.

Bobomurod Abdullayevning onasi Gavharjon Madaminova Ozodlik bilan suhbatda o‘g‘lining ozod etilganidan quvonchi cheksiz ekanini aytdi.

- Toshkentdagi qizim telefon qilib shu xushxabarni aytdi. Bobomurod bilan ham gaplashdim. "Ona, meni qo‘yib yuborishdi, xotirjam bo‘ling hammasi yaxshi. Xorazmga ham borishim mumkin", dedi. Jinoyat ishi yopilganmi yoki yana tergovga chaqirishadimi, bilmaymiz. Charchab kelgani uchun, savolga tutmadik, damini olyapti, - dedi Madaminova.

Bobomurod Abdullayevga Toshkentga olib kelinishi bilan Xorazmdagi yaqinlari bilan videomuloqot uyushtirilgan.

Muloqot payti Abdullayev Bishkekdan Toshkentga harbiy uchoqda olib kelinganini aytgan.

Qirg‘izistonda qo‘lga olingan jurnalist Bobomurod Abdullayevning advokati Sergey Mayorov 22 avgust kuni Ozodlik bilan suhbatda o‘z mijozining Bishkekdan Toshkentga ekstraditsiya qilingani haqda O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati uni xabardor qilmaganini aytdi.

O‘zbekistonlik jurnalist Bobomurod Abdullayev 9 avgust oqshomida Bishkekdagi kafelardan birida Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi xodimlari tomonidan qo‘lga olingandi. MXDQ jurnalistning O‘zbekiston so‘roviga ko‘ra ushlanganini bildirgan.

10 avgust kuni Bishkekning Birinchi may tuman sudi B. Abdullayevni 8 sentabrgacha hibsda saqlash bo‘yicha qaror chiqargan. Sud qaroriga ko‘ra, jurnalist bu muddat ichida MXDQning tergov hibsxonasida ushlab turiladigan bo‘lgan.

Mazkur sud oldidan Bobomurod Abdullayev qirg‘izistonlik jurnalistlarga o‘zbek rasmiylari tomonidan “Qora mergan” taxallusi bilan yozayotgan shaxs sifatida gumonlanayotganini aytgan, biroq o‘zining bu taxallus ostida maqolalar yozganini qat’iyan rad etgan.

Бишкек суди ҳукми: Журналист Бобомурод Абдуллаев 8 сентябргача ҳибсда қолади
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:06 0:00

Ayni paytda B. Abdullayev qo‘lga olinganidan keyin ham “Qora mergan” taxallusi bilan Telegram tarmog‘idagi akkauntda maqolalar paydo bo‘lishda davom etdi.

Jurnalist Bobomurod Abdullayev Qirg‘izistonga shu yil fevralida Markaziy Osiyodagi Amerika universiteti taklifi bilan 4 oylik o‘qishga kelgan, bunga qadar esa u Germaniyada tahsil olgan. Ammo koronavirus pandemiyasi tufayli chegaralar yopilib qolgani uchun u o‘qishini davom ettirish uchun Bishkekdan Yevropaga uchib ketolmay qolgan.

Aytilishicha, B. Abdullayev O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 158-moddasi (“O‘zbekiston Respublikasi prezidentiga tajovuz qilish”) va 159-moddasida (“O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish”) ko‘zda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda gumonlanmoqda.

Bobomurod Abdullayevning qo‘lga olinishi ortidan “Chegarasiz muxbirlar” (RSF), Amnesty International, Association for Human Rights in Central Asia (AHRCA), Civil Rights Defenders, International Partnership for Human Rights (IPHR), Freedom House, Freedom Now, Norwegian Helsinki Committee (NHC), Human Rights Watch (HRW) hamda Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi (Committee to Protect Journalists) kabi nufuzli tashkilotlar rasmiy Bishkekni o‘zbekistonlik jurnalistni zudlik bilan ozod qilishga chaqirganlar.

Bu kabi chaqiriqqa AQSh Davlat departamenti hamda AQShning O‘zbekistondagi elchisi Daniel Rozenblyum ham qo‘shilgan.

(Tafsilotlar bilan kun davomida tanishib boring).

XS
SM
MD
LG