Линклар

Шошилинч хабар
22 октябр 2020, Тошкент вақти: 06:18

Pandemiya/Paxta-2020: terimchilar "temir daftar"dan olinadi, niqob va ijtimoiy masofa saqlanadi, blogerlar "chetdagi ovozlar"dan qaytariladi


Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Kasaba uyushmalari ittifoqi Paxta-2020 mavsumini pandemiya sharoitiga moslash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida matubot anjumani o‘tkazdi.

Vazir o‘rinbosari Bahodir Umrzoqov bu yilgi terimda niqoblar taqilishi, terimchilar orasida ijtimoiy masofa saqlanishini ta’minlashini ta’kidladi.

Anjumanda aytilishicha, bu yilgi terimga asosan "temir daftar"ga kiritilgan ishsiz yoshlar, xotin-qizlar jalb qilinadi, ulardan brigadalar tuziladi va terimchi bilan mehnat shartnomasi tuziladi.

Shuningdek, hukumat rasmiylari, o‘zbekistonlik blogerlar "chetdan keladigan har xil ovozlar" ta’siri ostida yozmasligi uchun ularni muntazam axborot bilan ta’minlash masalasiga alohida e’tibor berilganini ma’lum qildi.

5 sentabr kungi tadbirda Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri o‘rinbosari Bahodir Umrzoqov bu yilgi paxta yig‘im-terimining pandemiya sharotiga qay shaklda moslashtirilishini gapirib berdi.

Uning ta’kidlashicha, birinchi galda, paxta yig‘im-terimi mavusmi bu yilgi COVID-19 pandemiyasi sharoitiga moslanishi aytildi - har 100 terimchiga bir hamshira biriktiriladi, niqob taqish va terimchilar orasida ijtimoiy masofa saqlanishi ta’minlanadi.

Mulozimning ma’lum qilishicha, har yilgidek, bu yil ham paxta yig‘im-terimida avvalo bolalar va kattalar majburiy mehnatini yo‘q qilish choralari ko‘riladi - terimchilar mutlaq ixtiyoriy asosda jalb qilinadi:

"Birinchidan, paxta teradigan yollanma ishchilarning hech biri shartnomasiz paxta dalasiga chiqmaydi. Buning uchun Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Kasaba uyushmalari federatsiyasi, Savdo-sanoat palatasi o‘rtasida qo‘shma hujjat imzolandi va unga asosan nizom ishlab chiqildi. Paxta terimi mavsumiga hashar sifatida qaralmaydi".

Vazirlik mulozimi, shuningdek paxta terimi paytida terimchilarning jarohatlanishi, xastalanishining oldini olish choralari ko‘rilishini ham urg‘uladi.

Rasman ma’lum qilingan yana bir yangilikka ko‘ra, bu yil paxta teruvchilar ikki toifaga ajratiladi - o‘zi yashab turgan hududga yaqin dalalarda paxta terayotganlar va boshqa viloyat yoki tumanga yotoqqa jo‘natilganlar.

"O‘z hududimda paxta teraman», deganlarga alohida moliyaviy munosabat, «Yo‘q, boshqa uzoq viloyatga borib, teraman», deya brigadalar tarkibiga kirganlarning har biriga 500 ming so‘mdan moliyaviy yordam beriladi. Tergan paxtasiga esa alohida belgilangan narxda pul oladi", dedi Bahodir Umrzoqov anjumanda.

B. Umrzoqovga ko‘ra, bu yil birinchi terimda 1 kilogramm paxta uchun 1000 so‘m, ikkinchi terimda 1400 so‘mdan haq belgilangan. Mehnat uchun to‘lov muddatini belgilash haqqi esa, har bitta xo‘jalikning o‘ziga beriladi.

Yig‘ilishdagi yana bir muhim bayonot esa Paxta-2020 mavsumining ijtimoiy tarmoqlardagi faol blogerlar tomonidan yoritilishiga berilgan e’tibor haqida bo‘ldi.

B. Umurzoqovga ko‘ra, bu yilgi mavsum bo‘yicha ma’lumotlar yangi tashkil qilingan terim.uz saytiga joylashtiriladi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, boshqa tegishli idoralar bilan, har haftada bir marta respublika bo‘ylab brifinglar o‘tkazadi.

"O‘zimizning blogerlarga ularni qiziqtirgan hamma savollariga javob berishimiz kerak. Blogerlar o‘sha chet eldan kelgan har xil ovozlarga ta’lluqli o‘zining reaksiyasini emas, biz beradigan savol-javoblarga qarab, aholiga axborot berishi kerak. Bu obyektiv tarzdagi bugungi holatni berishimiz kerak. Ko‘pincha o‘tgan yili masalan, boshqa davlatlarning vakillari, elchixonalardan bo‘lgan e’tirozlarni ular orqali bizga aytgan. Bu safar o‘zimiz bevosita bu boradagi kamchiliklarni o‘zimiz aytib, o‘zimiz to‘g‘irlashga harakat qilishimiz", dedi mulozim.

Shuningdek, anjumanda qatnashgan Kasaba uyushmalar federatsiyasi raisi o‘rinbosari Baxtiyor Mahmadaliyev, O‘zbekistonda so‘nggi 4 yilda bolalar mehnatidan butunlay voz kechildi, deb ta’kiladi.

Bundan tashqari, hukumat qarori bilan 2018 yildan o‘qituvchi va shifokorlarni paxtaga majburlab chiqarganlik uchun ham jazo belgilaganini eslatdi.

Ammo, shunga qaramay davlat tashkilotlari ishchilari va oliy o‘quv yurtlari talabalarining paxta terimiga majburan jalb etilishi 2019 yilda ham kuzatildi va bu amaliyot xalqaro tashkilotlar tomonidan keskin tanqid qilindi.

Jumladan, AQSh Davlat departamenti bu yilgi hisobotida mamlakatda majburiy mehnat darajasi 2018 yildagiga nisbatan kamaymagani qayd etildi.

Departament O‘zbekiston hukumatini "paxta-yig‘im terimi davrida paxta yetishtirish bo‘yicha kvotalarni yo‘qotish, paxtakorlarning ish haqlarini oshirish va terimchilarning mehnat sharoitini yaxshilash kabi choralar orqali paxta terimida majburiy mehnatni tugatish harakatlarini davom ettirish"ga chaqirdi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG