Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 20:00

Hujjatlar: Ortiqxo‘jayevga aloqador Texnoparkdan 3.5 mln gaz hisoblagich sotib olishga oid shartnoma qonunga zid


Akfa/Artel korporatsiyasi egasi Jahongir Ortiqxo‘jayev prezident Shavkat Mirziyoyevga yaqin mulozimlardan sanaladi
Akfa/Artel korporatsiyasi egasi Jahongir Ortiqxo‘jayev prezident Shavkat Mirziyoyevga yaqin mulozimlardan sanaladi

Kelasi yil avgustiga qadar tabiiy gaz iste’mol qiluvchi har bir o‘zbekistonlikning uyiga “aqlli” deb taqdim etilayotgan gaz hisoblagichlar o‘rnatiladi.

Bu haqda prezident Mirziyoyev bir emas¸ bir necha qarorni imzolagan.

O‘zbekistonliklarni yoppasiga tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimi (ruscha qisqartmasi - ASKUG-tahr.)ga o‘tkazish loyihasi buyurtmachisi - davlatga qarashli “Hududgazta’minot” AJ.

Ushbu loyiha doirasidagi 3.5 million donadan ortiq “aqlli gaz hisoblagich”ni "Hududgazta’minot"ga Toshkentdagi Texnopark MChJ si yetkazib bermoqda.

Joriy yilning 3 - aprel kuni Texnopark MChJ idoralararo komissiya qarori bilan “Hududgazta’minot” AJ tomonidan o‘tkazilgan tender g‘olibi deb topildi. Ana shu qaror asosida 23 - aprel kuni tomonlar davlat buyurtmasiga oid huquqiy hujjat – shartnoma imzoladi.

Ozodlik tasarrufidagi shartnoma nusxasi matni¸qolaversa, unga O‘zbekiston rasmiy idoralari bergan xulosa 2020 - yilning 6 - oktabriga kelib, bahosi 583.8 million AQSh dollariga ko‘tarilgan loyihaga doir hujjat O‘zbekistondagi qator qonunlarni buzgan holda tuzilganini ko‘rsatmoqda.

Ozodlik so‘roviga ko‘ra shartnoma matni bilan tanishib chiqqan mustaqil ekspertlar¸ Texnopark MChJ bilan “Hududgazta’minot” AJ o‘rtasidagi bu kelishuvni “davlat homiyligidagi korrupsiyaning yorqin misoli” sifatida baholadi.

Texnopark tender boshlangunga qadar bir dona ham gaz hisoblagich ishlab chiqarmagan. Ayni kunlarda har bir o‘zbekistonlik uyiga o‘rnatilayotgan Texnoparkning Osten brendidagi gaz hisoblagichlari keng ko‘lamli va davomli texnik sinovdan o‘tmagan.

24 - sentabr kuni Andijondagi xonadonlardan birida Osten gaz hisoblagichi o‘rnatilganidan 2 soatcha o‘tib, portladi.

Bu hodisa esa davlat byudjetiga 583 million dollardan ortiqqa tushadigan loyihaning xavfsizligini savol ostida qoldirdi.

Maxfiy shartnoma

Akfa/Artel korporatsiyasi egasi¸ Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga aloqador Texnopark MChJ va davlatga qarashli “Hududgazta’minot” AJ o‘rtasidagi shartnoma 2020 - yilning 23 - aprel kuni imzolangan.

Shartnoma matnini O‘zbekiston hukumati tizimida ishlovchi mulozim Ozodlikka anonimligi mutlaq kafolatlanishi sharti bilan taqdim etdi.

Ilovasi bilan birga 15 sahifalik bu shartnomaga Texnopark MChJ (yetkazib beruvchi-tahr.) tomonidan uning direktori Sarvar Ahadov¸ “Hududgazta’minot” AJ (buyurtmachi-tahr.) tomonidan esa¸ ASKUG (tabiiy gaz nazoratining avtomatlashtirilgan hisobga olish tizimi-tahr.) direksiyasi rahbari Shahnoza Islomova qo‘l qo‘ygan.

Shartnoma faqat bir til – rus tilida tuzilgan

Bu hujjat¸ uni tuzganlar nazarida shu qadar maxfiyki¸ shartnomadagi qarib bir yarim sahifalik alohida bobga ko‘ra¸ tomonlar hatto uning borligini e’tirof etmaslik majburiyatini zimmasiga olgan (bu band haqida quyida maxsus to‘xtalamiz -tahr.).

Shartnomaga ko‘ra¸ Texnopark MChJ “Hududgazta’minot” aksiyadorlik jamiyatiga jami 3 546 148 dona olti har xil modeldagi gaz hisoblagich qurilmasi¸ 2 455 176 dona hisoblagich va gaz bosimi regulyatori uchun quti va 1 292 969 dona regulyator yetkazib berish majburiyatini zimmasiga oladi.

2021 - yil 1 - iyuliga qadar to‘liq bajarilishi ko‘zda tutilgan bu xarid narxi¸ shartnoma imzolangan 23 - aprel kungi hisob-kitob bo‘yicha¸ QQS qo‘shilgan holda¸ 5 006 885 168 040 (besh trillion olti milliard sakkiz yuz sakson besh million bir yuz oltmish sakkiz ming qirq) so‘m qilib belgilangan.

Shartnoma mohiyati

3.5 milliondan ortiq o‘zbekistonlikni Osten brendidagi gaz hisoblagichlarga majburiy o‘tkazish loyihasi soliq to‘lovchi puli hisobidan amalga oshirilmoqda.

Texnopark МЧЖ ва "Ҳудудгазтаъминот" МЧЖ ўртасида 2020 йил 23 апрель куни имзоланган махфий шартноманинг тўлиқ матни

Davlat xaridlariga oid O‘zbekiston qonunchiligi bunday loyihalarning jamoatchilikka ochiq va shaffof bo‘lishini nazarda tutadi.

Shulardan kelib chiqib, Ozodlik soliq to‘lovchining yarim milliard dollari evaziga tuzilgan ushbu shartnoma matnini jamoatchilik e’tiboriga taqdim etmoqda.

Ayni paytda Ozodlik Texnopark MChJ va “Hududgazta’minot” AJ o‘rtasida imzolangan maxfiy kelishuvga huquqiy baho berishni so‘rab, bir-biridan mustaqil ikki ekspertga murojaat qildi.

Ekspertlardan biri - O‘zbekiston hukumat tizimida ishlovchi davlat xaridlariga oid qonunchilik bo‘yicha mulozim. Xavfsizlik xavotirlari bois shaxsi sir qolishini so‘ragan bu mulozim¸ hujjat matni bilan to‘liq tanishib chiqqach¸ uni “korrupsion kelishuv” deya baholadi.

Mutaxassis o‘z xulosasini asoslash uchun shartnomaning bir qator bandlari amaldagi qonun hujjatlarilarga zid ekanini ta’kidladi.

Birinchisi - davlat buyurtmasi bo‘yicha shartnomaning mutlaqo maxfiyligi. Shartnomaning 9.4 - moddasida tomonlar bu kelishuvning borligini ochiqlamaslik majburiyatini zimmasiga olyapti - bu hujjatning noqonuniyligini e’tirof etish deganidir.

3.4 - paragrafda Texnopak MChJga 180 kundan keyin o‘z tovar va xizmati narxini bir tomonlama o‘zgartirish huquqi berilgan. Bu tender hujjatlari va davlat xaridlariga oid qonunchilikka mutlaqo zid.

4.4.8 - paragrafda shartnoma amalda bo‘lgan muddat ichida boshqa biror ishlab chiqaruvchi bilan gaz hisoblagich¸ regulyator va uning qutisi bo‘yicha muzokara olib borish ta’qiqlangan. Bu «Raqobat to‘g‘risida»gi qonunning buzilishi va postavshchik¸ ya’ni Texnopark MChJning monopolistik manfaatlarini himoya qilishdir.

5.10.5 - paragrafda hisoblagich va regulyator gazni noto‘g‘ri hisoblasa¸ ishlab chiqaruvchi bergan kafolat unga tatbiq qilinmaydi¸ deyilgan. Bu bilan Texnopark gaz hisoblagichlarining gazni noto‘g‘ri o‘lchashi ortidan iste’molchi va davlatga yetadigan katta yo‘qotishlar uchun javobgarlikni ustamonlik bilan o‘zidan soqit qilmoqda. ASKUG loyihasining bosh maqsadi aynan gaz hisoblashdagi xatolik va yo‘qotishlarni tugatish va tizimdagi barqarorlikni ta’minlashdir. Ishlab chiqaruvchi aynan ana shu barqarorlik uchun kafolat berishi shart¸ ammo shartnomada Texnopark bunday javobgarlikni zimmasiga olmagan.

6-moddada ASKUG loyihasi dasturiy ta’minotini Italiyaning TERRANOVA S.R.I. kompaniyasi amalga oshirishi aytilgan. Nima uchun millionlab o‘zbekistonlik gaz iste’molchilariga oid shaxsiy ma’lumotlar xorij kompaniyasiga topshirilmoqda? Nima uchun ASKUG loyihasining kamida 10 yilga mo‘ljallangani aytilayotgan bir paytda¸ uning dasturiy ta’minoti faqat 2 yil amal qiladi? Bu tender hujjatlariga zid.


12.5 Shartnoma faqat bir til – rus tilida tuzilgan. «Davlat tili haqida»gi qonunga ko‘ra¸ korxonalar¸ xususan¸ davlat korxonalarida ish yuritish, hisob-kitob, statistika va moliya hujjatlari davlat tilida yuritilishi lozim. Bu yana bitta qonunning buzilishidir".

"Biznes korporatsiyasi"

Ozodlik so‘rovi bilan Texnopark MChJ va “Hududgazta’minot” AJ o‘rtasidagi maxfiy shartnoma bilan davlatga qarashli kompaniyalar tuzayotgan kelishuvlar jarayoniga bevosita aloqador huquqshunos ham tanishib chiqdi.

Korporativ hujjatlar bilan ishlashga ixtisoslashgan bu mutaxassis¸ Texnopark bilan davlatga qarashli aksionerlik jamiyati o‘rtasida tuzilgan shartnomani “davlat homiyligidagi korrupsiyaning yana bir misoli” deb atadi.

Yarim milliard dollardan oshiq bu shartnoma¸ O‘zbekistonda¸ ayniqsa keyingi yillarda urfga kirgan maxfiy shartnoma va kelishuvlarning yana biri¸ xolos. Agar siz energetika sohasida davlat kompaniyalari va xususiy shirkatlar o‘rtasida imzolanilayotgan kelishuvlar matniga qarasangiz¸ ularning hammasida ayni shunday maxfiylik haqida maxsus bob borligini ko‘rasiz. Eriell, ENTER Engineering kabi kompaniyalar bilan tuzilayotgan bir necha millard dollarlik shartnomalardan birortasining hatto borligi haqida jamoatchilikka ma’lumot berilganmi? Yo‘q¸ albatta"

Ozodlik suhbatlashgan ekspert Mirziyoyev davriga kelib, O‘zbekiston "xuddi biznes korporatsiyasi kabi boshqarilayotgani"ni ta’kidladi.

"Bunday amaliyot Karimov davrida ham bor edi¸ ammo u ko‘proq davlat kompaniyalarining Rossiya¸ Xitoy¸ Koreyadagi davlatga aloqador katta kompaniyalari bilan tuzilgan yirik shartnomalarga oid edi. Bugunga kelib¸ O‘zbekiston xuddi biznes korporatsiyasi kabi boshqarilmoqda va uning boyliklari¸ soliq to‘lovchi puli va davlat kafolati bilan olinayotgan milliardlab qarz hisobiga tuzilayotgan shartnoma va kelishuvlar “biznes siri”ga aylanmoqda. Bu endi O‘zbekiston tarixida hali ko‘rilmagan butunlay boshqa darajadagi korrupsiya”.

Shartnoma qonunga muvofiq ekspertizadan o‘tkazilganmi?

O‘zbekistondagi qator qonunlar¸ qolaversa¸ prezident Shavkat Mirziyoyev imzo chekkan qator qaror va farmonlarga ko‘ra¸ davlat xaridlariga oid jarayonning ochiq va shaffofligini ta’minlash maqsadida kontraktlar bir necha idorada ekspertizadan o‘tkaziladi.

Ozodlik o‘z surishtiruvi davomida Texnopark MChJ va “Hududgazta’minot” aksiyadorlik jamiyati o‘rtasidagi shartnomaning “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonun va boshqa hujjatlarga ko‘zda tutilgan ekspertizadan o‘tgan-o‘tmaganini aniqlashga urindi.

“Hududgazta’minot” AJ matbuot kotibi Mehribon Mametova Ozodlik bilan suhbatda shartnomani ko‘rmagani¸ uni tayyorlash jarayonidan bexabarligini aytdi. Ayni paytda¸ “qonunga ko‘ra kim ekspertiza qilishi kerak bo‘lsa¸ o‘shalar tekshirganiga shubha qilmasligi”ni bildirdi.

Texnopark direktori Sarvar Ahadov telefoniga javob bergan shaxs¸ shartnomaga oid ma’lumot berilmasligini aytish bilan cheklandi.

Davlat xaridlariga oid loyiha va kontraktlarni ekspertizadan o‘tkazish bilan Iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertizadan o‘tkazish markazi shug‘ullanadi.

Surishtiruv davomida Ozodlik mazkur markazning bir emas¸ bir necha mas’uli bilan suhbatlashdi.

Biz davlat xaridlariga oid shartnomalarning to‘liq matnini ekspertizadan o‘tkazmaymiz¸ uning faqat narxga oid qismini ko‘rib chiqamiz. Postavshchik taklif qilgan narxni bozordagi ayni shu turdagi boshqa mahsulot bahosi bilan solishtiramiz va xulosamizni beramiz. Texnopark MChJ bilan “Hududgazta’minot” AJ o‘rtasidagi shartnoma bizga kelmagan va bizning senevoy ekspertizamizdan o‘tmagan”¸- dedi mazkur markazning shaxsi ochiqlanmasligini so‘ragan mas’uli.

Ayni markazning boshqa mutaxassisi ham qariyb uch yildan beri faoliyat olib borayotgan bu markaz ekspertizadan o‘tkazgan shartnoma loyihalari orasida Texnopark MChJ bilan “Hududgazta’minot” AJ o‘rtasidagi shartnoma yo‘qligini ta’kidladi.

Monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasi rasmiylari ham Texnopark MChJ bilan “Hududgazta’minot” AJ o‘rtasidagi shartnomadan bexabarligini bildirdi.

“Bizning qo‘mita bu xarid bo‘yicha tenderga ham qo‘yilmadi¸ tenderdan keyingi dokumentatsiyadan ham xabarimiz yo‘q”¸- dedi monopoliyaga qarshi kurash uchun mas’ul tizim rasmiysi.

Ayni paytda prezident Shavkat Mirziyoyev 24 - sentabr - Andijondagi xonadonda Osten gaz hisoblagichi o‘rnatilganidan ikki soat o‘tib portlagan ayni kunda o‘zbekistonliklar xonadoniga bu hisoblagichlarni o‘rnatishni tezlatish haqida maxsus qaror chiqardi.

Ushbu qarorda:

Tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish” loyihasini amalga oshirish doirasida “Hududgazta’minot” AJ tomonidan mahalliy ishlab chiqaruvchilar orasida belgilangan tartibda o‘tkazilgan tender natijalariga muvofiq “Texnopark” MChJ bilan elektron gaz hisoblagichlari va zarur bo‘lgan uskunalarni yetkazib berish to‘g‘risida shartnoma tuzilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin”¸ deb yozildi.

Bu esa, tomonlarning shartnoma mavjudligini “mutlaq sir saqlash” haqidagi kelishuvi buzilishiga olib keldi.

Prezident qarori bilan Taraqqiyot va tiklanish jamg‘armasi narxi qariyb 600 million AQSh dollariga yaqinlashib qolgan bu loyihaning bosh moliyachisi etib belgilandi va jamg‘armaga “Hududgazta’minot” xaridi uchun 150 million AQSh dollari miqdorida imtiyozli kredit ajratish buyurildi.

Texnopark va “Hududgazta’minot” AJ rasmiylari imzolaganidan qariyb olti oy o‘tib¸ bu shartnoma unga bevosita aloqador boshqa tizimlar tomonidan o‘rganila boshlandi.

Shartnoma noqonuniyligini vakolatli idoralar biladi

Ozodlikka Energetika vazirligi tizimida ishlovchi mulozim tomonidan yuborilgan ichki hujjatlar bu shartnomaning prezident qarorida nomi tilga olingan jamg‘arma va agentliklarga sentabrning so‘nggi kunlarida yuborilganini ko‘rsatadi.

Ozodlik ixtiyoridagi hujjatlardan biri O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi ijrochi direktori U.Muxtorovning “Hududgazta’minot”AJ rahbariyatiga yozgan maktubidir.

Ushbu jamg‘armaga prezident qarori bilan ASKUG loyihasini amalga oshirish uchun "Hududgazta’minot" AJga 150 million AQSh dollari miqdorida mablag‘ ajratish vazifasi yuklangan.

6 - oktabr sanasi qo‘yilgan xatida jamg‘arma rahbari Texnopark MChJ bilan tuzilgan shartnoma bo‘yicha qator jiddiy e’tirozlarni bildirgan.

Ularning birinchisiga ko‘ra¸ Texnopark MChJ sotayotgan tovarning zamonaviyligi¸ uning shu turdagi boshqa mahsulotlardan ustunligini dalillovchi¸ shuningdek dasturiy ta’minotga lizentsiya berilganini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud emas.

Ikkinchi e’tirozda esa¸ 23 - aprel kuni tuzilgan shartnomaning bekor qilinishiga asos bo‘ladigan jiddiy qonunbuzarlik tilga olingan.

Shartnomaga “Hududgazta’minot” AJ tomonidan berilgan vakolat asosida ASKUG direksiyasi rahbari qo‘l qo‘ygan. “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra¸ qiymati jamiyat toza aktivlarining 50 foizidan oshadigan yirik kelishuvlar haqidagi qaror aksiyadorlar yalpi majlisi tomonidan qabul qilinishi kerak. 2020 - yilning 1 -iyulidagi hisob-kitobga ko‘ra¸ “Hududgazta’minot” AJ toza aktivlari qiymati 3.16 trillion so‘mni tashkil qilgani holda¸ bu kelishuv narxi 5 trillion so‘mdan oshiq”¸ deyiladi jamg‘arma rasmiy xatida.

Ozodlik suhbatlashgan jarayon tafsilotlaridan yaxshi xabardor mulozim¸ aynan shu qonunbuzarlik Texnopark MChJ va "Hududgazta’minot" aksiyadorlik jamiyati o‘rtasida tuzilgan shartnomani bekor qilish uchun yetarli asos bo‘la olishini ta’kidladi.

Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan yuborilgan xatda shuningdek¸ shartnomaning to‘lov haqidagi shartlari Tender komissiyasi tasdiqlagan hujjatlarga mos kelmasligi aytiladi. Shuningdek¸ Texnopark MChJga o‘z tovari narxini 180 kundan so‘ng o‘zgartirish huquqi berilgani “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi 2018 - yilgi qonunga zid ekani urg‘ulanadi.

583.8 million AQSh dollarining manbasi qayerda?

Ozodlik ixtiyoridagi boshqa bir hujjat “O‘zinjiniring” respublika loyiha instituti direktori 1-o‘rinbosari Sh.Shaymardonovning “Hududgazta’minot” AJ boshqaruvi direktori B.Eshmurodovga yuborgan maktubidir.

Bu maktub ham 6 - oktabr sanasi bilan yozilgan va unda ASKUG loyihasi ijrosi yuzasidan berilgan so‘rov va ma’lumotlarning 24 - sentabr kuni qabul qilingan prezident qaroriga nomutanosibligi ko‘rsatilgan.

Bu maktubdagi asosiy jihat¸ Texnopark MChJ bilan imzolangan shartnoma ijrosi uchun kerak mablag‘ manbai aniq emasligiga oid e’tirozdir.

Xatda yozilishicha¸ ASKUG loyihasi uchun kapital xarajatlar 583.8 million AQSh dollarini tashkil etgani holda¸ uning 177.5 million dollari manbasi aniq¸ xolos – 150 million dollarni Tiklanish va taraqqiyot fondi¸ 27.5 million dollarni “Uzpromstroybank” beradi.

Shundan kelib chiqib, Shaymardonov “Hududgazta’minot” AJ rahbaridan qolgan 406.3 million AQSh dollarining qayerdan olinishiga aniqlik kirituvchi hujjatlarni taqdim etishni so‘raydi.

O‘zbekiston huquq tizimiga aloqador mulozimga ko‘ra¸ hokim Jahongir Ortiqxo‘jayevga qarashli Texnopark MChJ bilan tuzilgan maxfiy shartnomaning O‘zbekiston qonunchiligiga zid ekani¸ uning katta korrupsion sxema ustiga qurilganiga oid xavotirlar Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga ham yetib borgan.

Shu munosabat bilan agentlik “Hududgazta’minot” AJdan qator hujjatlar sirasida ayni shartnoma matnini o‘ziga taqdim qilishni so‘ragan.

Bu so‘rovning qondirilgan-qondirilmaganiga oid aniq ma’lumot Ozodlikda hozircha yo‘q.

XS
SM
MD
LG