Линклар

Шошилинч хабар
27 октябр 2020, Тошкент вақти: 14:44

COVID-19ga chalingan yana bir rahbar - Bosh vazir o‘rinbosari O‘ktam Barnoyev Germaniyada vafot etdi


O‘ktam Barnoyev

Bosh vazirning agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari O‘ktam Barnoyev 56 yoshida vafot etdi.

Qator mahalliy nashrlarning hukumatdagi manbalariga tayanib xabar qilishicha, Barnoyev koronavirusga chalingach, insultga uchragan.

So‘ngra, davolash uchun Germaniyaga yuborilgan va o‘sha yerda vafot etgan. Ammo rasmiy manbalarda bunday tafsilotlar keltirilmadi.

Ayni vaqtda Buxoroda dafn marosimiga tayyorgarlik ko‘rilayotgani va prezidentning Buxoroga borishi kutilayotgani xabar qilinmoqda.

O‘ktam Barnoyev vafot etgani haqidagi ma’lumotni O‘zA agentligi 20 sentabr kuni tarqatdi.

"Bugun davlat va siyosat arbobi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari O‘ktam Barnoyev 56 yoshida vafot etdi", deya bir jumla xabar berdi milliy axborot agentligi.

Gazeta.uz nashrining hukumatdagi manbasiga tayanib xabar qilishicha, so‘nggi hafta ichida u Germaniyada davolangan.

Shuningdek,Kun.uz nashri o‘z manbalariga tayanib, koronavirusga chalingan marhum insultni boshidan kechirgani va shundan so‘ng, bosh miyasida jarrohlik amaliyotini o‘tkazish uchun Germaniyaga yuborilganini xabar qildi.

Nashrning yozishicha, hukumat mulozimi Germaniyada vafot etgan.

Ammo, bu tafsilotlar hozircha rasmiy manbalarda e’lon qilinmadi.

Shu yilning 30 - iyulida O‘. Barnoyevda koronavirus aniqlangani hamda Akfa Medline klinikasiga davolanish uchun yotqizilgani rasman ma’lum qilingan edi.

O‘ktam Barnoyev 1964 - yilda Buxoro viloyati Romitan tumanida tug‘ilgan.

U Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutini tamomlagan.

1997-2000- yillar oralig‘ida Buxoro viloyati Qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘ining iqtisodiyot va islohotlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari sifatida ishlagan.

2000-2002 - yillarda Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, 2002-2007- yillar orasida Vazirlar Mahkamasi markaziy apparatida turli lavozimlarda ishlagan.

2007-2008 - yillarda qishloq va suv xo‘jaligi vaziri birinchi o‘rinbosari bo‘lgan.

2008-2010 - yillarda esa Samarqand viloyatida hokim bo‘lib ishlagan.

2011-2016- yillarda Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining Respublika suv inspeksiyasi boshlig‘i, 2016 yildan esa "O‘zagrokimyo" kompaniyasi boshqaruvi raisi lavozimlarida ishlagan.

2016 - yilda prezident Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelishi bilan Buxoro viloyati hokimi etib tayinlangan edi.

2020 - yil fevral oyidan Bosh vazirning agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan.

Barnoev O‘zbekistonda koronavirusga chalinib vafot etgan uchinchi yuqori martabali hukumat rasmiysidir.

Shu yilning 22 - avgustida, Barnoyevdan so‘ng Buxoro viloyati hokimi vazifasini bajarayotgan, Karim Kamolov 66 yoshida olamdan o‘tgan.

31 - iyul kuni esa Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi raisi, Oliy Majlis Senati raisi o‘rinbosari Musa Tajetdinovich Yerniyazov vafot etgandi.

XS
SM
MD
LG