Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 10:57

AQSh senatorlari Xitoyning uyg‘urlarga qarshi genotsidi haqidagi rezolyutsiyani ishlab chiqdi


Xitoy 1 milliondan ortiq uyg‘ur va boshqa musulmon ozchiliklarni konsentratsiya lagerlari va qamoqda saqlab kelishda ayblanmoqda
Xitoy 1 milliondan ortiq uyg‘ur va boshqa musulmon ozchiliklarni konsentratsiya lagerlari va qamoqda saqlab kelishda ayblanmoqda

AQSh Kongressining bir guruh a’zolari Xitoy Shinjonda uyg‘urlar hamda boshqa musulmon ozchiliklarni genotsid qilayotgani ta’kidlangan qonun loyihasini ishlab chiqdi.

Agar bu rezolyutsiya qabul qilinsa, Xitoy Birlashgan Millatlar Tashkilotining 1948 - yilda qabul qilingan Genotsid jinoyatining oldini olish va jazolash to‘g‘risidagi konvensiyasiga binoan javobgarlikka tortilish mumkin. Bu haqda 27 - oktabr kuni senator Jeff Myorkli ma’lum qildi.

«Xitoyning uyg‘urlar va boshqa musulmon ozchiliklarga hujumi – tobora kengayib borayotgan nazorat, qamashlar, qiynoqlar hamda majburiy “qayta tarbiyalash lagerlari” – sodda va oddiy qilib aytganda, genotsiddir. Amerika sukut saqlab tura olmaydi», - dedi senator.

Rezolyutsiya loyihasini Myorkli (demokrat – Oregon) bilan bir qatorda senatorlar Jon Kornin (respublikachi – Texas), Robert Menendes (demokrat – Nyu-Jersi), Jeyms Rish (respublikachi – Aydaxo), Marko Rubio (respublikachi – Florida) va Ben Kardinlar (demokrat – Merilend) hozirlaganlar.

Bundan oldin ham AQSh senatida Xitoydagi uyg‘urlar taqdiriga doir rezolyutsiyalar qabul qilingan edi. Ulardan biri majburiy mehnat yordamida ishlab chiqarilgan Xitoy mollarini AQSh bozorlarida sotishni man etadi.

Асли қозоғистонлик этник уйғурнинг Хитой қамоқхонасидаги 15 ойи
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:07:26 0:00

Yangi rezolyutsiya yaqin kunlarda ko‘rib chiqilmaydi, chunki Senat ayni damda ta’tilda bo‘lib, keyingi haftada bo‘lib o‘tadigan prezident saylovlari o‘z yakuniga yetganidan keyin qayta ish boshlaydi.

Rezolyutsiyada Xitoy rasmiylarining Shinjondagi uyg‘urlar, qozoqlar hamda boshqa musulmon guruhlarga qarshi kampaniyasi «genotsidga teng ekani» e’tirof etilgan.

Pekin 2017 - yildan boshlab 1 milliondan oshiq uyg‘ur va boshqa musulmon xalqlarni konsentratsiya lagerlari va qamoqda saqlab kelishda ayblanmoqda. Xitoy bu shaxslarni qiynoqqa tutib, o‘z dinlari va tillaridan voz kechishga majburlayotgani aytiladi.

Xitoy rasmiylari ushbu lagerlar bo‘lginchi terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish maqsadida tashkil etilgan qayta tarbiyalash va trening markazlari ekanligini iddao qilmoqda.

Iyul oyida AQSh uyg‘urlarga qarshi «inson huquqlarini jiddiy buzish holatlariga» aloqador amaldagi va sobiq Xitoy amaldorlariga qarshi sanksiyalarni joriy qildi, ammo Xitoy rasmiylarini genotsidda ayblamadi.

AQSh Moliya vaziri Stiven Mnuchin o‘shanda Shinjondagi vaziyatga aloqador shaxslarga qarshi moliyaviy sanksiyalar joriy qilinishini va’da qilgan edi.

27 - oktabr kuni Hindistonga xizmat safari bilan borgan AQSh Davlat Kotibi Mayk Pompeo Xitoy Shinjonda ko‘rayotgan choralar «1930-yillardagi Germaniyada sodir bo‘lgan hodisalarni eslatishini» ta’kidladi.

AQSh prezidentligiga nomzod Jo Bayden kampaniyasi Xitoy harakatlarini genotsid deb atab, Bayden saylovda g‘olib chiqsa, Pekinga qarshi qat’iy chora ko‘rishini aytmoqda.

Xolokost ortidan qabul qilingan BMT konvensiyasi hukumatlarni genotsidning oldini olish va unga mas’ul taraflarni jazolashga chorlaydi.

Konvensiyada genotsid «milliy, etnik, irqiy yoki diniy guruhni to‘liq yoki qisman yo‘q qilish niyatida» odamlarni qirg‘in qilish yoki farzand ko‘rishlariga to‘sqinlik qilish o‘laroq ta’riflangan.

Xitoy bo‘yicha mutaxassis Adrian Zens iyun oyida e’lon qilgan hisobotda Xitoy uyg‘urlar sonini ozaytirish uchun ayollarni sterilizatsiya amaliyotidan o‘tishga yoki kontratseptiv vositalardan foydalanishga majburlayotgani aytiladi.

Hisobotda Xitoy ko‘rayotgan choralar sekin harakatlanuvchi demografik «genotsid»ga teng kelishi ta’kidlangan.

XS
SM
MD
LG