Линклар

Шошилинч хабар
22 октябр 2020, Тошкент вақти: 14:43

Tog‘li Qorabog‘da qaqshatqich janglar ikkinchi kun davom etmoqda


O‘t ochishni to‘xtatish haqidagi xalqaro chaqiriqlarga qaramay, Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasida bahsli Tog‘li Qorabog‘ mintaqasi ustidan janglar ikkinchi kun davom etgan.

Rasmiy Yerevan janglar tun bo‘yi davom etganini aytgan, Baku esa arman kuchlari Tartar shahrini to‘plardan nishonga olganini aytmoqda.

Ozarbayjon hududidagi bo‘lginchi anklav bo‘lgan Tog‘li Qorabog‘ rasmiylari 27 - sentabr kuni Ozarbayjon kuchlari bilan jangda 32 askaridan 28 nafari halok bo‘lganini aytishgan.

Ozarbayjonda Prezident Ilhom Aliyev qisman harbiy safarbarlik e’lon qilgan.

Tog‘li Qorabog‘dagi janglar manzarasida Rossiya rublining AQSh dollariga nisbatan qiymati tushib ketgan. Reyter agentligining yozishicha, dushanba kuni Moskva birjasida bir AQSh dollari 79 rublga ko‘tarilgan.

Kreml urushayotgan tomonlarni zudlik bilan harbiy harakatlarni to‘xtatish va siyosiy-diplomatik yo‘lga qaytishga chaqirmoqda.

"Urush"

27 - sentabr kuni boshlanib ketgan harbiy to‘qnashuvlarga har ikki taraf vertolyot, dron, tank va artilleriyani jalb qildi.

Iyul oyidagi ziddiyatda kamida 17 nafar odam halok bo‘lgan edi.

Bu safargi to‘qnashuvlarni har ikki taraf «urush» deb atamoqda.

Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Ozarbayjonni agressiyada ayblab, «Janubiy Kavkaz to‘laqonli urush yoqasida turgani»ni aytgan.

To‘qnashuvlar boshlanib ketganidan keyin Armaniston hamda Tog‘li Qorabog‘da harbiy holat va umumiy safarbarlik e’lon qilindi.

Ozarbayjonda esa harbiy holat va komendantlik soati joriy qilindi. Mamlakat armiyasi Tog‘li Qorabog‘da yettita qishloqni qo‘lga kiritganini aytmoqda.

Yevropa davlatlari, Rossiya, BMT va AQSh taraflarni zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirgan.

Turkiya esa yaqin ittifoqchisi bo‘lgan Ozarbayjonni to‘liq qo‘llashini aytmoqda.

Armaniston bosh vaziri Pashinyan qudratli davlatlardan Turkiyaning mojaroga aralashishiga yo‘l qo‘ymaslikni so‘ragan.

Avgust oyida Turkiya va Ozarbayjon qo‘shinlari qo‘shma harbiy mashqlarni o‘tkazgan edi.

Turkiyaning aralashuvini Rossiya yaqinda kuzatmoqda. Anqara va Moskva Liviya hamda Suriyadagi urushda bir-biriga qarshi taraflarni qo‘llab keladi.

Tog‘li Qorabog‘ 1994 yildan buyon etnik arman qo‘shinlari tomonidan boshqarib kelinadi. Bokuga ko‘ra, ularning safida Armaniston harbiylari bor.

Bironta davlat Tog‘li Qorabog‘ning mustaqilligini tan olmagan.

XS
SM
MD
LG