Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:42

O‘zbekistondagi eng yirik energetik kompaniyalarni boshqarish ham Shodiyev guruhiga tendersiz berilgan


SFI Management Group mulkdori ekani aytilgan Qobul Shodiyev(o‘ngda) O‘zmetkombinat boshqaruvining 8 sentabr kuni vafot etgan raisi Sergey Vyunenko (orqada) bilan.
SFI Management Group mulkdori ekani aytilgan Qobul Shodiyev(o‘ngda) O‘zmetkombinat boshqaruvining 8 sentabr kuni vafot etgan raisi Sergey Vyunenko (orqada) bilan.

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasida ishlovchi mulozimning shaxsi sir qolish sharti bilan Ozodlikka bildirishicha¸ keyingi uch yil ichida mamlakatdagi eng yirik sanoat va energetika korxonalaridan kamida oltitasi SFI Management Group ishonchli boshqaruviga topshirilgan.

O‘zbek va Rossiya matbuoti SFI Management Groupning asli namanganlik milliarder Alisher Usmonovga qarashli ekani haqida yozgani ortidan Usmonov uning asli jizzaxlik yana bir milliarder Fattoh Shodiyevning akasi Qobul Shodiyevniki ekani¸ ayni paytda o‘zining bu guruh bilan birga ishlashini bildirgan edi.

2017-2018 yillari O‘zbekiston metallurgiya kombinati, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati, Toshkent metallurgiya zavodi Vazirlar Mahkamasi va prezident qarorlari asosida ayni yilda ta’sis etilgan SFI Management Group ishonchli boshqaruviga berildi.

Ayni paytda¸ mamlakat energetika sektoridagi strategik uch korxona boshqaruvining ham ayni guruhga topshirilgani haqida ma’lumot hozirgacha jamoatchilikka ochiqlangan emas.

Bu korxonalarning SFI Management Group ishonchli boshqaruviga berilganini 14 sentabr kuni kompaniyaning Ozodlik bog‘langan mulozimi tasdiqladi.

10 sentabrь kungi yig‘ilish

8 sentabr kuni O‘zbekiston Metallurgiya kombinati – "O‘zmetkombinat" boshqaruvi raisi¸ 42 yashar Sergey Vyunenko vafot etdi. Kombinatning bu haqdagi rasmiy bildiruvida¸ Vyunenkoning “uzoq xastalikdan” vafot etgani aytilsada¸ "O‘zmetkombinat" ishchilari qandli diabet kasaliga chalingan direktorning koronavirusdan o‘lganini iddao qildi.

Vyunenko¸ "O‘zmetkombinat" boshqaruvi SFI Management Groupga berilgani ortidan¸ mazkur guruh tomonidan bu yirik korxonaga olib kelingan.

10 sentabr kuni SFI Management Group mulkdorlaridan biri Qobul Shodiyev O‘zmetkombinatda o‘tkazilgan yig‘inda Vyunenko o‘rniga yangi tayinlangan rahbarni tanishtirgan.

Bu majlis tafsilotidan xabardor hukumat mulozimiga ko‘ra¸ yangi boshqaruv raisi etib Jahongir Mustafayev tayinlangan.

Ayni majlisda¸ xavfsizlik xavotirlari bois shaxsi sir qolishini so‘ragan hukumat mulozimiga ko‘ra¸ Qobul Shodiyev SFI Management Group boshqaruvidagi boshqa kompaniyalarga ham to‘xtalgan.

Shodiyev "O‘zmetkombinat"¸ Olmaliq kon-metallurgiya kombinati¸ O‘zvtorsvetmet¸ Toshkent metallurgiya kombinatidan tashqari¸ “O‘zbekko‘mir”¸ Angren va Yangi Angren issiqlik elektr stansiyalari boshqaruvi ham SFI Management Groupda ekanini bildirdi”¸ deydi majlis tafsilotidan xabardor mulozim.

Mirziyoyev davrining ishonchli boshqaruvi - ishonch asosan bitta kompaniyagami?

Shavkat Mirziyoyev prezidentlikka kelgach¸ boshqaruvning O‘zbekistonda avval ko‘rilmagan shakli "tajriba tariqasida" amaliyotga kiritildi va davlat kompaniyalarini xususiy tadbirkorlik subyekti "ishonchli boshqaruvi"ga berish boshlandi.

Adliya vazirligi bergan rasmiy izohga ko‘ra¸ "bu–davlat mulkidan tashkil topgan hamda amalda davlat idorasining boshqaruvida bo‘lgan mol-mulkni tadbirkorlik subyektiga ishonchli boshqaruvga topshirishdir.

Bunday "ishonch" bildirilgan" xususiy tadbirkorga davlat mulki bo‘lgan kompaniyani "mustaqil ravishda erkin iqtisodiy qonuniyatlari asosida hamda davlat organlarining ta’siridan mutlaqo xoli holda boshqarish" vakolati berildi.

Bunday tajriba joriy etilishi ortidan 2017-2018 yillarda Vazirlar Mahkamasi va prezident qarorlari bilan Markaziy Osiyodagi eng yirik metallurgiya zavodi sanalgan "O‘zmetkombinat"¸ shuningdek Olmaliq kon-metallurgiya kombinati¸ O‘zvtorsvetmet zavodini boshqarish¸ qolaversa Toshkent metallurgiya kombinatini qurish SFI Management Groupga berildi.

Bu qarorlarda mamlakatning eng yirik sanoat obyektlaridagi davlat ulushining nima uchun aynan 2017 yil yanvarida ta’sis etilgan xususiy MChJ ishonchli boshqaruviga berilganiga izoh berilmagan.

Energetika kompaniyalarining SFI Managemnt Groupga berilgani nega ochiqlanmadi?

O‘zbekistondagi eng yirik¸ serdaromad metallurgiya kompaniyalarining SFI Management Groupga berilgani rasman e’lon qilingan bo‘lsa¸ energetik sektoridagi belgilovchi obyektlar sanaladigan “O‘zbekko‘mir”¸Angren va Yangi Angren issiqlik elektr stansiyalari boshqaruvining ham ayni guruhga berilgani haqida hozirgacha jamoatchilikka bildirilgan emas.

Mahalliy matbuotda¸ bu uchala kompaniyaning 2019 yili ro‘yxatdan o‘tgan Central Asia Energy MChJga berilgani aytildi¸ ammo uning SFI Management Groupga affillangan shirkat ekani haqida lom-mim deyilmadi.

Mamlakat byudjetining kamida 10 foizini berib kelgan bu davlat kompaniyalari nega yoppasiga bitta qo‘lga - SFI Management Groupga berildi? Agar bu kompaniyalar boshqaruvini yaxshilash zarurati¸ qarorlarda iddao qilinganidek¸ chindan ham bo‘lsa¸ nega bu jarayon ochiq va shaffof bo‘lmadi. Bir qismi Bosh vazir va prezidentning biror jo‘yali asos keltirilmagan qarorlari¸ boshqasi maxfiy farmonlar orqali na o‘tmish tajribasi¸ na davlat aktivlarini boshqarish malakasi bo‘lmagan bir necha oylik guruhga berildi? Nega ochiq va halol tender o‘tkazilmadi? “¸ dedi Ozodlikka ma’lumot yuborgan hukumat mulozimi.

Mahalliy matbuot xabariga ko‘ra¸ O‘zbekiston metallurgiya va energetika sektorining eng yirik ishlab chiqaruvchilarini boshqarish berilgan SFI Management Group¸ ayni paytda¸ O‘zbekistonda eng ko‘p tuxum chiqaradigan «O‘rtachirchiqparranda» kompaniyasining 84 foizi¸ «O‘zximfarm» kompaniyasining 74% aksiyalarini ham boshqarmoqda. Bu haqda 2018 yil avgust oyida Toshkent birjasi rasman ma’lum qilgan.

Angren va Yangi Angren IESning SFI Management Group boshqaruvida ekani ochiq sir

2020 yilning 15 iyun kuni Davlat aktivlarini boshqarish agentligi “Yangi Angren IES” AJ, “Angren IES” AJ, “O‘zbekko‘mir” AJ tarmoq korxonalarining “Central Asia Energy” MChJ ishonchli boshqaruviga berilganini e’lon qildi.

Agentlik xabarida O‘zbekiston energetika sohasidagi bu uchala yirik davlat korxonasining nega aynan 2019 yil iyunida ta’sis qilingan “Central Asia Energy” MChJga berilgani¸ yangi boshqaruvchini tanlash uchun ochiq tender bo‘lgan-bo‘lmagani haqida biror izoh berilmadi.

Gazeta.uz nashri chop etgan davlat qaydi hujjatiga ko‘ra¸ bu MChJ ta’sischisi (100 foiz) «Gorniye raboti». Qozog‘istonda 2018 yili mas’uliyati cheklangan sherikchilik – TOO maqomida ta’sis etilgan bu shirkatda¸ registratsiya hujjatlariga ko‘ra¸ 5 nafar xodim ishlaydi.

Rasmiy hujjatlarda na O‘zbekistondagi eng yirik energetik korxonalarni boshqarish topshirilgan “Central Asia Energy” MChJsi¸ va na uning ta’sischisi bo‘lgan «Gorniye raboti» TOOning SFI Management Groupga aloqasi borligi ko‘rsatilmagan.

Lekin “Central Asia Energy” MChJsi registratsiya hujjati oxirida berilgan manzil bu aloqadorlikni namoyon qiladi. Keltirilgan manzil – Bunyodkor shoh ko‘chasi¸ 42/1-uy. Ayni manzilda¸ o‘z rasmiy saytiga ko‘ra¸ SFI Management Group joylashgan.

SFI Management Group va Central Asia Energry MChJsining rasmiy manzili bir xil.
SFI Management Group va Central Asia Energry MChJsining rasmiy manzili bir xil.

Ayni shuningdek¸ Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va hukumat qarorlarida “Yangi Angren IES” AJ, “Angren IES” AJ, “O‘zbekko‘mir” AJ ishonchli boshqaruviga SFI Management Group jalb etilgani tilga olinmagan.

Ammo Angren va Yangi Angren IES rasmiy saytlarida “Aksiyadorlar uchun” deb taqdim etilgan ma’lumotlarga qaralsa¸ har ikkala kompaniya faoliyatini boshqaruvchi Kuzatuv kengashida SFI Management Group rahbari Qobul Shodiyev va guruhning yana ikki namoyandasi borligi ko‘riladi.

Bundan tashqari¸ Yangi Angren IES rasmiy saytida keltirilgan “afillangan shaxslar ro‘yxati” (kompaniya faoliyatiga ta’sir o‘tkazish vakolatiga ega shaxslar - tahr.) ga yana Qobul Shodiyev va SFI Management Groupning ikki vakili kiritilgan. Bu guruh va uning uch vakili mazkur IESlar boshqaruvi kengashiga qaysi asosda kiritilgani haqida biror izoh berilgan emas.

11 va 14 sentabr kunlari Ozodlik SFI Management Groupning Toshkentdagi bosh ofisiga qo‘ng‘iroq qilib¸ "O‘zbekko‘mir"¸ Angren va Yangi Angren IESning mazkur kompaniya ishonchli boshqaruvida ekaniga oid ma’lumotga oydinlik kiritishga urindi.

14 sentabr kuni Ozodlik bilan gaplashgan mulozim uchala energetik kompaniyaning ham aynan SFI Management Group ishonchli boshqaruvida ekanini tasdiqladi. Ayni paytda¸ bu boshqaruvning qaysi asosda berilgani¸ guruhning mazkur kompaniyalarni qanday boshqarayotgani haqida ma’lumot berilmasligini bildirdi.

O‘zbekistondagi davlatga qarashli eng yirik metallurgiya va energetika korxonalarining nima uchun¸ qaysi asosda aynan bitta guruh - SFI Management Groupga berilgani haqida Ozodlik 11 sentabrьkuni og‘zaki va yozma tarzda bergan savollarga Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Axborot xizmati javob bergani yo‘q.

SFI Management Group kimga qarashli?

SFI Management Group¸ mahalliy matbuotda berilgan rasmiy xabarlarga ko‘ra¸ O‘zbekistonda 2017 yil yanvarida¸ Shavkat Mirziyoyev prezidentlikka saylanishi ortidan ta’sis etilgan.

Rasmiy saytida kompaniyaning xorijiy MChJ ekani va “korxonalarni bozor munosabatlariga moslashtirish, xalqaro standartlarni joriy etish, xorijiy mutaxassislar va investitsiyalarni jalb qilishda faol ishtirok etish orqali O‘zbekistonning iqtisodiy rivojlanishiga hissa qo‘shish maqsadida tashkil etilgan”i iddao qilingan.

Ochiq bozor sharoitida zamonaviy korporativ boshqaruv usullarini joriy etish”ni da’vo qilgan guruh rasmiy saytida na uning ta’sis hujjatlari¸ na kimga qarashli ekani yoxud boshqaruvchilariga oid biror ma’lumot yo‘q.

2017 yildan boshlab O‘zbekistondagi eng yirik va serdaromad davlat kompaniyalarini boshqarishni hech bir raqobatsiz qo‘lga ola boshlagan bu guruh¸ mahalliy va Rossiya matbuoti xabarlarida¸ asli o‘zbekistonlik milliarder Alisher Usmonovga qarashli deb ko‘rildi.

Alisher Usmonov 2018 yil dekabrida Forbes jurnaliga bergan intervyusida SFI Management Group egasi kim¸ degan savolga javob bergan edi.
Alisher Usmonov 2018 yil dekabrida Forbes jurnaliga bergan intervyusida SFI Management Group egasi kim¸ degan savolga javob bergan edi.

Ammo Forbes jurnalining Rossiya sho‘’basi 2018 yil 20 dekabrda chop etgan intervyuda Alisher Usmonov bu guruhning mulkdori boshqa bir o‘zbek milliarderi Fattoh Shodiyevning akasi Qobul Shodiyev ekanini aytdi. Ayni paytda Usmonov o‘zining “Metalloinvest” kompaniyasi SFI Management Group bilan hamkorlikda ishlashini bildirdi.

Bu guruh faoliyatidan yaxshi xabardor toshkentlik tadbirkor¸ shaxsi sir qolish sharti bilan¸ kompaniya nomidan uning asl egasi Qobul emas¸ Fattoh Shodiyev ekanini iddao qildi.

"SFI - mening bilishimcha Shodiyev Fattoh International so‘zlarining bosh harflaridan tuzilgan. Qobul Shodievga rasmiylashtirilgan¸Toshkentda uni Qobul Shodiyev boshqaradi¸ lekin asl egasi Fattoh Shodiyev ekani aytiladi. Bu guruh faoliyatida Alisher Usmonovning ham faol ekanini hamma biladi. Shuning uchun hatto "O‘zbekiston 24" kanali ham bu guruh faoliyati haqidagi lavhada Shodiyevdan ko‘ra ko‘proq Usmonov haqida gapirgan edi"¸ deydi bu tadbirkor.

"O‘zbekiston 24" davlat telekanali 2018 yil avgust oyida namoyish qilgan "Daxldorlik tuyg‘usi" deb nomlangan ko‘rsatuvda¸ prezident Mirziyoyev O‘zbekiston metallurgiya kombinatini¸ bevosita Alisher Usmonov tavsiyasi bilan "bu sohada ulkan tajribaga ega bo‘lgan" (2017 yilda tuzilgan - tahr.) SFI Management Group boshqaruviga topshirgani aytilgan edi.

Mirziyoyev hokimiyatga kelgach O‘zbekistonda biznesi gullayotgan Shodiyevlar kim?

Sharof Rashidov davrida O‘zbekistondagi eng yirik paxta tozalash zavodini boshqargan Qayum Shodiyev o‘g‘illari nomi o‘zbekistonliklarga asosan milliarder Fattoh Shodiyev tufayli tanilgan. Asli jizzaxlik Fattoh Shodiyev¸ 1976 yili Alisher Usmonov bilan birga Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti (MGIMO)ni tugatgan. Asosiy biznes faoliyatini Qozog‘istondagi kon-metallurgiya sohasida boshlagan. Islom Karimov hukmronligi davrida O‘zbekistonda biror biznes bilan shug‘ullangani haqida ochiq manbalarda ma’lumot yo‘q.

O‘zbekistonlik yana bir milliarder Alijon Ibragimov va isroillik Aleksandr Mashkevich bilan birgalikda 1994 yili tog‘-kon sohasidagi yirik xalqaro korporatsiya Eurasian Natural Resources Corporation (ENRC) ga asos solgan.

Bu korporatsiya 2007 yilda o‘z aksiyalarini London fond birjasida sotishni yo‘lga qo‘ygan. Britaniya matbuotiga ko‘ra¸ ko‘p o‘tmay bu kompaniya mamlakat birjasidagi eng qimmat korporatsiyaga aylanib¸ uning aksiyalari bahosi 20 milliard dollarga chiqqan.

Xalqaro moliya maydonidagi nufuzli nashrlardan sanalgan Financial Times gazetasiga ko‘ra¸ 2013 yili Britaniyadagi jiddiy firibgarliklar¸ poraxo‘rlik va katta miqdordagi korrupsiyani tergov qiluvchi Serious fraud office (SFO) ENRC faoliyatini taftish qilishga kirishgan. Shodiyev-Ibragimov-Mashkevich (G‘arbda trio deb tanilgan-tahr.) uchligiga qarashli korporatsiyaning Afrikadagi konlarni qo‘lga kiritish jarayonidagi korrupsiya ayblovi 7 yildan beri davom etayotgan bu tergov markaziga qo‘yilgan.

Britaniyadagi taniqli advokatlik firmalarini yollagan korporatsiya bu ayblovlarni inkor qilib keladi.

Ayni paytda 2013 yilda o‘z faoliyati Britaniya prokurorlari e’tiboriga tushishi ortidan ENRC London birjasidan chiqib ketgan va nomini ham Eurasian Resources Group deb o‘zgartirgan. Fattoh Shodiyev hozirda bu guruhning qariyb 19 foiz aksiyalari egasi.

Forbes jurnalining 2019 yilgi hisobicha¸ 2.1 milliard dollar boylik egasi bo‘lgan Fattoh Shodiyev Belgiya fuqarosi¸ asosan Qozog‘istonda yashaydi.

2 sentabr kuni bu trio nomi yana Britaniya matbuoti e’tiboriga qaytdi. Bunga esa¸ korporatsiyaning Afrikadagi faoliyatini boshqargan ikki sobiq menejerning Amerikadagi sirli o‘limi yuzasidan tergov boshlangani sabab bo‘ldi.

Financial Times gazetasining 2020 yil 2 sentabr kungi sonida o‘zbekistonlik ikki oligarx asos solgan korporatsiya sobiq menejerlarining sirli o‘limi AQSh Federal tergov byurosi tomonidan tergov qilinayotgani bildirildi.
Financial Times gazetasining 2020 yil 2 sentabr kungi sonida o‘zbekistonlik ikki oligarx asos solgan korporatsiya sobiq menejerlarining sirli o‘limi AQSh Federal tergov byurosi tomonidan tergov qilinayotgani bildirildi.

Joriy yil aprelida Tayga.info nashri bilan suhbatda Fattoh Shodiyev hozirda O‘zbekistonda o‘zining “hech qanday biznesi yo‘qligi”¸ vatanida faqat xayriya bilan shug‘ullanib kelayotganini bildirdi.

Shodiyev xalqaro fondi” ijtimoiy sohani takomillashtirish bilan mashg‘ul. Meditsina va ta’lim sohasidagi asosiy muammolar hal qilinmoqda”¸ degan Shodiyev¸ ayni paytda “boshqa biznesmenlar bilan” bir nechta yirik loyihalar” rejasida borligini bildirdi.

XS
SM
MD
LG