Линклар

Шошилинч хабар
22 октябр 2020, Тошкент вақти: 06:41

Hokim Ortiqxo‘jayevning bog‘ yerini Tenge bankka berish qarori keskin norozilikka sabab bo‘lmoqda (VIDEO)


18 - sentabrdan Onalar va bolalar bog‘idagi yo‘laklarga yotqizilgan toshlarni terish va qurilish uchun joy tozalash boshlandi.

Ayni kunlarda Toshkent markazida yana bir osmono‘par bino qurilishiga start berish rejalangan.

“Mirzo Ulugbek Business City” loyihasi doirasida Hamid Olimjon metro bekati yonidagi Onalar va bolalar parki yo‘q qilinib¸ uning o‘rnida 20 qavatli bank binosi quriladi.

Yana bir biznes siti qurilishiga aholi manfaatlariga zid ravishda ruxsat berilgani toshkentliklarning jiddiy e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.

Ҳоким Ортиқхўжаев пандемияда ҳам Тошкентни бузиб¸ City қуриш режасини давом эттирмоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:21 0:00

Sitisevar hokim bog‘ni bankka almashmoqchi

“Mirzo Ulugbek Business City” loyihasi uchun park hududidan 0.7 gektar hududni ajratish haqidagi qarorni Toshkent shahar hokimi, Tashkent City megaproyekti muallifi Jahongir Ortiqxo‘jayev imzolagan.

Tenge Bank bosh ofisi joylashadigan bino loyihasi.
Tenge Bank bosh ofisi joylashadigan bino loyihasi.

Ozodlikdagi qaror nushasiga ko‘ra¸ ko‘p qavatli uylar orasida qolgan yagona park hududi Qozog‘istonning Tenge bankiga O‘zbekistondagi o‘z bosh ofisi¸ qolaversa¸ savdo majmuasi qurish uchun ajratilgan.

Jahongir Ortiqxo‘jayevning Toshkent markazidagi bog‘ hududini Tenge bank uchun ofiz binosiga ajratish haqidagi qarori.
Jahongir Ortiqxo‘jayevning Toshkent markazidagi bog‘ hududini Tenge bank uchun ofiz binosiga ajratish haqidagi qarori.

Toshkentning eng qimmat zonasidagi bu yashil park hududining aynan qaysi yuridik yoki jimoniy shaxslarga va qanchaga sotilgani noma’lum.

Toshkent hokimining ushbu savdosidan xabar topgan park atrofida yashovchi aholi vakillari o‘tgan oy bu rejaga o‘z noroziligini bildirdi. Ular o‘z e’tirozini turli shaklda - prezident portalidan tortib¸ Rossiya matbuotigacha yuborishgan.

Atrofda yashovchi aholini shahar markazidagi yana bir parkning sotib yuborilishi¸o‘zi va bolalarining toza havo¸ dam olish maskanidan ayrilishigina xavotirga solayotgani yo‘q.

Ularni seysmik hudud bo‘lgan Toshkentning tagidan metro o‘tuvchi hududida 20 qavatli bino qurishning atrofdagi uylar xavfsizligiga tahdidi ham jiddiy tashvishga solmoqda.

Men shu parkning yonidagi domda yashayman. Bu bolalarimiz o‘ynashi¸ qariyalarimiz oyog‘ining chigalini yoyishi uchun qolgan so‘nggi parcha yer. Bu yerni olishga ko‘pdan ko‘z olaytirishdi. Qandaydir Rossiya kompaniyalari olmoqchi bo‘ldi. Lekin ular bu yerda katta qurilish qilish shaharsozlik talablariga to‘g‘ri kelmasligini bilib¸ bundan voz kechdi. Sababi¸ buning tagidan metro o‘tadi. Bundan tashqari¸ har xil grunt suvlari to‘plangan. Tagida uch qavatli parkovkasi bo‘lgan 20 qavatli uy qurilsa¸ ham metro¸ ham atrofdagi ko‘p qavatli uylarga ziyon yetishi aniq. Qolaversa¸ asosan aholi mehnati bilan ko‘kargan 30 yillik daraxtlar o‘ladi. Ortiqxo‘jayev qozoq banki bilan tandemda butun Mirzo Ulug‘bek rayoni aholisini falokatga yetaklamoqchi. Hech kim na hokim¸ na Qozog‘iston bankiga xalq mulki bo‘lgan bog‘ni yo‘q qilib¸ aholi hayoti va sog‘lig‘ini xatar ostida qoldirish vakolatini bergan emas”¸ deydi Ozodlik gaplashgan biznes-siti loyihasi muxoliflaridan biri.

Qurilishga yer hozirlash boshlandi

Bunday e’tirozlar ortidan 20 - avgust kuni sotib yuborilgan park hududida bloger va aholi vakillari bilan uchrashgan Toshkent shahar hokimi so‘zchisi Furqat Mahmudxo‘jayev¸ “Mirzo Ulug‘bek tuman hokimligi investor bilan birgalikda loyihani aholiga taqdim etib¸ ular bilan muhokama qilajagi”ni bildirgan edi.

Bu va’dadan bir oy o‘tib-o‘tmay park atrofidagi aholi uning hududida qurilishga hozirlik boshlanganiga guvoh bo‘ldi.

18 - sentabr kuni park yo‘laklaridagi toshlarni terish boshlanganini ko‘rgan aholi vakillari¸ ijtimoiy tarmoqlar orqali prezident va Toshkent jamoatchiligiga videomurojaat qildi.

Президентга мурожаат
Илтимос кутинг
Киритиш (Embed)

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:46 0:00

Norozilarning Ozodlikka aytishicha¸ bu murojaatdan so‘ng park hududidagi ish to‘xtagan¸ ammo 20 qavatli qurilish loyihasining nima bo‘lgani haqida biror ma’lumot berilmagan.

Tenge bank: Bu yerni bizga Toshkent hokimi bergan....

Ozodlik bilan suhbatda Tenge bank mulozimlari bu yerni o‘zlariga Toshkent shahar hokimi ajratgani¸shu bois e’tirozlar o‘zlariga oid emasligini bildirdi.

Bank mulozimlariga ko‘ra¸ sentabrda boshlanishi rejalangan qurilish e’tirozlar ortidan biroz kechikkan¸ ammo uni tez kunda boshlash kutilmoqda.

Ayni paytda Tenge bank vakillari¸ yaqin kunlarda Toshkent shahar hokimligida investor va aholi vakillari o‘rtasida brifing uyushtirilishini ma’lum qildi.

Park o‘rnida Business city qurilishiga ochiq norozilik bildirayotgan faollar esa¸ o‘zlarining bunday uchrashuvdan bexabarligini bildirdi.

Bu rejaga park atrofida yashovchilarning hammasi qarshi. Oramizdan chiqqan faollar bu loyihani to‘xtatish uchun to‘rt tomonga yugurib yelmoqda. Ammo bu faollar qolib¸ o‘z odamlarini “aholi vakillari” deb imi-jimida soxta brifing o‘tkazmoqchi bo‘lishsa¸ bunga qarab turmaymiz. Bu yer hokim Ortiqxo‘jayevga otasidan qolgan mulk emas¸ bu barcha toshkentliklarning mulki. Shaharning eng qimmat yerlarini qarichma-qarich sotilishiga bundan keyin tomoshabin bo‘lib turmaymiz”¸ dedi Ozodlik gaplashgan S -1 massivi faollaridan biri.

Tenge bank va qozog‘istonlik oligarxlar

Aholi bildirayotgan e’tirozlarga munosabat bildirgan Tenge bankning O‘zbekistondagi bo‘limi mulozimi¸ bino quriladigan hududdagi daraxtlarning boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazilishini bildirdi.

“Park tagidan metro o‘tishi¸ Pushkin ko‘chasi ostida esa¸ “yer osti daryosi” borligi¸ hududning bunday osmono‘par qurilish uchun o‘ta xavfli ekani” haqidagi xavotirlarga javoban bank vakili ularda asos yo‘qligini iddao qildi.

Qurilish uchun tajribali qurilish kompaniyasi pudratchi qilib olingan. Ularning mutaxassislari bu jihatlarning hammasini o‘rganib chiqib¸ bu territoriyada 20 qavatli bino qurish mumkin¸ degan xulosaga kelgan”¸ dedi Tenge bankning Ozodlik gaplashgan mulozimi.

20 qavatli biznes markazga ko‘chib kirmoqchi bo‘layotgan Tenge bank aksiyalarining 100 foiz mulkdori Qozog‘istondagi eng yirik Halyk bankidir. Bu bank aksiyalarining 64 foizlik kontrol paketi ALMEKS holding guruhiga qarashli. Bu holding egalari esa Qozog‘iston Birinchi prezidentining qizi Dinara Kulibayeva va uning eri Timur Kulibayevdir.

Ozodlikda mavjud hujjatlarga ko‘ra¸ Tenge bank uchun mo‘ljallangan 20 qavatli bino pudratchisi Qozog‘istondagi eng yirik developerlik kompaniyasi hisoblangan Bazis Construction kompaniyasi. Ayni paytda¸ bu kompaniyaning O‘zbekistondagi hamkori Bazis-Asia Company MChJ.

2019 - yil sentabrida O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan Bazis-Asia Company MChJ bosh direktori Muhammad Bahromovich Shodiyev. Muhammad Shodiyev esa¸ asli o‘zbekistonlik¸ ammo asosan Qozog‘iston va boshqa davlatlarda biznes yuritib kelgan milliarder Fattoh Shodiyevning jiyanidir.

Ozodlik bilan gaplashgan Toshkent shahar hokimligiga yaqin ayrim mulozimlar Tenge bankning Toshkentdagi ofisini qurish loyihasida Qozog‘iston sobiq birinchi oilasiga yaqin ko‘rilgan Fattoh Shodiyevning “faol qo‘li” borligini iddao qildi.

Ozodlik bog‘langan Shodiyev xalqaro fondi mulozimi bu iddaoni mutlaq rad etdi.

Fattoh Qayumovich Shodiyev va unga qarashli tizimlarning Toshkent markazida Tenge bank yangi binosi qurilishiga na bevosita¸ na bilvosita aloqasi yo‘q. F.K. Shodiyev bu loyiha aksiyalari egasi emas va unda biror shaklda ishtirok etmayapti. Shuningdek¸ Halyk Bankida Fattoh Shodiyevning ulushi yo‘q»¸ deyiladi Ozodlikka Shodiyev xalqaro fondi bergan yozma javobda.

Tenge bank qurilishi bosh pudratchisiga aloqador Bazis - Asia Company MChJ registratsiya hujjatida keltirilgan telefon raqamiga hech kim javob bermadi. Ayni paytda¸ Bazis Construction kompaniyasining Olmaota va Toshkentdagi vakillari loyihaga oid Ozodlik savollarini javobsiz qoldirdi.

Gezi parki va xalq isyoni tarixi

2013 - yili Istanbulning sobiq hokimi¸ o‘shandagi Bosh vazir Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Istanbul shahri markazida joylashgan Taqsim maydonidagi Gezi (Istanbulning markaziy Taqsim maydonidagi park-tahr.) parkini o‘ziga yaqin developerlik shirkatiga qurilish uchun ajratgani ortidan bu bog‘ va maydon norozilik markaziga aylangandi.

Shahar markazidagi xalq yerini sotishga qarshilikdan boshlangan noroziliklar ko‘p o‘tmay, Erdo‘g‘on hukumatining ijtimoiy-iqtisodiy siyosati¸ bu hukumatning Turkiyadagi dunyoviylik ustunlarini yemirayotganiga qarshi ommaviy protestga aylandi.

27 mayda boshlanib¸ 20 avgustgacha Turkiyaning aksar shaharlariga yoyilgan bu namoyishlarda 1¸5 milliondan oshiq odam qatnashgan.

Xavfsizlik kuchlari bilan ziddiyat fonida o‘tgan bu namoyishlarda 22 odam o‘ldi¸ 8000 dan oshig‘i jarohatlandi. Gezi parki bo‘hroni Erdo‘g‘on hukumatining eng katta muammosiga aylandi va uning xalqaro maydondagi obro‘si¸ xususan¸ Yevropa ittifoqi bilan munosabatlariga ziyon yetkazdi.

Xalq noroziligi ortidan hukumat bog‘ yerini qurilishga berish rejasidan voz kechishga majbur bo‘ldi – Gezi parki hozir ham istanbulliklarning sevimli bog‘i bo‘lib qolmoqda.

Тошкентлик зиëлилар Жаҳонгир Ортиқхўжаевни огоҳлантирди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:54 0:00

Toshkentning tadbirkor hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning xalq va davlat mulki bo‘lgan yerlarni sotish¸ aholi uylarini buzib¸ sitilar qurish rejasiga norozilik bildirish uchun o‘tgan yil hokim oldiga borgan poytaxtlik ziyolilar uni "xalq ehtiroslari bilan o‘ynashmaslik"ka chaqirishgan edi.

Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev¸ uning matbuot kotibi¸ qolaversa¸ hokimlikning “Mirzo Ulugbek Business City” loyihasiga aloqador boshqarma va bo‘limlaridan aholi noroziligiga munosabat olishning hozircha imkoni bo‘lmadi.

XS
SM
MD
LG