Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 08:08

OzodTarmoq: "Makron Islom haqida emas, Islamizm haqida gapirdi"


16 - oktabr kuni Fransiyada yuz bergan terror hujumi manzarasida prezident Emmanuel Makronning Islom va musulmonlar haqida qilgan bayonotlari ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmentida turli munosabatlarni paydo qilgan.

Quyida Fransiyada tahsil olgan bloger va tadbirkor Firuz Allayevning o‘z Telegram kanalida e’lon qilgan fikrlarini e’tiboringizga havola qilamiz.

Matn tahrirsiz va qisqartirishsiz berilmoqda.

***

Emmanuel Makronning nutqini bir emas, uch marotaba to‘liq ko‘rib chiqdim. His-hayajonni yig‘ishtirib, real ma’lumotlarni tahlil qilsak, Makron qilayotgan ishlarning mag‘zi chaqiladi.

Avvalo nutqida Makron Islom haqida emas, Islamizm haqida gapirdi. Islamizm bu din emas, siyosiy ideologiya hisoblanadi. Islamizmning asosiy g‘oyasi, shariat qonunlariga asoslangan davlat yoki xalifalik tuzishdir. IShID va Al-Qoida ham aynan Islamizmni targ‘ibot qiladi. Makron nutqida Islomga qarshi kurashishga emas, Islamizm va separatizmga qarshi kurashishga chaqirdi. Islom din, Islamizm siyosiy g‘oya, ikkalasini aralashtirmaslik juda muhim.

Makronning «Islom olami hozir inqirozda» degan gapi eng ko‘p kontekstdan yulinib muhokama qilindi. Birinchidan, Makron iborani noto‘g‘ri tanladi deb o‘ylayman. Ikkinchidan, Islom olami inqirozda ekanligini hatto o‘zimizning musulmon ulamolari ham aytib kelishadi. Buni turli guruhlar, mazhablarga bo‘linib ketishda, radikalizmda ko‘rish mumkin. Alamli, lekin afsuski musulmon olami bugun inqirozda ekanligini rad etolmaymiz.

Endi qonun bilan qilinayotgan choralarni sanab o‘taman:

1. Masjid va diniy tashkilotlarning tashqaridan moliyalashtirilishi nazoratga olinadi. Necha yillardan beri Fransiyadagi masjidlar tashqaridan moliyalashtiriladi. Bugungi Fransiya hududidagi eng radikal odamlar ham, aynan o‘sha xalqaro moliyalashtirilgan masjidlardan chiqyapti.

2. Imomlar Fransiyada tayyorlanadi. Hozirda Fransiyadagi aksar imomlar arab davlatlaridan kelgan va bu hali-hanuz davom etmoqda. Ko‘plab imomlar borib boshqa arab davlatlarida o‘qib kelishmoqda. Bu siyosatni Germaniya ham joriy etgan edi.

3. Ta’lim, meditsina va davlat xizmatlari neytralligi ta’minlanadi. Odamni dinidan qat’iy nazar bir xil xizmat ko‘rsatiladi.

4. Fransiyada davlat ruxsatisiz noqonuniy ochilgan hujralar va madrasalar yopiladi.

5. Farzandini maktabga berish majburiy qilinadi. Uyida, kvartiralarda bir nechta oila bolalarini bir qilib diniy ta’lim berayotgan va bolasini dunyoviy maktabga borishga qo‘ymayotgan ota-onalarga nisbatan chora ko‘riladi. Ya’ni, ota-ona uyda farzandiga diniy ta’lim berishi mumkin, lekin maktabga qatnash majburiy.

Shuningdek, Makron o‘z nutqida oddiy musulmonlarga nisbatan adolatsizlik qilmaslikka, radikallar bilan oddiy musulmonni adashtirmaslikka chaqirdi.

Ko‘rib turganingizdek bu choralar dunyoning aksar mamlakatlarida ham amal qiladi. Masalan, o‘zimizda O‘zbekistonda ham shu qoidalarga davlat qat’iy amal qiladi.

Bir necha kun davomida Fransiyada yashaydigan musulmon tanishlarimga yozdim. Ularning hammasi bir xil tarzda kundalik hayotlarida hech narsa o‘zgarmaganligi, tanishlar va hamkasblar bilan muomalada hech qanaqa muammoga duch kelishmaganini aytdi. Asosan taqvodor bo‘lgan, besh mahal namozini o‘qiydigan fransuz tanishlarim ham chechen terroristining ishini qoralashdi.

Fransiya 66 million aholi yashaydigan ulkan mamlakat. Uni ichida radikal fanatiklar ham, radikal millatparastlar ham bo‘lishi tabiiy. Lekin, bir yoki ikki kishidan kelib chiqib butun mamlakat haqida xulosa bermaslik kerak. Bu xuddi hamma Xitoyliklar ko‘rshapalak eydi, hamma o‘zbek erkaklari nos chekadi, hamma rus erkaklari alkash degandek umumiylashtirish bo‘lib qoladi.

Makron xohlagan taqdirda ham fransuz musulmon auditoriyasiga qarshi borolmaydi chunki musulmonlar saylovchilarning taxminan 10 foiziga to‘g‘ri keladi. 10 foiz ovoz saylovda juda ko‘p narsani hal qiladi.

Terroristning ishidan keyin chora ham ko‘rmasa bo‘lmasdi chunki millatparastlar ham Fransiyada taxminan 12-15 foiz atrofida ovozni berishadi. Agar hech nima qilmasa, bu auditoriya ovozidan quruq qoladi. Natijada, davlat necha yildan beri orqaga tashlab kelgan choralarni Makron e’lon qildi. Albatta, nutqda oddiy musulmonlarni radikallar bilan adashtirmaslikni iltimos qildi.

Fransiya o‘z hududida Islomni taqiqlagani yo‘q, musulmonlarning e’tiqod va ibodat erkinligiga tahdid qilgani yo‘q. Shunchaki radikal siyosiy ideologiyaga nisbatan aniq choralar taklif qildi. U choralar bizda anchadan beri amal qiladi.

Bu darajada bahs kelib chiqishiga aslida Erdogan sabab bo‘ldi. U kontekstdan gapni yulib urg‘uni bir tomonga berdi. Qolganiga Turk OAVsining propaganda mashinasi o‘z ishini chiroyli bajardi.

XS
SM
MD
LG