Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:49

Namangan hokimining bitta qarori bilan minglab damaschi ishsiz va daromadsiz qolmoqda (VIDEO)


Davlat ish topib berishidan umidini uzgan namanganlik haydovchilar¸ Rossiyada ishlab topgan puliga "Damas" avtomobili sotib olib¸ unda yo‘lovchi tashish orqali tirikchilik qilib kelganini aytadi.
Davlat ish topib berishidan umidini uzgan namanganlik haydovchilar¸ Rossiyada ishlab topgan puliga "Damas" avtomobili sotib olib¸ unda yo‘lovchi tashish orqali tirikchilik qilib kelganini aytadi.

Ozodlikka 31 avgust kuni murojaat qilgan namanganlik “Damas” haydovchilari¸ O‘zbekiston miqyosida jamoat transporti harakati uchun joriy etilgan cheklov olib tashlanganiga qaramay¸ bu viloyatda “Damas”lar yurishi taqiqlanganini bildirdi.

Namangan viloyati hokimi Xayrulla Bozarov o‘tkazgan majlisning Ozodlikka nusxasi yuborilgan bayonida¸ koronavirus pandemiyasi munosabati bilan kiritilgan cheklovlar yumshatilganiga qaramay¸ “viloyat hududida “Damas” rusumli transport vositalarida yo‘lovchi tashish qat’iyan taqiqlansin”¸ deb yozilgan.

Namanganlik “Damas” haydovchilari mart oyidan beri o‘rnatilgan karantin tufayli keyingi 5 oy davomida ishlamagani¸ hokimning biror izohsiz qo‘ygan bunday taqiqi oqibatida 10 mingga yaqin odam ishsiz qolayotganini bildirdi.

Viloyat Transport boshqarmasining yo‘lovchi tashish uchun litsenziya berishga mas’ul xodimi mobil telefoniga qilingan qo‘ng‘iroqqa “Ozodlik bilan gaplashmasligi”ni aytib¸ aloqani uzib qo‘ydi.

31 avgust O‘zbekistonda rasmiy bayram bo‘lgani munosabati bilan bu taqiqni kiritgan Namangan viloyati hokimligi mulozimlari bilan bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi.

Namanganlik “damas”chilar hukumatga murojaat qildi

8 avgust kungi yangi taqiqni bekor qilishni so‘rab Namangan viloyat hokimligi eshigi olidida bir yarim soatdan ko‘proq kutgan “Damas” haydovchilari o‘zlarini hech kim qabul qilmagani ortidan¸ O‘zbekiston “mutasaddilari”ga videomurojaat qildi.

Uychi-Chorsu yo‘nalishida yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanib kelganini aytgan 20 ga yaqin haydovchi¸ GM Uzbekitan salonlaridan 50-60 million so‘mga olingan “Damas” mashinalarining yurishi taqiqlangani¸ ko‘chaga chiqqan “Damas”larning millionlab so‘mlik jarimaga tortilayotganiga e’tiroz bildiradi.

Наманганлик дамасчиларнинг мутасаддиларга мурожаати
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:20 0:00

Haydovchilar koronavirusga qarshi chora-tadbirlar bahonasida “Damas”ga taqiq o‘rnatilgan bir paytda¸ avtobus va mikroavtobuslar qatnoviga ruxsat berilganida hech bir mantiq ko‘rmayotganini aytadi.

Avtobuslarda 50-60 odam tashish mumkin, “Damas”da mumkinmas. Mikroavtobus, 14 ta belgilangan, lekin 18 tagacha tashish mumkin ekan. Bizga mumkinmas, ushlab, 4,5 million shtraf soldi SES xodimi. Qo‘limizda litsenziya turipti, qayga borishimiz kerak? Karantindagi litsenziyaga kuyib ketdik, bunga qayga boraylik? Nima tirikchilik qilishimiz kerak hozir? Unda bizga ish topib bersin 3 milliondan.Ishga boraveramiz, xamma «Damas»ini uyiga tortib qo‘yaveradi. O‘risning hojatxonasini tozalab 10 yilda topganmiz shu «Damas»ning pulini. Nima qilinadi endi bu «Damas»lar?"¸ deydi videomurojaatda namanganlik haydovchilar.

Murojaatni Ozodlikka yuborgan haydovchilardan biri¸ 27 avgust kungi bu video mahalliy Telegram kanallarida tarqatilganiga qaramay¸ viloyat hokimligi unga mutlaq e’tibor bermaganini ta’kidladi.

Aksincha¸ Ozodlik gaplashgan namanganlik haydovchilarga ko‘ra¸ ayni kunlarda butun viloyat miqyosida “Damas” ovi bormoqda va yo‘l harakati inspektorlari va SES xodimlari ko‘chada yurgan “Damas” haydovchilariga BHMning (bazaviy hisoblash miqdori - 228 000 so‘m) 10-15 baravarida jarima solmoqda.

Qo‘shnilarimni bolnitsaga olib ketayotganimda¸ to‘xtatishdi. Mashinamni jarima maydonchasiga solib qo‘yib¸ o‘zimga 4 millionga yaqin jarima yozgan. Sudga borsam¸ «Damas”da yo‘lovchi tashishga litsenziyangiz bo‘lsa¸ jarimadan ozod qilamiz deydi. Lekin boshqarma hokimning buyrug‘idan keyin litsenziyani cho‘zishniyam¸ yangisini berishniyam to‘xtatib qo‘ygan. O‘zi 5 oy ishlamasdan¸ zo‘rg‘a kun kechirdik. Endi karantin ochilib¸ sal tirikchiligimiz yurishadi¸ deb tursak¸ “Damas”ga taqiq qo‘yib¸ bizni umuman ishsiz¸ daromadsiz qoldirdi”¸ deydi 31 avgust kuni Ozodlik gaplashgan “Damas” haydovchilaridan biri.

“Bitta buyruq – 10 mingga yaqin ishsiz!”

Namangan tumanlaridan birida haydovchilarga “Damas” mashinasida yo‘lovchi tashishga truxsat beruvchi lizentsiya olib berish bilan shug‘ullanib kelgan tadbirkorlardan biri¸ bunday taqiq oqibatida birgina o‘zi yashayotgan tumanda mingga yaqin odamning ishsiz qolganini bildirdi.

Norin tumanida shunaqa litsenziya olib berish bilan shug‘ullanadigan 10 tacha uyushma bor. Ularning har birida 70-80 tadan “Damas”chi haydovchi bor. Hisoblasak¸bitta rayonda kamida 800 ta haydovchi ishsiz qoldi. Bitta “Damas” haydovchi kamida 5 ta jonni boqadi¸ deganimizda¸ bu taqiq sabab taxminan 4000 odam och qoladi. Agar bu raqamni butun viloyat miqësida hisoblasak¸ kamida 7000-8000 haydovchi ishsiz¸ 35-40 mingga yaqin odam tirikchilik manbaisiz qoldi”¸ deydi shaxsi ochiqlanishini istamagan “Damas” haydovchilari uyushmasi vakili.

Namanganlik “Damas” haydovchilari va ularga litsenziya olib berish bilan shug‘ullanuvchi MChJ vakillariga ko‘ra¸ Transport vazirligining Namangan viloyat boshqarmasi “hokim buyrug‘i asosida” “Damas”larga lizentsiya berish to‘xtatilganini aytishdan nariga o‘tmayapti.

31 avgust kuni mazkur boshqarmaning litsentsiya bo‘limi rahbari Sanjar Turg‘unov¸ Ozodlik bilan gaplashmasligini aytib¸ telefonini o‘chirib qo‘ydi.

Rasmiy bayram munosabati bilan Namangan viloyati hokimligi rahbariyatiga qilingan qo‘ng‘iroqlarga hech kim javob bermadi.

Jamoat transporti qatnovi¸ xususan¸ katta avtobus va taksilar yurishiga ruxsat berilgan bir paytda¸ nima uchun aynan “Damas”da yo‘lovchi tashishga taqiq qo‘yilgani borasida bu taqiqni kiritgan mulozimlardan javob olishning imkoni bo‘lmadi.

Namanganda “Damas”ga qarshi davomli kampaniya

Namangan viloyati mulozimlari xavfsizlik talablariga mos kelmasligi iddaosi bilan “Damas” da yo‘lovchi tashishni taqiqlashga bundan oldin ham bir necha marta harakat qilgan.

Xususan¸ 2017 yili “Damas” mashinasida yo‘lovchi tashiganlarga qarshi keskin jarima qo‘llanilgan va Namangan shahrida ularning qatnovi taqiqlangan edi.

Davr talablariga moslashish lozim. “Damas”da yulovchi tashish taqiqlandimi, endi ayniqsa Namangan shahrida yo‘l qo‘yilmaydi. “Damas”larni o‘rniga mikroavtobus yoki avtobus olish chorasini ko‘rish zarur. Xar xil bahonalar qidirmasdan, harakat qilsa variantlar ko‘p, faqat xohish va harakat zarur”¸ deb izohlagan edi bu taqiqni o‘tganda viloyat Transport boshqarmasi rahbari mahalliy nashrga.

"Damas"da yo‘lovchi tashishga nisbatan e’tirozlariga javoban namanganlik haydovchilardan biri: "Unda nima uchun GMning bunaqa mashina chiqarib¸ yo‘lda yuritishga ruxsat berilgan? Xavfsizlikka to‘g‘ri kelmasa¸ nega boshqa viloyatlarda "Damas" taqiqlanmagan? degan savollarni o‘rtaga qo‘ydi.

Hozircha bu savollarga mulozimlardan rasmiy javob berilgan emas.

XS
SM
MD
LG