26 - oktabr kuni Ozodlikka murojaat qilgan olotlik tadbirkorlarga ko‘ra¸ shu yilning 27 - aprelida ro‘y bergan kuchli dovul oqibatida butunlay vayron bo‘lgan yuzlab issiqxona hozirgacha qayta tiklanmagan.
Prezidentning 28 - aprel kungi farmoni bilan tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish uchun davlat byudjetidan 100 milliard so‘m ajratilgan¸ ayni paytda¸ Moliya vazirligiga qo‘shimcha mablag‘ topish buyurilgan edi.
Talafotdan roppa-rosa 6 oy o‘tib¸ milliardlab so‘mlik davlat mablag‘i sarflanganiga qaramay¸ Ozodlik gaplashgan olotlik issiqxona egalari o‘z biznesini qayta tiklash uchun yordam berilmagani¸ yordam pulining talon-toroj qilinganini iddao qildi.
Prezident va’da qilgan yordam berilmagan - issiqxonalar ishga tushmagan bir sharoitda, bu tadbirkorlar banklar tomonidan kreditni qaytarish yoki mol-mulkidan ajrash tahdidi ostida qolgan.
Olotlik issiqxonachilar murojaati
26 - oktabr kuni Ozodlikka murojaat qilgan bir guruh olotliklar¸ prezidentning 2018 - yil iyunida qabul qilingan “Har bir oila – tadbirkor” dasturi asosida issiqxona qurish uchun kredit olgan.
Ulardan biri Olot tumanining Jayhunobod MFYdagi 4 sotixlik tomorqasiga issiqxona qurish uchun “Agrobank”dan 30 million so‘m kredit olgan Feruz Choriyev.
Kredit yoniga oilaviy byudjetidan yana 30 milliondan oshiq xarajat qilib¸ issiqxona ko‘targan Choriyev¸ 27 - aprel kuni dovul oqibatida endigina ish boshlagan issiqxonasidan ajragan.
- Tomorqamdagi 4 sotix joyga issiqxona qilgandim. 1000 tup bolgar qalampirim bor edi. Tonnasiga 45 ming so‘mdan shartnoma qilgandim¸ har terimda 45 million so‘m topaman¸ deb turganda¸ hammasi payhon bo‘ldi. Issiqxonamdagi temir trubadan tortib kotyollarimgacha yorilib ketdi. “Har bir oila – tadbirkor” dasturi bo‘yicha 2019 - yil aprelida 3 yilga 8 foizlik imtiyozli kredit olganman. Mart oyidagi karantindan keyin kreditni to‘lash 6 oyga kechiktirildi. 2 - oktabr kuni “Agrobank”dan qolgan foiz va kredit asosiy qismini shu oydan to‘laysan¸ degan yozma ogohlantirish keldi. Bankdan kuniga telefon qilishyapti. Issiqxonam vayronligicha yotgan bo‘lsa¸ 6 oy biror daromad qilmagan bo‘lsam¸bu kreditni qanday qaytaraman, - deydi Choriyev.
Olot tumanining “Davlatboy” MFYda yashovchi Edik Husainov ham 8 sotix tomorqa yeriga 2018-19 - yillarda issiqxona qurgan. U ham “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida “Xalq banki”dan 60 million so‘m kredit olgan.
27 - aprel kungi dovuldan pomidorlari endi hosilga kirgan issiqxonasi butunlay barbod bo‘lgan.
-Ekkan pomidorimni ikki marta 100 kilodan sotishga ulgurdim¸ xolos. Dovuldan sellofanlarim yirtilib ketdi¸ isitish tizimlari¸ trubalarim hammasi brak bo‘ldi¸ metallolomga aylandi. Brak bo‘lgan trubalarni yamadik¸ yetmaganini tuman hokimligi berdi. Endi 8 sotix joyga sellofan yopaman desam¸ kamida 14 million faqat sellofanning o‘ziga kerak. Ustiga taxta¸ reyka¸ lenta olishim kerak. Issiqxonani yuritish uchun kotyol¸ ko‘mir olishim kerak. Ustaning haqini to‘lashim kerak¸ bir sotix joydagi ish uchun kami 750 ming so‘m olishadi. Buncha pulim yo‘qligidan¸ issiqxonam qarovsiz yotibdi¸ -deydi Husainov.
Olotlik issiqxonachi tadbirkorlar bu masalada yordam so‘rab tuman hokimidan to prezident portaligacha bir necha marta murojaat qilgani¸ ammo biror yechim topilmayotganini ta’kidladi.
-Faqat issiqxonam emas¸ bog‘imdagi 30 tupga yaqin daraxtlarim ham dovulda sindi va umuman daromadsiz qoldim. Hozir bankdan kamida 5 million foiz va asosiy to‘lovdan qarzingiz bor¸ oy oxirigacha to‘lang¸ deb ustma-ust telefon bo‘lyapti¸ xat kelyapti. Hozir ikkita yo‘l qoldi – yo bank kreditni to‘lamadi¸ deb uyimni tortib oladi va ko‘chada qolaman yoki bitta buyragimni sotuvga qo‘yib¸ qarz to‘layman. Olotda tadbirkorga yordam beradigan davlat yo‘q.
Choriyev va Husainov¸ Olot tumanida o‘z tomorqasiga issiqxona qurgan 1000 dan oshiq tadbirkor borligi va ulardan kamida 300 nafari o‘zlari kabi ilojsiz holda qolganini iddao qildi.
Hokimlik nima deydi?
Ozodlik olotlik issiqxonachilar bergan ma’lumotlarga izoh so‘rab¸ tuman hokimligi bilan bog‘landi. Hokim o‘rinbosari bu tadbirkorlar vaziyatidan xabari borligi¸ ularga yordam berish masalasida urinishlar bo‘layotganini bildirdi.
“Bu tadbirkorlar 9 - oktabr kuni Jondor tumanida viloyat rahbarlari bilan o‘tkazilgan sayyor qabulda ham shu masalani ko‘tardi. Hokim Markaziy bankka ular krediti to‘lovini kechiktirishni so‘rab xat yozishni buyurdi. Xat yozganmiz¸ lekin hali javobi kelmadi”¸ dedi Olot tuman hokimi o‘rinbosari.
Mahalliy mulozimga ko‘ra¸ “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida bankdan kredit olib issiqxona qurganlardan 339 tasi issiqxonasi umuman sug‘urta qilinmagan.
“Shunday bo‘lsa ham¸ davlat ularning 320 tasiga metall konstruksiyasini tiklashga yordam berdi¸ sug‘urta kompaniyasi 110 million homiylik puli ajratdi¸ issiqxona egalariga 300 mingdan 800 ming so‘mgacha yordam puli berdik”¸ deb qo‘shimcha qildi hokimiyat vakili.
Korrupsiya iddaolari
Olotlik tadbirkorlar¸ dovuldan keyin tumanga davlat byudjetidan ajratilgan yordam pullari bilan amalda aholi va tadbirkorga berilgan yordam o‘rtasida “jarlik” borligi va oradagi pulning "hokimiyat vakillari tomonidan talon-taroj qilingani"ni iddao qildi.
-Talofat oqibatlarini bartaraf etish uchun Olotga milliardlab pul berildi. Oldiniga bizga odamlarning tomi¸ shiferi¸ bog‘cha-maktablar bo‘lsin¸ keyin sizlarga beriladi¸ deyishdi. Mahallamizdagi bitta bog‘cha ta’miriga 270 million so‘m ajratildi¸ deyildi. Lekin amaldagi ishni hisoblab chiqsangiz¸ 20 million ham ketmagan. Qolgani qayerda? Javobi oddiy - prezident ajratgan pullar talon-toroj qilinyapti. Biz Bosh prokuraturadan bu pullarning qanday ishlatilganini tekshirish uchun maxsus guruh yuborishni¸ o‘g‘irlangan pullarning muhtojlarga berilishi ta’minlanishini so‘raymiz¸ dedi Edik Husainov.
Suhbatdoshlar ayni shunday so‘rov bilan prezident portali¸ Senat va Oliy Majlis¸ Bosh prokuraturaga ham murojaat qilgani¸ ammo murojaatlarning hammasi Olot tuman hokimligiga qaytib kelayotganini bildirdi.
- Xalq murojaatiga bunday munosabat -uning ustidan kulish. Xuddi avvalgidek¸ kimning ustidan tepaga shikoyat yozsangiz¸ arizangiz o‘shalarning o‘ziga qaytib tushyapti" , deydi olotlik tadbirkorlar.
Korrupsiya iddaosini rad qilishga uringan Olot tuman hokimi o‘rinbosari¸ talofat oqibatlarini bartaraf etishga ajratilgan pullarning viloyat hokimligi tomonidan taqsimlangani va “har bir so‘mning qayerga sarflangani hisob-kitobi” borligini ta’kidladi.
Prezidentning katta va’dasi
2020 - yilning 27 - aprel kuni Buxoro viloyatida ro‘y bergan kuchli to‘fon natijasida¸ ayniqsa¸ Turkmanistonga tutash Olot va Qorako‘l tumanlari juda katta zarar ko‘rdi.
Voqeaning ertasigayoq ikkala tumanga borib¸ hokimiyat vakillari bilan uchrashgan Shavkat Mirziyoyev “hamma mablag‘ni berish¸ Olot va Qorako‘lni 10 kun ichida yangilash”ni va’da qilgan edi.
- Qo‘limda hamma ma’lumot bor. Qancha mablag‘ kerak bo‘lsa¸ shuncha beramiz. Bironta xonadon¸ bironta korxona¸ qishloq xo‘jalik sohasidayam bironta fermerga zarar yetkizmaymiz. G‘alla buzilgan joyda paxta ekamiz¸ mehnat qilamiz¸ jipslashamiz. Ertaga daromadimiz bundan ham ko‘p bo‘ladi. Yana bir marta aytaman¸ man hamma qarorlarni qabul qildim¸ hech qanday zarar bo‘lmaydi. Eng katta narsa vahimaga tushmasdan¸ saranjom bo‘lib¸ odamlarimizni saqlashimiz kerak. Man hamma mablag‘ni beraman¸ sizlar bellaringni mahkam bog‘lab¸ yangilanib olamiz. Hammasini yangilab beraman. Qozonni qaynashgayam imkoniya beramiz¸ boshqa sharoitgayam imkoniyat beramiz. Hech xavotir qilmanglar¸ 5 kundamas¸ 3 kundayam qildira olaman¸ lekin karantin bor. Ko‘pi bilan 10 kun¸ o‘zimizning kuchimiz bilan qilamiz. Hech baloni o‘ylamanglar! Sarosimaga tushishga hech o‘rin yo‘q! - degan edi 28 - aprel kuni ikki tuman mulozimlari bilan uchrashgan Mirziyoyev.
Prezident matbuot xizmati tarqatgan ma’lumotga ko‘ra¸ 27-28 - aprel kunlari ro‘y bergan kuchli dovul va jala oqibatida Buxoro viloyati bo‘yicha 38 mingdan ziyod aholi uylari, 847 ta ijtimoiy soha obyekti va ekin maydonlariga zarar yetgan.