Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 18:56

Samarqandda davlat va YuNESKO himoyasida bo‘lgan arxitektura yodgorligi buzib tashlandi


Samarqandda davlat va YuNESKO himoyasida bo‘lgan arxitektura yodgorligining 11 sentabr kungi buzilish jarayoni.
Samarqandda davlat va YuNESKO himoyasida bo‘lgan arxitektura yodgorligining 11 sentabr kungi buzilish jarayoni.

Samarqand shahrining Amir Temur ko‘chasi 14-uyda joylashgan bino 11 sentabr kuni shahar Obodonlashtirish korxonasi va Majburiy ijro byuro xodimlari tomonidan buzib tashlandi. Bu bino 2010 yilgacha tarixiy arxitektura yodgorligi sifatida davlat himoyasida bo‘lgan.

Holatdan xabardor hokimlik vakilining shaxsi ochiqlamaslik sharti bilan Ozodlikka bergan ma’lumotiga ko‘ra¸binoni buzish uchun sirtdan sud qarori chiqarilgan¸ ammo bu qaror ustidan shikoyat kiritilgani bois¸ Majburiy ijro xodimlarida binoni buzish vakolati bo‘lmagan.

Mulozim ta’kidicha¸ ushbu binoning barcha instansiyadagi sud qarorlarini kutmasdan javobgar ishtirokisiz sirtdan qabul qilingan sud qaroriga asosan shoshilinch buzib tashlanishi prezident Shavkat Mirziyoyevning Samarqandga kutilayotgan tashrifi bilan bog‘liq.

“Amir Temur ko‘chasi 14-uy orqasida Davlat investitsiya dasturi doirasida 2018 yildan beri qurilayotgan Samarqand Tibbiyot institutining 800 o‘rinlik yangi o‘quv binosini prezident kelib ko‘rishi mumkin. O‘quv binosi 2020 yil fevral oyida bitishi kerak edi¸ lekin bugunga kelib ham tugatilmagan. Prezident qurilishi kechikkan binoni to‘sib turgan binoni qo‘rib jahli chiqmasin¸ deb viloyat hokimligining buyrug‘i bilan buzib tashlashdi”.

Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish davlat inspeksiyasi xodimining Ozodlikka aytishicha¸ “Samarqand tarixiy markazidagi YuNESKO ro‘yxatiga kirititilgan hududda olib borilayotgan buzish ishlari Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risidagi qonunning 30¸ 32 va 33- moddalariga ziddir.

2019 yilning 15 oktabrida O‘zbekiston Madaniyat vaziri o‘rinbosari Kamola Oqilova raisligida o‘tgan yig‘ilish mulk egasi talabini ko‘rib chiqib, Amir Temur ko‘chasi 14-uydagi binoni “Tarixiy fon inshooti” deb topgan va “bino saqlab qolinishi kerak” deb xulosa bergan edi.

Mulk egasi asli o‘zbekistonlik¸ Isroil vatandoshligini olib o‘sha yerda doimiy yashab kelayotgan Ilona Volova pandemiya sabab sudda bevosti qatnasha olmagan va sud qarori uning ishtirokisiz sirtdan qabul qilingan.

Volova tomonidan berilgan notarial ishonchnoma orqali uning vakili sifatida ko‘rsatilgan Maqsud Abdujabborovga sudda mulkdor nomidan qatnashishga ham ruxsat berilmagan.

"Biz huquqiy nigilizm qurboni bo‘ldik"¸ deydi Ozodlik bilan suhbatda Abdujabborov.

Birinchi instansiya sudi qaroridan norozi bo‘lib apellyatsiya shikoyati bergan edik. Shikoyatimiz ish yurituvga qabul qilinib¸ 8 sentabr kuni Fuqarolik ishlari bo‘yicha viloyat sudida apellyatsiya tartibida ko‘rilishi kerak edi. Belgilangan vaqtda viloyat sudiga borsak¸ ish noma’lum sabablarga ko‘ra shahar sudiga qaytarilganligi haqida xat berildi. Qonun bo‘yicha apellyatsiya ishi ko‘rilayotgan paytida ijro harakatlari to‘xtatilishi kerak edi”.

Oliy sud rasmiy saytidagi tayinlangan sud majlislari jadvaliga asosan Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudi tomonidan 2020 yil 8 sentabr kuni da’vogar Samarqand shahar hokimligi javobgar Volova Ilona Georgiyevna ishtirokida “Uy-joy joylashgan yer uchastkalarini davlat yoki jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi munosabati bilan vujudga keladigan nizolar” bo‘yicha №2-1401-1908/23674-sonli Apellyatsiya instansiyasi ishi mavjudligini ko‘rish mumkin.

Jadvalda ushbu apelyatsiya ishi viloyat sudyasi Qarshiyev Faxriddin Jumanovich boshchiligidagi viloyat apellyatsiya hay’ati tomonidan ko‘rilishi ko‘rsatilgan.

Tovon ajratildi

Samarqand shahar Majburiy ijro byurosi boshlig‘ining o‘rinbosari Farrux Ibragimovning buzilish jarayonini bevosita kuzatgan Ozodlik muxbiriga bergan ma’lumotiga ko‘ra¸ buzilgan bino egasiga tovon puli ajratilgan.

Kompensatsiya tariqasida Samarqand shahar hokimligidan 640,0 mln. so‘m miqdoridagi kompensatsiya pullarini Volova Ilonaga undirib berish to‘g‘risida qaror qabul qilingan. Bugungi kunda Volova Ilona foydasiga 640,0 mln. so‘m undirilib ¸Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy bankida saqlanmoqda. Bir tomondan sudning qarori ijrosi Samarqand shahar hokimligi tomonidan kompensatsiya to‘lash masalasi bajarilgan, shu sababli sud qarori ijrosini davom etish maqsadida bugungi kunda Samarkand hokimligi bilan hamkorlikda mana shu bino-inshootni buzdirish harakatlari amalga oshirildi”.

Madaniyat vazirligi vakili sifatida bino buzilishi jarayonini kuzatgan Samarqand viloyat Madaniy meros boshqarmasi boshlig‘i Shuhrat Qilichevning Ozodlikka bildirishicha¸ Amir Temur ko‘chasi 14-uy manzili Madaniy meros obyekti ro‘yxatida qayd etilmagan. Ayni paytda¸bu bino Samarqandning 2001 yil YuNESKO tomonidan himoyaga olingan tarixiy hududida joylashgan.

Qilichevning bildirishicha¸ prezidentning 4068-sonli qaroriga asosan YuNESKO hududidagi barcha qurilish va obodonlashtirish ishlarining ishlar boshqarma va YuNESKO markazi bilan kelishilishi nazarda tutilgan. Shunga qaramay¸ushbu inshootni buzish bilan bog‘liq sud jarayoniga Madaniy meros boshqarmasi chaqirtirilmagan.

Bundan tashqari Amir Temur ko‘chasidagi 14-uy 2010 yilgacha arxitektura inshooti sifatida davlat himoyasida bo‘lgan.

Samarqandning YuNESKO himoyasidagi zonasida joylashgan bu bino 1904 yili xalq orasida “Nikolayevskiy” deb ataladigan g‘ishtdan qurilgan. Tarixiy binoni "buzish" haqidagi 437-raqamli hujjatga Samarqand shahar hokimi Boburmirzo Obloqulov 2019 yilning 28 oktabr kuni imzo chekkan.

Bu bino 2010 yilda ta’mirlangan va g‘ishtin devorlarining 90 foizi saqlangan. Bino egasining Ozodlikka aytishicha¸ bu uyda Samarqand shahridagi ilk ressorli karetalar tarmog‘i rahbari yashagan.

Toshkentlik me’mor Abdumalik Turdiyevga ko‘ra¸ YuNESKO himoyasi zonasida joylashgan va umumiy manzarani ta’minlovchi binoni buzish shahar hokimining vakolatiga kirmaydi.

- Sud qaror chiqarsa ham uyni buza olmaysiz. Chunki uy YuNESKO himoyasidagi zonada joylashgan. Ikkinchidan, 1904 yilda qurilgan bu tarixiy bino 2010 yilgacha qo‘riqlanadigan tarixiy binolar ro‘yxatida edi. 2010 yili mahalliy mulozimlar bino ta’mirdan so‘ng tarixiy ahamiyatini yo‘qotdi¸ deb komissiya yig‘ilishi qarori asosida ro‘yxatdan chiqarishdi. Lekin Madaniy merosni muhofaza qilish davlat inspeksiyasi Samarqand bo‘limi bu borada hech qanday yig‘ilish qilmagan. Madaniyat vazirligi shu kunlarda binoni “tarixiy fon inshooti” degan tasnif bilan ro‘yxatga qaytarishni rejalagan edi. Afsuski¸ prezident kelishini bahona qilgan vandallar binoni buzib tashladi.

Prezident tashrifi arafasida va prezident qaroriga binoan..

Samarqand shahar hokimligi mulozimi buzish ishlari O‘zbekiston prezidentining PK-3507 qaroriga asosan amalga oshirilganligini bildirdi.

- Samarqand shahar hokimi Furqat Rahimov joriy yil 11 mayda imzo chekkan 823-qarorga ko‘ra buzildi. Bu qarorning ilovasida buzilayotgan binolar aniq ko‘rsatilgan. Qaror O‘zbekiston prezidentining 2018 yil, 3 fevraldagi 3507- qarori asosida qabul qilingan.

"Turar va noturar-joy binolarini buzish to‘g‘risida" deb ataladigan shahar hokimi qarorining ilovasida Amir Temur ko‘chasidagi 14-uy buzilishi aniq ko‘rsatilgan. Hokimlik mulozimi taqdim qilgan hujjatlarga ko‘ra¸ buzilgan qadimiy bino yaqinida Samarqand Tibbiyot institutining besh qavatli imorati qurilgan.

Tarmoqdagi norozilar

Amir Temur ko‘chasidagi 14-uyning buzilishiga ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari ham o‘z e’tirozini bildirmoqda.

Xususan¸ Yelena Baronina ismli samarqandlik faol o‘zining Facebook sahifasida ushbu buzilishga munosabat bildirib:

“Shu tarzda tarix, shahar, xotira va vatanga bo‘lgan mahabbatni yo‘q qilishmoqda. Zarbali bolg‘a, ekskavator cho‘michi va sariq kiyimdagilar – zamonaviy O‘zbekistonning ramzlariga aylanib ulgurdi”, deb yozdi.

O‘zbekiston Madaniyat vazirligi Samarqand viloyat boshqarmasi mulozimining Ozodlikka bildirishicha, 2018-2019 yillarda Samarqand shahrining tarixiy qismida YuNESKOning talablariga zid ravishda qurilish ishlari olib borgan va bunga bila turib ruxsat bergan o‘ndan ortiq mulozim hibsga olinib, ularga sud hukmi bilan turli jazolar berilgan.

XS
SM
MD
LG