Линклар

Шошилинч хабар
24 октябр 2020, Тошкент вақти: 09:18

Qirg‘iziston: Sadir Japarovni hokimiyatga kim olib keldi?


Sadir Japarov. 12 - oktabr, 2020 - yil

Bir hafta oldin Qirg‘izistonda muxolifat 4 - oktabr kuni o‘tkazilgan parlament saylovlari bekor qilinganini nishonlayotgan edi.

Ammo muxolifatning yangi hukumat o‘rnatish rejasi amalga oshmay qoldi.

Qirg‘iziston poytaxti Bishkekda 6 - oktabrga o‘tar kechasi namoyishchilar prezident apparati va parlament faoliyat yuritadigan «Oq uy»ni egallab oldi. Prezident So‘o‘ro‘nbay Jeenbekovning o‘zi ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.

To‘s-to‘polonda ko‘plab amaldor lavozimini tark etdi va mamlakatda jiddiy hokimiyat bo‘shlig‘i yuzaga keldi.

Yangi siyosatchilar hokimiyat tepasiga kelib, chuqur ildiz otgan korrupsiyaga qarshi kurashishi uchun qulay fursat yuzaga kelgandek edi.

Ammo Ozodlikning mintaqa bo‘yicha tahlilchisi Bryus Panniyerning yozishicha, muxolifat birlasha olmasdan, fursatni boy berdi.

***

6 - oktabr kuni «Butun Qirg‘iziston» partiyasi yetakchisi Adaxan Madumarov boshqa partiyalar yetakchilari bilan uchrashdi. Asosan hukumatni qo‘llovchi partiyalar g‘olib chiqqan saylovda Madumarov partiyasi parlamentda o‘rin egallagan yagona muxolifat fraksiyasi bo‘ldi.

Partiyalar yetakchilari kamida sakkiz muxolifat partiyasidan tuzilgan Muvofiqlashtirish kengashi tuzilganini e’lon qilishdi. Kengash yangi hukumat tuzishi kutilgan edi. Ammo bunday bo‘lmadi va muxolifat yana parchalana boshladi.

7 - oktabr kuni bir emas, uch muvofiqlashtirish kengashi tuzildi. Muxolifat bo‘linar ekan, ayrimlar hech bir qonuniy asossiz davlat lavozimlarini egallay boshladi.

«Butun Qirg‘iziston» partiyasidan nomzod O‘murbek Suvanaliyev saylovda qatnashish uchun Xavfsizlik kengashi kotibi o‘rinbosari lavozimidan ketgan edi. Ammo 7 - oktabr kuni u kengashga qaytdi, hatto Rossiya Federal xavfsizlik xizmati yetakchisi Aleksandr Bortnikov bilan telefon orqali suhbatlashdi.

6 - oktabr kuni «Butun Qirg‘iziston» partiyasidan yana bir nomzod – Qursan Asanov ichki ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi hamda Bishkek komendanti etib tayinlandi. Suvanaliyev va Asanovni bu lavozimlarga kim tayinlagani tushunarsiz.

Saylov ortidan sodir bo‘lgan shiddatli voqealar barchani, jumladan, muxolifatni ham esankiratib qo‘ydi.

Bo‘lingan muxolifat birlashish va hamkorlik qilish haqida o‘ylarkan, hokimiyatda bo‘shliq yuzaga kelganidan boshqalar foydalanib qoldi.

***

6 - oktabr kuni kechki payt 30 ga yaqin parlament deputati «Do‘stuq» mehmonxonasida navbatdan tashqari shoshilinch majlis o‘tkazdi.

Qirg‘iziston Xavfsizlik kengashi kotibining o‘rinbosari O‘murbek Suvanaliyev
Qirg‘iziston Xavfsizlik kengashi kotibining o‘rinbosari O‘murbek Suvanaliyev

Mehmonxona tashqarisida ularni yirik jussali shaxslar qo‘riqlab turardi.

Parlament spikeri o‘rinbosari Mirlan Bakirov spiker Dastanbek Jumabekovning iste’foga chiqish to‘g‘risidagi bayonnomasini o‘qib eshittirdi va uning o‘rniga Miqtibek Abdildayev spiker bo‘lishini aytdi.

Bakirov parlament saylovida «Mekenim Qirg‘izistan» partiyasidan nomzod edi. Saylovda partiya 24,27 foiz ovoz to‘plab, g‘olib chiqdi. Hukumatni qo‘llovchi yana bir partiya – «Birimdik» partiyasi esa 24,9 foiz ovoz to‘pladi.

Saylov arafasida saylovchilar ovozlari yoppasiga sotib olinayotgani iddao qilindi.

Bunday ayblovlar eng ko‘p «Mekenim Qirg‘izistan» partiyasi haqida yangradi. Partiyani tadbirkor hamda jinoiy to‘da yetakchisi ekanligi iddao qilinadigan Raimbek Matraimov moliyalashtirgani aytildi. Matraimov o‘tgan yili Ozodlik qirg‘iz xizmati, OCCRP va Kloop o‘tkazgan jurnalistik surishtiruvning asosiy figuranti bo‘lgan.

Matraimovning ukalaridan biri Iskender «Mekenim Qirg‘izistan» partiyasidan nomzodligini ko‘rsatgandi.

Parlament ishg‘oli va mehmonxonadagi majlis orasida Markaziy Saylov komissiyasi saylov natijalarini rasman bekor qilib, 6 - noyabr kuni yangi saylovlar o‘tkazilishini e’lon qildi.

Mehmonxonada Bakirov bosh vazir Qubatbek Bo‘ro‘nov iste’fosini o‘qib eshittirdi va Sadir Japarovni bosh vazirlikka nomzod o‘laroq ko‘rsatdi.

Bundan atigi 24 soat oldin 51 yoshdagi Japarov qamoqda edi. U 2017 - yilning martida 11,5 yarim qamoq jazosiga hukm qilingan edi. Japarov 2013 - yilning oktabrida Qoraqo‘l shahrida «Qumtor» oltin koniga qarshi namoyishlar davomida viloyat hokimini o‘g‘irlab ketib, asir olishda aybdor deb topilgan.

Japarov Qoraqo‘ldagi hodisa ortidan Qozog‘istonga qochib o‘tib, u yerda uch yildan ko‘proq vaqt yashadi va 2017 yilning martida qirg‘iz-qozoq chegarasida qo‘lga olindi.

So‘nggi 7 yilni mamlakat tashqarisida yoki qamoqda o‘tkazgan shaxsning 30 deputat qo‘llovi bilan bosh vazir lavozimiga nomzod etib ko‘rsatilishi taqdirning g‘alati jilvasi bo‘ldi.

«Do‘stuq» mehmonxonasidagi majlisda ishtirok etgan deputatlarning ayrimlari hatto Japarov bosh vazir etib tayinlanganini iddao qilishdi.

Japarov qamalishidan oldin Qirg‘izistonda ko‘zga ko‘ringan siyosiy shaxsiyat emasdi.

Issiqko‘lda militsiya xodimi bo‘lib ishlagan Japarov Baliqchi shahrida kichik zavodni boshqardi.

Sobiq prezident Almazbek Atambayev qaytadan hibsga olingan - 9 - oktabr 2020 - yil
Sobiq prezident Almazbek Atambayev qaytadan hibsga olingan - 9 - oktabr 2020 - yil

2005 - yilda parlamentga saylangan Japarov sobiq prezident Qurmanbek Bakiyevning tarafdori o‘laroq ko‘rildi.

Bakiyev 2007 - yilning oktabrida parlamentni tarqatib yuborganidan keyin, Japarov Bakiyev endigina tuzgan «Aq-jol» partiyasiga qo‘shildi.

Saylovdan keyin Japarov prezident maslahatchisi etib tayinlandi, ko‘p o‘tmay Korrupsiyaga qarshi agentlik yetakchisi bo‘ldi. Prezident Bakiyev o‘g‘li Maksimni Qirg‘iziston Respublikasi Taraqqiyot, investitsiya va innovatsiyalar bo‘yicha markaziy agentligi yetakchisi etib tayinlaganda, Japarov Korrupsiyaga qarshi agentlik yetakchisi edi.

Mamlakat iqtisodi boshqaruvini qo‘lga olgan Maksim Bakiyev bir necha shirkatni qo‘lga kiritgani aytildi. Xususan, prezidentning o‘g‘li Japarovning singlisi Raykul yordamida mahalliy bankni qo‘lga kiritgani va millionlab dollar ishlab olgani aytildi.

2009 - yilda Maksim Bakiyev Rossiya Qirg‘izistonga bergan 450 million dollar qarzning bir qismini mo‘may daromad ishlab olish uchun qisqa muddatga oldi.

Qarz puli ishlatilayotganidan Qirg‘izistoning Korrupsiyaga qarshi agentligi emas, balki Rossiya hukumati xabar topdi. Kreml tez orada rus matbuoti yordamida Bakiyevga qarshi kampaniya boshladi.

Rossiyaning «yumshoq kuchi» 2010 - yilning aprelida Qurmanbek Bakiyev ag‘darilishida muhim rol o‘ynadi.

Buning ortidan Japarov Bakiyev tarafdorlari tuzgan yangi «Ata-jurt» partiyasiga qo‘shildi.

2010 - yilgi parlament saylovlarida Japarov parlamentga saylandi, ammo 2012 - yilning oktabrida Japarov hamda partiya yetakchisi Qamchibek Tashiyev Bishkekda «Qumtor» oltin konini hukumatga musodara qilishga chorlab namoyish uyushtirdi.

Ularni qo‘llagan shaxslar parlamentni ishg‘ol qilishga urindi. Japarov, Tashiyev va Talan Mamitov qo‘lga olindi va 2013 - yilning martida davlat to‘ntarishiga urinishda aybdor deb topildi.

Ular 18 oyga qamoq jazosiga hukm qilindilar. Ammo uchalasi ham o‘sha yilning iyulida qo‘yib yuborildi. Qamoqdan chiqqanidan keyin uch oy o‘tib, Japarov Issiqko‘l hokimini asir oldi.

***

5 - oktabr kuni parlament zabt etilib, namoyishchilar qamoqdan mahbuslarni ozod etishini hech kim oldindan bashorat qilmagandi.

Ammo oradan bir kun o‘tib, Japarov 30 deputat to‘plangan mehmonxonada bosh vazir lavozimiga nomzod o‘laroq ko‘rilayotgan edi.

Majlisda kvorum bo‘lmagani aniq – kvorum bo‘lishi uchun yig‘inda 61 deputat qatnashishi kerak. Japarovning bosh vazir etib tayinlanganini uning tarafdorlaridan boshqa hech kim tan olmadi.

9 - oktabr kuni Asanov amaldagi ichki ishlar vaziri lavozimidan ketdi. 10 oktabr kuni Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi uni Bishkekda ommaviy tartibsizliklar uyushtirishda ayblab, qo‘lga oldi.

9 - oktabr kuni «Veteranlar hamda Milliy xavfsizlik xizmati xodimlari» tashkiloti maxsus xizmatlar «alohida siyosatchilar qo‘lida o‘yinchoqqa» aylanmasligini aytib, Suvanaliyevni MXDQ binosidan chiqardi.

Qayerdaligi hanuz noma’lum bo‘lgan prezident Jeenbekov esa Janibek Saparovni Xavfsizlik kengashi kotibi o‘rinbosari etib tayinladi.

Bishkekdagi raqib siyosiy partiyalar namoyishi - 9 - oktabr, 2020 - yil
Bishkekdagi raqib siyosiy partiyalar namoyishi - 9 - oktabr, 2020 - yil

O‘sha kuni Bishkekda kamida to‘rt siyosiy partiya namoyish o‘tkazdi. Ularning birini asosiy muxolifat uyushtirdi. Yana birini 6 - oktabr kuni qamoqdan olib chiqilgan sobiq prezident Almazbek Atambayev tashkil qildi. Yana bir namoyish esa «Qirg‘iziston siyosatida uyushgan jinoyatchilik ta’siriga qarshilar» tomonidan o‘tkazildi. Nihoyat, Japarov tarafdorlari ham uni qo‘llab namoyishga chiqishdi.

Muxolifat va Atambayev uyushtirgan namoyish qatnashchilari Bishkekdagi markaziy maydonda to‘plandi. U yerda Atambayev va prezidentlikka sobiq nomzod O‘murbek Babanov nutq so‘zladi.

Ko‘p o‘tmay, maydonga Japarov tarafdorlari keldi va janjal boshlandi. Shundan so‘ng namoyishchilar maydonni tark etdi.

Poytaxtda komendant soati e’lon qilindi va tinchlikni ta’minlash uchun harbiylar kiritildi.

10 - oktabr kuni Bishkek tashqarisidagi prezident rezidensiyasida yana bir parlament majlisi o‘tkazildi.

Kun tartibidagi asosiy masala - Japarovni bosh vazir etib tayinlash edi. Deputatlar bu tashabbusini qo‘lladilar.

12 - oktabrga kelib, Atambayev va u bilan birga qamoqdan olib chiqilgan sheriklari qaytadan hibsga olindi.

12 - oktabr kuni kechga qadar Japarovdan tashqari, 6 - oktabr kuni qamoqda ozod etilgan barcha shaxslar qaytadan hibsga olindi.

***

Saylov komissiyasi parlament saylovlari natijalari bekor qilinganini e’lon qilganida, «Birimdik» va «Mekenim Qirg‘izistan» partiyalarining kuni bitgandek edi.

Jeenbekovning ukasi «Birimdik» partiyasidan nomzod edi va partiya g‘olib chiqishi uchun ma’muriy resurslardan foydalangani haqida ayblovlar yangradi. «Mekenim Qirg‘izistan» esa Matraimov hamda jinoyatchi to‘da yetakchisi ekani aytiladigan, «Kolya qirg‘iz» o‘laroq ma’lum bo‘lgan Qamchi Qolbayev moliyalashtirgan partiya o‘laroq ko‘rilayotgan edi.

Endilikda har ikki partiya qayta jonlanayotgandek.

Japarovni esa, aftidan, qudratli shaxslar qo‘llamoqda.

Uni aynan kim qo‘llayotgani noma’lum. Ammo uni dastaklayotgan kuchlar muxolifat namoyishlarini tarqatib yuborishga hamda raqib partiyalar tug‘diradigan bartaraf etishga qodirliklarini ko‘rsatishdi.

Aftidan, bu kuchlarni bezorilar qo‘llamoqda. Bezorilar yordamidan foydalanish, tabiiyki, katta xarajat talab qiladi. Bu kuchlar hozircha panada turib, barcha e’tiborni Japarovga qaratishga muvaffaq bo‘ldi.

Ammo 13 - oktabr kuni Japarov va uning tarafdorlari uchun vaziyat salbiy tomonga o‘zgardi. Prezident Jeenbekov deputatlarning Japarovni bosh vazir etib tayinlash qarorini rad etdi.

Majlisda kvorum bo‘lmaganini aytgan prezident mamlakatning yaqin kelajagi haqida yanada ko‘proq savol tug‘ilishiga sababchi bo‘ldi. Ayni damda Qirg‘iziston hukumatsiz kun kechirmoqda.

Bu orada AQShning Bishkekdagi elchixonasi Qirg‘izistondagi vaziyat haqida bayonot tarqatib, Jeenbekovning qarorini qo‘lladi.

«Ma’lumki, demokratik taraqqiyot yo‘lidagi g‘ovlardan biri uyushgan jinoiy guruhlarning siyosat va saylovlarga ta’sir o‘tkazishga urinishi bo‘lib hisoblanadi. 4 - oktabr kuni o‘tgan saylovlarda ovozlarni sotib olish, «Ala-Too» maydonida odamlarni qo‘rqitish va u erdagi zo‘ravonlik hamda 10 - oktabr kuni parlament majlisidagi huquqbuzarliklar ana shundan dalolat beradi», deyiladi AQSh elchixonasi bayonotida.

XS
SM
MD
LG