Линклар

Шошилинч хабар
21 октябр 2020, Тошкент вақти: 03:52

O‘zbekiston tashqi qarzi olti oyda to‘rt milliard dollarga ko‘paydi. JB, OTB va XVJ 1 milliard qarz berdi


O‘zbekiston Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki va Xalqaro valyuta jamg‘armasidan koronavirusga qarshi kurashish uchun 1 milliard dollardan ortiq kredit olgan

O‘zbekistonning tashqi qarzi, 2020 yilning 1 iyul holatiga ko‘ra, 19,6 milliard dollarni tashkil etmoqda. Bu haqda Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi yalpi majlisida moliya vaziri Timur Ishmetov ma’lum qildi.

Vazirga ko‘ra, 19,6 milliard dollar tashqi qarzning 17,3 milliard dollari davlat hissasiga to‘g‘ri keladi. Davlat ichki qarzi esa 2020 yil 1 yanvar holatiga nisbatan 0,3 milliard dollarga oshib, 2,3 milliard dollarni tashkil etgan.

Joriy yilning o‘tgan 6 oyida davlat byudjetini qo‘llab-quvvatlash hamda inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasini moliyalashtirish uchun 1 million dollardan ortiq mablag‘ jalb qilindi.

Jahon banki tomonidan Islohotlarni qo‘llab-quvvatlash loyihasini qo‘shimcha moliyalashtirish uchun 30 yil muddatga 200 million dollar miqdoridagi imtiyozli qarz berildi. Mazkur kredit bo‘yicha yiliga ikki marta -15 iyun va 15 dekabrda foiz to‘lovlari amalga oshiriladi. Joriy yilda 2,1 million dollarlik qarz foizi to‘lanadi. Asosiy qarz to‘lovlari imtiyozli davr tugagandan keyin 2025 yildan kreditning asosiy qismini so‘ndirish boshlanadi hamda har yili 8 million dollarni tashkil etadi.

Respublika iqtisodiyotiga koronavirus pandemiyasining salbiy ta’sirini kamaytirish maqsadida Xalqaro valyuta jamg‘armasi tomonidan 375 million dollar qarz berilgan.

“Imtiyozli kreditlar o‘z ichiga 10 yil muddatga (shundan, 5 yil imtiyozli davr) 125 million dollar ekvivalentiga teng foizsiz tezkor kreditlash liniyasi va 5 yil muddatga (shundan 3 yil imtiyozli davr) 250 million dollar ekvivalenti 1,05 foiz o‘zgaruvchan stavkadagi tezkor moliyalashtirish instrumentini oladi. 10 yillik kredit bo‘yicha foiz to‘lovlari amalga oshirilmaydi. Asosiy qarz to‘lovlari yilda ikki marta imtiyozli davr tugagandan keyin, 2025 yildan so‘ndirish boshlanadi hamda yillik 18,4 million SDR yoki 25,6 million dollarni tashkil etadi”,-deyiladi vazir bildiruvida.

Shu bilan bir qatorda, byudjetni qo‘llab-quvvatlash uchun Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekistonga 500 million dollar miqdorida imtiyozli kredit ajratgan. Bu qarz 15 yilga o‘zgaruvchan stavka asosida berilgan. 2020 yilda bu qarz foizini to‘lash uchun 1,2 million dollar kerak bo‘ladi.

Asosiy qarz to‘lovlari imtiyozli davr tugagandan keyin, 2023 yildan boshlanadi hamda har yili 41,7 million dollarni tashkil etadi.

Koronavirus pandemiyasi boshlanguniga qadar bo‘lgan muddat, ya’ni 2020 yil 1 yanvar holati bo‘yicha O‘zbekiston tashqi qarzi 15,6 milliard dollarni tashkil qilgani bildirilgan edi.

O‘shanda Moliya vazirligi 2019 yil davomida davlat tashqi qarzi 5,7 milliard dollarga yoki yil boshiga nisbatan 57,8 foizga oshib, 2020 yil 1 yanvar holati bo‘yicha 15,6 milliard dollarga yoki YaIMga nisbatan 27,0 foizga yetganini bildirgan.

O‘zbekiston hukumati nomidan va uning kafolati ostida jalb qilingan qarz qoldig‘i 2020 yil 1 aprel holatiga ko‘ra, 18,2 milliard dollar yoki yalpi ichki mahsulot (YaIM)ga nisbatan 31,3 foizni tashkil etgan.

O‘zbekiston pandemiya vaqtida Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki va Xalqaro valyuta jamg‘armasidan koronavirusga qarshi kurashish uchun 1 milliard dollardan ortiq kredit olgan.

XS
SM
MD
LG