Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:48

“Jasliq”ning sobiq mahkumi davlatdan 60 million so‘m tovon puli undirdi - u hukmdan norozi


Cho‘yan Mamatqulov, Qarshi, 2018 - yil, noyabr (Human Rights Watch)
Cho‘yan Mamatqulov, Qarshi, 2018 - yil, noyabr (Human Rights Watch)

O‘zbekiston mahkamasi mamlakat sud tizimi tarixida ilk bor siyosiy ayblar bilan qamalgan shaxsning davlatdan moddiy va ma’naviy zarar undirish haqidagi da’vosini qisman qondirgan.

9 - oktabr kuni fuqarolik ishlari bo‘yicha Qashqadaryo viloyat sudi qiynoqlar bilan nom chiqargan “Jasliq” qamoqxonasining sobiq mahkumi Cho‘yan Mamatqulov foydasiga 60 million so‘m miqdorida moddiy va ma’naviy zarar to‘lash haqida ajrim chiqardi.

Sobiq siyosiy mahkum adolatsiz sudlov va qiynoqlar natijasida o‘ziga yetkazilgan zararni qoplash uchun 500 million so‘m miqdorida tovon puli talab qilgan edi.

Bu haqda “Ozodlik”ka xabar bergan Cho‘yan Mamatqulov sudya Ollomurod Suyunov raislik qilgan mahkama ajrimidan norozi ekani va yuqori instansiya sudlariga murojaat qilishini ta’kidladi.

"Pandemiya bois davlat g‘aznasi qashshoqlashgan"

“Noqonuniy sud hukmi bilan 878 kun qamoqda bo‘lganim va so‘ng oqlanganim bois shu yilning 12 - avgustida Qashqadaryo sudiga 500 million so‘mlik moddiy va ma’naviy zarar ko‘rganim borasida da’vo arizasi kiritgandim. Sud esa bu summaning 60 millionini to‘lash haqida qaror chiqardi”.

Mamatqulovning so‘zlariga ko‘ra, tovon pulining kamligi pandemiya bois “davlat g‘aznasi qashshoqlashib qolgani” bilan izohlangan.

“Viloyat Moliya boshqarmasi vakiliga ko‘ra, go‘yo pandemiya tufayli davlat g‘aznasi qashshoqlashib qolganmish. Yuqori instansiya sudlarida kurashni davom ettiraman”, - dedi ”Ozodlik” bilan suhbatda Mamatqulov.

"Azob-uqubatlar"

Mahkama jarayonida sobiq mahkumning turmush o‘rtog‘i Dilorom hamda qizi Yulduz oila boshlig‘i qamoqdaligi paytida boshlariga tushgan qiyinchiliklar, muammo va tashvishlar haqida gapirib berishgan.

Qashqadaryo viloyatining Koson tumanida istiqomat qiluvchi O‘zbekiston qurolli kuchlari sobiq zobiti¸ huquq faoli Cho‘yan Mamatqulov fuqarolik ishlari bo‘yicha Qarshi tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritgandi.

O‘z arizasida 50 yashar Mamatqulov umrining 6 yilini "Jasliq"da azob-uqubatda o‘tkazgani ortidan yetkazilgan ma’naviy ziyonni qoplash uchun o‘zini nohaq qamagan tizimlardan 500 million so‘m tovon puli undirilishini so‘ragan.

2019 - yil avgustida prezident Mirziyoyev "Jasliq" qamoqxonasini yopish haqidagi qarorni imzolagan
2019 - yil avgustida prezident Mirziyoyev "Jasliq" qamoqxonasini yopish haqidagi qarorni imzolagan

Ozodlik tasarrufida "Jasliq" qamoqxonasining sobiq mahkumi tomonidan “g‘ayriqonuniy ravishda hukm etish va ozodlikdan mahrum etilganlik oqibatida yetkazilgan ruhiy-ma’naviy aziyatlar va azob-uqubatlar uchun ma’naviy zarar undirish to‘g‘risida da’vo arizasi nusxasi mavjud.

Huquq faoli o‘z arizasida tovon pulining Qashqadaryo viloyat prokuraturasi, Qashqadaryo viloyat IIB, Qarshi shahar IIB muvofiqlashtirish boshqarmasi hamda Qarshi shahar Moliya bo‘limidan undirishni so‘ragan.

O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining odam o‘g‘irlash, konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz, firibgarlik, hujjatlarni soxtalashtirish, giyohvandlik singari qator bandlari bilan jazo muddatini o‘tab chiqqach, Cho‘yan Mamatqulov Qashqadaryo viloyat sudining 2020 - yil 18 - martdagi ajrimi bilan to‘liq reablitatsiya qilingan.

Mamatqulov 2012 - yilning 29 - avgustida qamoqqa olingan va Qashqadaryo viloyati sudining hukmi bilan 10 yilga qamalgan edi. 2018 - yilning 25 - martida shartli ravishda jazo muddati tugashidan avval ozodlikka chiqarilgan.

2020 - yilning 18 - martida esa, unga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi “tarkibida jinoyat alomatlari topilmagani uchun” to‘liq bekor qilingan.

Ko‘p millionlik da’volar

O‘tgan oy "Jasliq"ning yana bir sobiq mahkumi adolatsiz sudlov va qiynoqlar uchun davlatdan 208 million so‘mdan ko‘proq zarar undirib berish talabi bilan sudga da’vo arizasi kiritgan.

Joriy yil 23 - sentabridagi da’vo arizasida Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanida yashovchi 34 yashar Elyor Tursunov “Jasliq” qamoqxonasida 7 yil "noqonuniy qamoq muddati o‘tagani" va qiynoqqa tutilganini aytgan.

“Ozodlik” ixtiyoridagi sud hukmi va ajrimlariga ko‘ra, 2013 - yil 4 - dekabrida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz, jamoat xavfsizligiga tahdid solish, terrorizm va davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tish singari jinoyatlarda ayblanib, 17 yilga kesilgan Tursunov shu yilning 18 - martida oqlangan.

2016 - yilda Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan buyon 50 dan ziyod siyosiy mahkumlar ozodlikka chiqarilgan.

Ular orasida prezident Mirziyoyev meros qilib olgan Islom Karimov boshqaruvi davrida qamoqqa tashlangan siyosiy muxolifat faollari, jurnalistlar va inson huquqlari himoyachilari bor.

O‘zbekiston hukumati shuningdek, "diniy mahkumlar" deb atalgan va ekstremizm hamda terrorchilik ayblari bilan qamalgan yuzlab mahkumlarni ozod etgan, ammo ularga rasmiy reabilitatsiya, kechirim yoki tovon puli taklif qilmagan.

Huquq faollariga ko‘ra, sobiq siyosiy mahkumlarga nisbatan o‘z vaqtida adolatsiz hukmlarni chiqargan sudyalar hanuz sud mahkamalariga raislik qilmoqda, ulardan ayrimlari yuqori sud instansiyalari mas’ul lavozimlarga tayinlangan.

Yevropa Ittifoqining xavotirlari

Sobiq siyosiy mahkum Cho‘yan Mamatqulovga 60 million so‘m tovon puli to‘lab berish haqidagi mahkama hukmi O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqining odil sudlov hamda inson huquqlariga doir yig‘ilishidan bir kun o‘tib e’lon qilingan.

7-8 - oktabr kunlari O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi sheriklik va hamkorlik Bitimi doirasida o‘tgan navbatdagi yig‘ilishda inson huquqlari, demokratiya, odil sudlov va ichki ishlar idoralari faoliyatiga doir masalalar ko‘rilgan.

YeI O‘zbekistondagi islohotlar doirasida mahkumlarni ozod qilish va "Jasliq" qamoqxonasining yopilishi kabi oldinga siljishlarni qayd etgani holda, qator muammolar, jumladan, jazo muassasalarida qiynoqlar va mahkumlarga boshqa shafqatsiz muomalalarning saqlanib qolayotganidan tashvish izhor qilgan.

Ittifoq, shuningdek, sobiq mahkumlarni reabilitatsiya qilishning muhimligini ta’kidlagan.

XS
SM
MD
LG