Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 19:18

To‘y industriyasi bankrotlik yoqasida. Biznes egalari to‘ylarni yana to‘yxonalarda o‘tkazishga ruxsat berilishini so‘ramoqda


To‘yxona egalari mehmonlar isitmasini o‘lchab¸ to‘y davomida sanitariya-gigiyena va ijtimoiy masofa saqlash qoidalariga amal qilinadigan to‘ylar o‘tkazishga tayyorligini ta’kidlamoqda.
To‘yxona egalari mehmonlar isitmasini o‘lchab¸ to‘y davomida sanitariya-gigiyena va ijtimoiy masofa saqlash qoidalariga amal qilinadigan to‘ylar o‘tkazishga tayyorligini ta’kidlamoqda.

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi “aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va xavfsizligini ta’minlash, koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish” maqsadida joriy yilning 23 martidan boshlab barcha ko‘ngilochar obyektlarni yopishga qaror qilgan edi.

Bu taqiq 1 iyundan 10 iyulga qadar “yashil” hududlarda qisman bekor qilinib¸ 15 avgustdan 30 kishilik to‘ylar o‘tkazilishiga ruxsat berilganiga qaramay¸ faqat oilaviy tadbirlar¸ asosan nikoh to‘ylari o‘tkazishga mo‘ljallangan to‘yxonalar yopiqligicha qolmoqda.

Bunday taqiq ortidan¸ Ozodlikka murojaat qilayotgan tadbirkorlarga ko‘ra¸ minglab odamni ish bilan ta’minlab kelgan mamlakatdagi to‘y industriyasi sinishga yuz tutgan.

Ozodlik orqali hukumatga murojaat qilgan bu biznes egalari fikricha¸ epidemiya tufayli to‘yxonalardan xonadonlarga qaytgan va endilikda restoranlarga ham ko‘chgan to‘ylarda aslida yuzlab odam qatnashmoqda, sanitariya nazoratisiz o‘tkazilayotgan bu marosimlar virus o‘chog‘i bo‘lib qolmoqda.

Ular iddaosicha¸ hukumat to‘xtamayotgan to‘ylarni to‘yxonalarga qaytarish orqali bu tadbirlarning belgilangan sanitariya-epidemiologik standartlar asosida o‘tkazilishi va shu orqali infeksiya tarqalishini nazoratga olishi mumkin.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi Axborot xizmati Ozodlikning bu e’tiroz va takliflarga munosabat so‘rab qilgan og‘zaki va yozma murojaatiga 15 sentabr kuni javob qaytarmadi.

To‘yxona egalari: Karantin faqat to‘yxonagami?

Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan 5 sentabrdan qator karantin cheklovlari yumshatilganiga qaramay¸ to‘yxonalar faoliyatiga o‘rnatilgan taqiq kuchda qoldi.

Ozodlikka murojaat qilgan O‘zbekistonning turli shahar va tumanlaridagi to‘yxona egalari¸ hukumatning bu qarori to‘y mavsumida biznesni sal jonlantirishga bo‘lgan so‘nggi umidni ham chippakka chiqarganini aytadi.

«Men Namangan viloyatida to‘yxona tashkil etganman. Sezonga qarab¸ kuniga 7 tadan 15 tagacha odam ishlardi. Qariyb 6 oydan beri faoliyat ko‘rsatmayapmiz. Oilada 7 kishimiz. Bir o‘g‘lim kontraktga o‘qiydi. Oilam 6 oydan bri daromadsiz qoldi. Mart, aprel oylariga to‘y o‘tkazish uchun 30 dan oshiq to‘ylarga garov puli olganman. Hozirgi kunda garov pullarini so‘rab kelib janjal qilishyapti. Bu pullarni 6 oy ichida 7 kishilik oilam bilan yeb tugatib bo‘ldik. Qaytaradigan holdamasman. To‘yxona egalari va ishchilarining farzandlari kontrakt pullarini bu yil qaysi daromadi hisobiga to‘laydi? Bizni yopib qo‘yganlar¸ bu jihatlarni o‘ylab ko‘rganmi?

Toshkentdagi pandemiyagacha bozori chaqqon bo‘lgan to‘yxonalardan biri ish boshqaruvchisi ham bu sohada ishlayotgan tadbirkor va xizmatchilar ahvolining “juda og‘irligi”ni aytadi.

“Karantingacha yoz-kuz mavsumida har kun to‘y-hasham o‘tkazganmiz. 25 ta odam muntazam ishlardi. Olti oydan beri hamma ishsiz. Hammamizga qiyin – to‘yxona egasi bankdan kredit olgan. Yaqinda uning foiz va asosiy qismini qaytarishi kerak bo‘ladi. Karantingacha qancha to‘yga zakalat olib¸ uni inkassatsiya qilganmiz¸ undan soliq to‘laganmiz. Bu pullarni qanday qaytaramiz¸ bu ham ochiq savol. Ayniqsa¸ idish-tovoq yuvadigan¸ farrosh ayollarimizga juda og‘ir bo‘ldi. Ko‘pchiligi¸ yolg‘iz onalar. Ular oylikdan tashqari¸ to‘ydan qolgan non va ovqat bilan ro‘zg‘or tebratib kelgan. Olti oydan beri na oylik¸ na osh-ovqati bor. Biz ham qiynalayotgan xalqning bir qismimiz¸ nahotki hukumat bizga o‘gay ko‘z bilan qarashda davom etadi?

Hovlidagi to‘ylar infeksiya o‘chog‘iga aylangan....

O‘zbekistondagi kattayu kichik to‘yxonalar faoliyati hukumat maxsus qarori bilan 23 martdan taqiqlanganiga qaramay¸ xonadonlarda to‘ylar to‘xtagan emas.

1 iyundan 10 iyulgacha yashil hududlarda¸oraliq taqiqdan so‘ng¸15 avgustdan butun mamlakat hududida “oilaviy tantana, to‘y, ma’raka va marosimlarni fuqarolarning uy-joyi va hovlisining o‘zida 30 kishidan ko‘p bo‘lmagan (faqat yaqin qarindoshlar va ushbu tuman hududida istiqomat qiluvchi boshqa qarindoshlar) hamda sanitariya va gigiyena talablariga qat’iy rioya etgan holda o‘tkazish”ga ruxsat berildi.

Ozodlik gaplashgan to‘yxona egalari¸ bunday cheklovga qaramay¸ mamlakatning aksar hududida mehmonlar soni bir necha yuz kishiga yetadigan to‘ylar davom etayotganini aytadi.

Odamlar karantinda to‘y qilishga ham moslashib oldi. Ikki-uch kun obedgayam¸ kechqurungayam 30-40 kishidan chaqiradi. Bir kunda chaqirilayotganlar soni 200 kishidan oshayapti. To‘y egalaridan bittasi kasallangan bo‘lsa¸ hammasiga yuqdi degani bu! Uylarda bo‘layotgan 30 kishilik to‘ylarda mehmonlar soni 200 tadan oshib ketmoqda. Bu yerda na sanitariya¸ na gigiyena qoidalarini birov nazorat qilayotgani yo‘qku! Buning o‘rniga tepada o‘tirgan aqllilar¸ nazoratni kuchaytirib¸ to‘yxonalarda 100 kishilik to‘yga ruxsat bergani hamma uchun foydali emasmi? Uydagi 30 kishilik to‘ylardan 100 kishilik to‘yxonadagi to‘ylar xavfsizroq emasmi?" deydi namanganlik to‘yxona egasi.

Toshkentdagi to‘yxona ish boshqaruvchisi ham¸ hovlilarda bo‘layotgan to‘ylarning ham to‘y egalari¸ ham jamiyatga qimmatga tushayotganini aytadi.

To‘ylar to‘xtab qolmadi. Faqat ular sanitariya-gigiyena nazoratidan chetda o‘tyapti. Masalan¸ to‘yxonada bitta qoshiq tushsa¸ uni darrov yangisiga almashtirib beramiz. Har bitta odamning pribori¸ stakani tez-tez almashadi. To‘yxonadachi, kim bunaqa servis qiladi? Hovlisida to‘y qilayotganlar bir kishilik priborni 100 ming so‘mdan ijaraga olyapti. Bu 30 kishiga 3 million faqat tarelka-qoshiqqa ketdi¸ degani. Birovining stakanidan ikkinchisi ichib o‘tiripti¸ bu degani virus bemalol tarqayapti degani. Xalqniyam¸ tadbirkorniyam qiynamasdan¸ to‘yxonalarni ochsa¸ biz mehmonlarning isitmasini o‘lchab¸ qo‘lini dezinfeksiya qilib kiritsak¸ stollar orasini ochib¸ masofa saqlanishiga qarasak¸ hammaga yaxshimasmi? Kichik hovlilarda o‘tayotgan to‘ylarda hech qanaqa masofa saqlanayotgani yo‘qku!

Ozodlik gaplashgan yana bir to‘yxona biznesiga aloqador tadbirkor¸ to‘yxonalarning taqiqlanishi kundalik hayotda davom etayotgan boshqa tadbirlar oldida “absurd” ekanini aytadi.

“To‘yxonaga ruxsat yo‘q, lekin har kuni 200 kishini majlislar zalida to‘plab soatlab selektor qilishga ruxsat bor! Xorazm hokimi to‘y qilayotganlarni terrorchi deganini eshitdik¸ hokimlar¸ ertalabdan kechqurungacha yuzlab odamni to‘plab majlis qilayotgan boshqa amaldorlarning o‘zi kim unda? Mana paxta mavsumi boshlandi¸ o‘nlab odam bitta yopiq xonada yotib-turadi¸ buniyam taqiqlasin unda! Bu paradokslar tugarmikan O‘zbekistonda?”

Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanov 7 sentabr kuni o‘tkazgan bir necha yuz kishilik selektor yig‘ilishida hovlilarda o‘tayotgan to‘ylarni keskin tanqid qilgan edi.

To‘yxonamas¸ hozir polniy odamlarni qirishga qaratilgan narsa bo‘lyapti. To‘y deb turib¸ odamlarni chaqirib¸ kasallik tarqatib¸ aniqli odamlarni olib borib kasallikni yuqishtirish bu. Qasddan axir bu jamiyatimizga zarar keltiryapti bu. Terroristdan besh battar yomon bu! Terrorist borib bir narsani portlatsa¸ to‘rt odam o‘ladi¸ uch odam o‘ladi. Bu borib turib 100 odamni chaqirib turib¸ zarar tarqatib kasallantirib turgan odam terroristdan battar bu”¸ degan edi Xorazm viloyati hokimi 200 kishi bitta zalda to‘plangan majlisda.

To‘yxona yopiq¸ lekin solig‘i ochiq...

Ozodlikka murojaat qilgan ayrim to‘yxona egalari¸ olti oydan beri daromadsiz o‘tirgan bir paytda¸ soliq idoralari yer va mulk solig‘i to‘lashni talab qila boshlagani “dard ustiga chipqon” bo‘lganini aytadi.

To‘yxona kadastr hujjati jismoniy shaxsga qilinganligi uchun mulk va yer solig‘idan yengillik berilmadi. Oktabr oyiga 8 mln mulk va yer solig‘i to‘lashimiz kerak. Davlat tomonidan to‘xtatilgan to‘yxonalar foydalana olmagan mulki va yeri uchun soliqlarini qaysi daromad evaziga to‘lasin?Shu savollarga javob beradigan va javob berishga qiziqayotgan mutasaddilar bormikan O‘zbekistonda?»

To‘yxona egalari¸ hukumat 23 martdan kiritgan karantin cheklovlari ortidan faoliyati to‘xtagan boshqa tadbirkorlar kabi¸ yil oxirigacha daromad solig‘idan ozod qilingan. Ayni paytda¸ yakka tartibdagi tadbirkorlarni yer va mulk solig‘idan ozod qilgani yo‘q.

Ayrim to‘yxona egalarining bu e’tiroziga javob bergan O‘zbekiston Soliq qo‘mitasi mulozimlaridan biri¸ hukumat maxsus qaror chiqarmasa¸ bunday tadbirkorlarning yer va mulk solig‘ini to‘lashi shart ekanini bildirdi.

«Yuridik shaxslar nomida bo‘lgan noturar obyektlar uchun yer-mulk solig‘ida yil oxirigacha imtiyoz berilgan. Jismoniy shaxslarning nomidagi noturar obyektlar uchun imtiyoz berilmagan. Soliqchilikda to‘yxona degan alohida kategoriya yo‘q».

Soliq tizimining Ozodlik bog‘langan boshqa bir xodimi¸ ayni kunlarda to‘yxona egasi bo‘lgan jismoniy shaxslardan yer va mulk solig‘ini undirish bo‘yicha bosim kuchayganini bildirdi.

«Bugun ham xodimlar 100 foiz ishga jalb qilindi yer va mulk soliqlarini undirishga. To‘lolmaydigan tadbirkorlarni jarimaga tortish reja-grafigi ishlab chiqilgan. Iloji yo‘q¸ pul undirmasa har kuni ertalab qo‘mita selektor qilib sharmanda qiladi. Pul olib kelmasang ishdan ketasan¸ deb dag‘dag‘a qilishadi. Bu tadbirkorlarning ko‘p noroziliklariga sabab bo‘lyapti. Pandemiya davrida bularga yengillik berish kerak¸ aks holda daromad qilmagani ustiga jarimaga ham tortilsa¸ ko‘pchiligi sinadiku!”¸ deydi vodiylik soliq inspeksiyasi xodimi.

Ozodlik gaplashgan soliq tizimi mutaxassislari¸ to‘yxonalar faoliyatining taqiqlanib¸ to‘ylarning xususiy hovlilarga ko‘chirilganining soliq tushumiga ta’siri anchagacha sezilishini ta’kidladi.

To‘yxona egalari so‘rovi ko‘rib chiqiladimi?

O‘zbekistondagi to‘y industriyasi markazi sanalgan to‘yxona egalarining hukumat taqiqiga bildirayotgan e’tiroz va so‘rovlariga munosabat so‘rab¸ Ozodlik Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi Axborot xizmatiga murojaat qildi.

Xizmat mulozimi telefon suhbatida savollarni yozma jo‘natishni so‘ragani ortidan karantin cheklovlarini belgilashda asosiy rol o‘ynovi bu xizmat mulozimiga Ozodlik o‘z savollarini yozma shaklda jo‘natdi.

Bir soat ichida javob berilishi va’da qilingan bu savollarga 15 sentabr Toshkent vaqti bilan kechki soat 7 ga qadar javob berilmadi.

Ayni paytda bu e’tirozlarga mazkur tizimning matbuotga gapirish vakolati yo‘qligi bois shaxsi ochiqlanmasligini istagan mutaxassisi munosabat bildirdi.

"Hovlilardagi to‘ylar¸ aksincha¸ koronavirusning yanayam tarqalishiga sabab bo‘lmoqda¸ deb hisoblayman. Chunki xonadonda bo‘lsa ko‘proq muloqotda bo‘lishadi, ya’ni to‘ylar cho‘ziladi vaqti va odamlar ham ko‘proq keladi. Bu bilan demoqchimanki, to‘ylarning xonadonlarda bo‘lishi virusni kamayishiga xizmat qilgani yo‘q¸ aksincha ko‘payib bormoqda. Bitta to‘yga borganlardan analiz olib tekshirilsa¸ yarmidan ko‘pida virus tasdiqlanyapti. To‘ylarni to‘xtata olmasak¸ ularning qattiq sanitariya standartlari asosida o‘tishini yo‘lga qo‘yishimiz kerak. Buni har bitta hovlida qilishning iloji yo‘q¸ har bitta to‘yga sanitar nazoratchisi qo‘yolmaysizku! Shu ma’noda¸ to‘yxonalarni aniq talablar qayta ochish so‘rovida mantiq bor. Tadbirkor ham jarima va yopilishdan qo‘rqib¸ bu talablarga rioya qiladi¸"dedi Ozodlik gaplashgan sanitariya-epidemiologiya tizimi mutaxassisi.

To‘y industriyasi ko‘pdan tanqid nishonida

O‘zbekistonda to‘y-hasham industriyasi pandemiyaga qadar serdaromad biznes bo‘lib kelgan. Bu industriya sovchilik xizmatidan to to‘ydan keyingi har xil marosimlarni o‘tkazib berishgacha ixtisoslashgan tarmoqlangan xizmatga aylangan edi.

Yillik aylanmasi o‘nlab million dollarda chamalangan bu biznesni jilovlash urinishlari¸ xususan¸ prezident Mirziyoyevning dabdabali to‘ylar uchun jarima joriy qilish takliflari pandemiyaga qadar samara bermay keldi.

Bu industriya faoliyatining karantin cheklovlari bilan falajlangani¸ ayrim o‘zbkistonliklar tomonidan olqishlanmoqda¸ bu cheklovlarni pandemiyadan so‘ng ham davom ettirish takliflari bildirilmoqda.

Xususan¸ Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi Ulug‘bek Vafoyev mahalliy matbuotda qilgan chiqishida¸ bu industriyaning “xufyona iqtisod” bilan chatishib ketganini ta’kidladi va o‘zbekistonliklarni bu industriyaning turli “aldovlari”ga uchmaslikka chaqirdi.

Pandemiyadan keyin yengilliklar berilganida, «to‘y-hashamlar industriyasi» dabdabali marosimlar o‘tkazish bo‘yicha agressiv targ‘ibotini boshlaydi va turli yangi «xizmatlar» taklif qilib, havasmand yoshlar, soddaroq ota-onalarni xarajat botqog‘iga tortadi. Farzandi baxtini o‘ylaydigan oiladan har xil bahonalar bilan pul shilishning payiga tushadi”¸ deb yozdi deputat.

O‘z chiqishida XDP vakili¸ pandemiya ortidan yopilgan “ulkan to‘yxonalar negizida ishsiz fuqarolarni kasb-hunarga o‘rgatuvchi markazlar, pedagog kadrlarni kasbga qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazlari, yoshlarning madaniy hordiq chiqarish maskanlari, fuqarolar va jamiyat uchun haqiqatda foydali bo‘lgan ijtimoiy-madaniy muassasalarni yuzaga keltirish kerak”ligini taklif qildi.

XS
SM
MD
LG