Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 15:48

Inson huquqlarini buzuvchi davlatlarning BMT Kengashiga saylanishi tanqidlarga sabab bo‘ldi


Xitoy va Rossiyaning BMT Inson huquqlari bo‘yicha Kengashiga a’zo etib saylanishi Qo‘shma Shtatlar va inson huquqlari tashkilotlarining keskin tanqidlariga sabab bo‘ldi.

O‘tgan hafta g‘arbdagi bir qator inson huquqlari guruhlari BMTga a’zo davlatlarni Xitoy, Rossiya, Saudiya Arabistoni, Kuba , Pokiston va O‘zbekistonning Kengashga a’zo bo‘lishiga to‘sqinlik qilishga chaqirgandi.

Ularga ko‘ra, inson huquqlarini poymol etib kelayotgan ushbu davlatlar BMT Kengashida a’zolikka loyiq emas.

“Ushbu diktatorliklarni inson huquqlari bo‘yicha BMT hakamlari etib saylash xuddi o‘t qo‘yganlarning o‘zidan o‘t o‘chiruvchilar chiqarishga o‘xshaydi”, deb aytgan UN Watch tashkiloti direktori Xillel Noyer.

3 yil muddatga saylangan 15 davlat orasida Fransiya, Buyuk Britaniya va Ukraina ham bor.

Saudiya saylanmay qoldi

Nomzodlar jo‘g‘rofiy guruhlar tomonidan yashirin ovoz berish yo‘li bilan saylangan.

Osiyo-tinch okeani guruhidan ko‘rsatilgan Saudiya Arabistoni Kengashga saylanish uchun yetarli ovoz ololmagan.

G‘arb davlatlari Xitoyning Shinjon mintaqasidagi musulmon uyg‘urlar va boshqa etnik ozchiliklarga shafqatsiz muomalasi hamda Gonkongdagi demokratik harakatlarni bostirish urinishlarini qoralaydi.

Inson huquqlari guruhlari, shuningdek, Rossiyani Suriyada Bashar Asad hukumatini dastaklayotgani va ehtimoliy urush jinoyatlari hamda Putin muxoliflarini ta’qib qilayotgani uchun tanqid qiladilar.

2018 yilda AQSh, o‘zining ta’biricha, Isroilga qarshi mavqeyi va dunyodagi inson huquqlarini eng ko‘p poymol qilayotgan davlatlarni saylagani uchun BMT inson huquqlari bo‘yicha Kengashidan chiqqanini e’lon qilgan edi.

O‘zbekistonning inson huquqlari bo‘yicha bosh muzokarachisi Akmal Saidov Jenevadagi BMT Kengashida eng ko‘p savolga tutilgan hukumat rasmiylaridan - 2008 - yil, 11 - dekabrь
O‘zbekistonning inson huquqlari bo‘yicha bosh muzokarachisi Akmal Saidov Jenevadagi BMT Kengashida eng ko‘p savolga tutilgan hukumat rasmiylaridan - 2008 - yil, 11 - dekabrь

AQSh Davlat Kotibi Mayk Pompeo BMT Bosh Assambleyasining 13 - oktabr kungi qarorini ham tanqid qilgan.

“Bugun BMT Bosh Assambleyasi yana bir marta Xitoy, Rossiya va Kuba singari inson huquqlarining ahvoli ayanchli bo‘lgan davlatlarni sayladi. 2019 - yilda Venesuela saylangandi. Bu saylovlar yana bir marta Qo‘shma Shtatlarning Kengashdan chiqish va universal inson huquqlarini himoya qilishning boshqa vosita va imkoniyatlaridan istifoda etish qarori qarori to‘g‘ri bo‘lganini ko‘rsatadi”, - deb aytgan AQSh Davlat Kotibi.

Ammo u inson huquqlarini buzuvchilar qatorida O‘zbekistonni tilga olmagan.

Shu yil iyunida Pompeo O‘zbekistonni "diniy erkinliklarni ta’minlashdagi real qadamlari" uchun olqishlagandi.

"O‘zbekistonda diniy erkinliklar bilan bog‘liq vaziyatni yaxshilash yo‘lida jiddiy qadamlar qo‘yildi va qo‘yilmoqda. Shu yil boshida men bu mamlakatdagi diniy rahbarlar bilan ajoyib uchrashuvlar o‘tkazdim", deb aytgan Pompeo.

“Tarixiy”


Jenevada joylashgan BMT Inson huquqlari Kengashi inson huquqlari buzilishlariga e’tibor qaratadi va alohida davlatlardagi vaziyat va muammolarni monitoring qiluvchi maxsus guruhlarga ega.

Kengash shuningdek, a’zo davlatlardagi vaziyat yuzasidan vaqti-vaqti bilan hisobotlarni tinglaydi.

Yangi davlatlarning a’zolik muddati 2021 - yilning 1 - yanvaridan boshlanadi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Sherzod Asadov mamlakat BMT Inson huquqlari Kengashiga saylangan kunni “tarixiy kun” deb atagan.

“O‘zbekiston prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida keng ko‘lamli islohotlarni davom ettirish va dunyoda inson huquqlarini targ‘ib qilishga o‘z hissasini qo‘shishga qarorli”, deb yozdi Asadov o‘zining Tvitter sahifasida.

O‘tmishda O‘zbekiston BMT Inson huquqlari Kengashida eng ko‘p tanqid qilingan davlatlardan biri bo‘lgan.

BMT ekspertlari O‘zbekiston tergov va jazo muassasalaridagi muntazam qiynoq va boshqa noinsoniy muomala, shuningdek, siyosiy muxoliflar va dindorlarga nisbatan ta’qiblarga e’tibor qaratishgan.

O‘tgan yili 2 -avgustida prezident Mirziyoyevning Qoraqalpog‘istondagi “Jasliq” qamoqxonasini yopish to‘g‘risidagi qarori Yevropa Ittifoqi tomonidan “ehtiyotkorlik bilan” olqishlangandi.

7-8- oktabr kunlari O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi sheriklik va hamkorlik Bitimi doirasida o‘tgan navbatdagi yig‘ilishda inson huquqlari, demokratiya, odil sudlov va ichki ishlar idoralari faoliyatiga doir masalalar ko‘rilgan.

YeI O‘zbekistondagi islohotlar doirasida mahkumlarni ozod qilish va "Jasliq" qamoqxonasining yopilishi kabi oldinga siljishlarni qayd etgani holda, qator muammolar, jumladan, jazo muassasalarida qiynoqlar va mahkumlarga boshqa shafqatsiz muomalalarning saqlanib qolayotganidan tashvish izhor qilgan.

Ittifoq, shuningdek, sobiq mahkumlarni reabilitatsiya qilishning muhimligini ta’kidlagan.

XS
SM
MD
LG