Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 20:53

Pandemiya pasaytirgan parvozlar: “Uzbekistan airways”muhandis-texniklarni qisqartirmoqda


"Termiz xalqaro aeroporti" Perron texnikasi brigadasi xodimlari ish jarayonida.
"Termiz xalqaro aeroporti" Perron texnikasi brigadasi xodimlari ish jarayonida.

Koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq cheklovlar bois Rossiya o‘z havo hududini “Uzbekistan airways” kompaniyasining muntazam yo‘lovchi reyslari uchun ochishga oshiqmayotir.

Buning ortidan, asosan, Rossiya shaharlariga muntazam reyslarni amalga oshirib kelgan “Uzbekistan airways” milliy aviakompaniyasi qariyb falaj holga tushgan¸ aeroportlar o‘z malakali muhandis va texniklarini qisqartirishni boshlagan.

Termiz xalqaro aerportining Ozodlikka bog‘langan xodimlari aviatsiya sohasidagi malakali mutaxassislarni "ko‘chaga haydash" bu sohani yanada chuqurroq inqirozga yetaklashini aytdi.

Ozodlik bilan o‘zbek aviasanoatining joriy vaziyati haqida gaplashgan transport sohasi mulozimi “Uzbekistan airways” va unga aloqador tizimlar inqirozining bosh sababi korrupsiya va biznes strategiyasining yo‘qligi ekanini ta’kidlaydi.

Termiz aeroportidagi qisqartirishlar

Ozodlikka murojaat qilgan "Termiz xalqaro aeroporti” MChJ mutaxassislari o‘zlarini “ko‘p yillardan buyon faoliyat yuritib kelayotgan oliy texnik ma’lumotga ega kadrlar” deb tanishtirdi.

Termizlik mutaxassislarga ko‘ra¸ asosan, Rossiya shaharlariga muntazam reyslarni amalga oshirib kelgan bu aeroport qatnov pandemiya bois to‘xtagani oqibatida¸ deyarli “qush qo‘nmas” hududga aylangan.

"Hozirda haftasiga ikki marta Toshkentga muntazam reys bor¸ xolos. Haftasiga ikkita Rossiyaga charter reys qo‘yilyapti. Bu yerdan bo‘sh uchib¸ o‘zimizning migrantlarni olib kelyapti. Martdan beri yarim oy haq to‘lanmaydigan ta’tilga chiqarilyapmiz. Aviatsiya muhandislari oyiga 600 ming so‘m bilan tirikchilik qilishga majburmiz. Muntazam reyslar ochilsa¸ ahvol o‘nglanar deb tursak¸ qisqartirish boshlandi”¸ - deydi shaxsi ochiqlanmasligini so‘ragan termizlik muhandislardan biri.

“Aviatsiya muhandis va texniklari bir kunda yetishadigan kadr emas!”

“Termiz xalqaro aeroporti” MChJ rahbariyati qisqartirish rejasiga kiritganlar orasida¸ aytilishicha¸PTB - Perron texnikasi brigadasi xodimlari ham bor.

Ushbu xodimlar aviatsiya sohasining oliy texnik ma’lumotiga, "Ground handling" dasturlari bo‘yicha Boeing-757,767 va Airbus- 320 havo kemalariga texnik yordam ko‘rsatish huquqiga ega mutaxassislar sanaladi. PTB ICAO (Xalqaro fuqarolik aviatsiyasi tashkiloti – tahr.) talablari asosida havo kemalarini kutib olish, ularga texnik xizmat ko‘rsatish va kuzatib qo‘yish jarayonlarida parvozlar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha asosiy xizmat bo‘limi hisoblanadi.

Termiz aeroporti 7-kategoriyaga kiradi va "KOSR" ( Komanda po Obespecheniyu Spasatelnix Rabot ) bo‘yicha PTB bo‘limining bir smenasida 4 xodim - bitta smena injeneri va uchta aviamexanik talab qilinadi. Shundoq ham PTB ning bitta smenasida avariya-qutqaruv hisobi bo‘yicha talab qilingan minimal xodim ishlamoqda. Buni qisqartirish xalqaro aviatsiya standartlari va normativ-huquqiy hujjatlarga ziddir”¸ - deydi Ozodlik gaplashgan Termiz aeroporti mutaxassislaridan yana biri.

Termiz aeroporti ma’muriyatining Ozodlik 13 - oktabr kuni bog‘langan mulozimi pandemiya bois og‘ir ahvolga tushib qolgan aeroport xodimlari sonini qisqartirish bo‘yicha Toshkentdan ko‘rsatma kelganini tasdiqladi.

“Uzbekistan airways”dan shunaqa reja keldi. Ahvolimiz chindan ham og‘ir. Pandemiya davrida hukumat bergan yordam evaziga xodimlarimizni 600 ming so‘m bilan bo‘lsa ham, ushlab keldik. Lekin reyslar qachon ochilishi noma’lum. Bu yog‘i qishki mavsum. Aviatsiya injener va mexaniklari ko‘chada yotgan kadrlar emasligini biz ham bilamiz. Ularni ko‘chaga haydash niyatimiz yo‘q. Pensioner va nomuhim shtatlardagilarni bo‘shatib bo‘lsa ham¸ ularni ushlab qolishga harakat qilamiz”¸- dedi Termiz aeroportining Ozodlik gaplashgan rahbarlaridan biri.

“Muammo ildizi pandemiyada emas...”

12 - oktabr kungi xabarida “Uzbekistan airways” milliy aviakompaniyasining pandemiya davridagi vaziyatini baholagan Podrobno.uz nashri uni “chuqur nokdaun” deb atadi.

Aviasales xizmatiga tayangan nashrga ko‘ra¸ sentabr oyida aviachiptalarga talab 2019 - yilning ayni oyidagi ko‘rsatkichning 68 foiziga chiqqan bo‘lsa-da¸ xarid darajasi o‘tgan yildagi ko‘rsatkichning atigi 7 foizini tashkil qilgan.

Bu sho‘ng‘ishdagi asosiy omil- Rossiya bilan muntazam reyslarning to‘xtatilishidir¸ deb yozgan mahalliy nashrga ko‘ra¸ o‘zbekistonliklar “qidiradigan” aviabiletlarning 85 foizi Rossiya shaharlari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Ozodlik bilan suhbatda O‘zbekiston transport tizimi mulozimi Rossiya havo hududining muntazam reyslar uchun yopiq qolayotgani “Uzbekistan airways” va unga aloqador tizimlarni yanada chuqurroq inqirozga tashlaganini e’tirof qildi.

Ayni paytda bu mutaxassis¸ pandemiyagacha ham bankrotlik yoqasida bo‘lgan bu kompaniyalar asl muammosi ildizi “korrupsiya va savodsiz boshqaruv tizimi”ga borib taqalishini ta’kidladi.

Butun transport sohasi¸ xususan¸ “Uzbekistan airways” davlat byudjetini so‘rib kelayotgan "parazit" tizimlardir. Ularni boshqarayotganlar maqsadi davlatdan ko‘proq pul undirish¸undan o‘z otkat va dolyasini olish bo‘lib qolgan. Bu yerda bozor qonunlari bilan fikrlovchi mutaxassis yo‘q hisobi. Keyingi yillarda aeroportlar¸ xususan¸ Termiz aeroportini qanday daromadli qilish haqida strategik loyihalar taqdim etildi. Birortasi qabul qilinmadi. Chunki O‘zbekiston aeroportlari Eriell, Jizzakh Petrolium kabi guruhlar qo‘lida garovda qolmoqda - aviakerosinni shular sotadi. Bu kompaniyalarda siyosiy hokimiyat tepasidagilarning o‘zi¸ yoki o‘g‘il-qizlari o‘tiribdi! Dunyoning qolgan joyida 300-350 dollar bo‘lsa¸ bizning aeroportlarda 450 dollar! Biror aviakompaniya bizning aeroportga uchishniyam¸ tranzitniyam xohlamaydi. O‘zbekiston aviatsiya tizimining hozirgi ahvoli nokdaun emas¸ to‘liq nokautdir”¸ dedi shaxsi ochiqlanmasligini so‘ragan transport tizimi mulozimi.

Ozodlik bilan suhbat asnosida aviatsiya mulozimlari hozirgi og‘ir vaziyatdan chiqish yo‘llaridan biri sifatida O‘zbekiston aeroportlarining sotuvga qo‘yilish ehtimolini tilga oldi.

O‘zbekistonning asosiy havo darvozalari bo‘lgan Toshkent va Samarqand aeroportlarini “sotib olish”ga shaylanayotganlar orasida siyosiy elitaga aloqador ko‘rilgan yirik xususiy kompaniyalar nomlari tilga olinmoqda.

XS
SM
MD
LG