Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 15:15

Rossiyada koronavirusning ikkinchi to‘lqini boshlandi


Moskva shahridagi 52-sonli shifoxona. 8 - oktabr, 2020
Moskva shahridagi 52-sonli shifoxona. 8 - oktabr, 2020

Rossiyaning ko‘plab shaharlarida koronavirus qaytadan tez sur’atlarda tarqala boshladi.

Ozodlik va Amerika ovozi radiolarining qo‘shma loyihasi bo‘lgan «Nastoyashchee vremya» telekanaliga intervyu bergan o‘nlab odam tez yordam uchun soatlab navbat kutishga to‘g‘ri kelayotgani, shifoxonalarda esa bo‘sh o‘rinlar qolmaganini so‘zlab berdi.

Boshqa Yevropa mamlakatlaridagi kabi, keyingi haftalarda Rossiyada ham koronavirusga chalinganlar soni tobora o‘sib bormoqda.

Ammo tanqidchilar Rossiya rasmiylarini pandemiyaning haqiqiy ko‘lamini yashirishda ayblamoqda. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 14 - oktabr kuni Rossiya bo‘ylab 14 ming odam virusni yuqtirdi. Bir oy oldin bu ko‘rsatkich 5 700 ni tashkil qilgan edi.

15 - oktabr kuni koronavirus keltirib chiqaradigan COVID-19 infeksiyasidan 286 nafar odam nobud bo‘lgani xabar qilindi. Rossiyada bahor oylaridan beri bunday ko‘rsatkich qayd etilmagandi.

Demografiya bo‘yicha mutaxassis Aleksey Raksha hukumat bahorda – kasallikning ilk to‘lqini davomida virus yuqtirganlar va virus tufayli nobud bo‘lganlar sonini ozaytirib ko‘rsatgani uchun aholi ishonchini yo‘qotganini aytadi.

Permdagi yuqumli kasalliklar shifoxonasi hamshirasi Darya Savochkinaning aytishicha, hozirda vaziyat may yoki iyun oylariga qaraganda ancha yomonlashgan.

«Buni juda ko‘p bemorlar sonidan, kasalxonalarda yotoq yetishmayotganidan, tashxislar sonidan va umumiy ish hajmidan ko‘rishingiz mumkin. Kamiga bu safar bemorlarning ahvoli og‘irroqdek», - deydi rossiyalik hamshira.

Oktabr oyi boshidan buyon Kremlga xayrixoh siyosiy tahlilchi Sergey Markov koronavirus infeksiyasini qanday boshdan kechirayotgani haqida yozib keladi. Markov Moskvada yaxshi jihozlangan shifoxonada davolanmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, shifoxona koronavirusga chalingan bemorlarga to‘lib ketgan.

«Biz epidemiyaning yangi cho‘qqisiga duchor bo‘lganimiz aniq», deb yozdi u 11 - oktabr kuni.

«Bugungi holat bahorda ko‘rganimizdan bir necha jihati bilan farq qiladi. Kuzatishlarimga qaraganda, vaziyat bahordagidan ancha yomonroq. Hamma ikkinchi to‘lqinni kutayotgan edi, ammo u biz o‘ylagandan tezroq va kuchliroq keldi», - deb yozdi tahlilchi.

5 - oktabr kuni Rossiya sog‘liqni saqlash vaziri Mixail Murashko Moskva ikkinchi to‘lqinning «ilk zarbini» his qila boshlaganini tan oldi, ammo «vaziyatni boshqarish mumkinligini» aytadi.

Ammo sentabr oyi oxirida RNC Pharma shirkati hamda «Doktor na rabote» tarmog‘i tibbiyot xodimlari orasida o‘tkazgan so‘rov vaziyat boshqacha ekanligini ko‘rsatdi.

Moskva va Sankt-Peterburgda so‘rovda qatnashuvchilarining atigi 19 foizi mahalliy shifoxonalar koronavirusning ikkinchi to‘lqiniga to‘liq tayyor ekanligiga ishonishlarini aytishdi.

Mamlakatning boshqa hududlarida esa, bu ko‘rsatkich 8 foizdan oshmadi.

Rossiya bo‘ylab so‘rovda qatnashganlarning 24 foizi ular yashayotgan hudud yangi to‘lqinga tayyor emasligi va «qoidalardan boshqa» hech qanday tayyorgarlik ko‘rilmaganini aytishgan.

So‘rov qatnashchilarining 33 foiziga ko‘ra esa, o‘zlari yashayotgan mintaqa koronavirusning ikkinchi to‘lqiniga “umuman tayyor emas”.

XS
SM
MD
LG