Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 09:12

Belaruslar Baydendan ko‘proq dastak kutsa bo‘ladimi?


Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko AQSh Davlat Kotibi Mayk Pompeo bilan uchrashmoqda - Minsk, 1 fevral, 2020
Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko AQSh Davlat Kotibi Mayk Pompeo bilan uchrashmoqda - Minsk, 1 fevral, 2020

AQSh prezidenti Donald Tramp Belarusda prezident saylovi ortidan boshlangan norozilik namoyishlari va namoyishchilarga qarshi politsiya zo‘ravonligi haqida juda oz so‘zladi.

AQSh prezidentlik saylovlarida g‘olib chiqqan Jo Bayden esa, Belarusning avtoritar prezidenti Aleksandr Lukashenkoni «o‘z xalqini qiynoqqa tutuvchi» noqonuniy yetakchi, deb ataydi.

Bayden prezidentligi Belarus xalqi uchun nimani anglatadi?

Shu yil 9 - avgustida bo‘lib o‘tgan prezident saylovidan keyin Minsk va Belarusning boshqa shaharlarida norozilik chiqishlari boshlanib ketdi.

Norozilar rasmiylarni misli ko‘rilmagan soxtalashtiruv va miting ishtirokchilariga nisbatan shafqatsizlikda ayblab, Belarusni 26 yildan beri boshqarib kelayotgan Lukashenko iste’fosini va qayta saylov o‘tkazilishini talab qilmoqdalar.

Ayrim norozilik aksiyalarida 100 mingdan oshiq odam qatnashdi. Muxolifat norozilik namoyishlaridan tashqari, ommaviy ish tashlash kampaniyasini ham boshlashga urinmoqda.

Bugunga qadar minglab namoyish qatnashchisi hibsga olindi, yuzlab odam politsiya zo‘ravonligiga duchor bo‘ldi, muxolifat yetakchilari qamaldi yoki mamlakatni tark etishga majbur bo‘ldi.

Yevropa Ittifoqi, AQSh va boshqa davlatlar Lukashenkoni legitim prezident o‘laroq tan olishdan bosh tortdi va ko‘plab Belarus amaldorlariga qarshi sanksiya joriy qildi.

Shuningdek, Bryussel va Vashington prezident saylovida g‘olib chiqqanini iddao qilayotgan muxolifat yetakchisi Svetlana Tixanovskaya bilan yaqindan aloqa o‘rnatdi.

Tixanovskaya saylov natijalari e’lon qilinishi ortidan Litvaga qochib o‘tishga majbur bo‘lgan.

Ammo tanqidchilar G‘arb davlatlari, ayniqsa, AQShni avtoritar Lukashenkoni jazolash uchun yetarlicha chora ko‘rmaslikda ayblab keladilar.

Bayden prezident lavozimiga kirishganidan keyin, AQShning Belarus bo‘yicha siyosati keskin o‘zgarishi mumkin. Bayden o‘z saylov kampaniyasi davomida Lukashenko va uning «hamtovoqlariga» qarshi sanksiyalar ko‘lamini kengaytirishini aytib, Tramp «noqonuniy avtokratga» nisbatan o‘ta yumshoq muomala qilayotganini ta’kidlagan edi.

1990 - yillarda AQShning Belarusdagi elchisi o‘laroq ishlagan Kennet Yalovits Ozodlikka yozgan elektron maktubida «Bayden namoyishchilar nomidan ko‘proq gapirib, Yevropadagi hamkorlar bilan yaqinroq ish olib boradi», deb yozdi.

Trampdan farqli o‘laroq, Bayden Belarusdagi voqealar haqida ko‘p fikr bildirdi.

27 - oktabr kuni Bayden «o‘z xalqini qiynoqqa solgan hech bir rahbar legitimlikni iddao qila olmaydi... Men Svetlana Tixanovskaya va Belarus xalqi bilan bir qatorda hokimiyat tinch yo‘l bilan topshirilishi, barcha siyosiy mahbuslarning ozod qilinishi hamda erkin va adolatli saylovlar o‘tkazilishini talab qilishda davom etaman», deya bayonot berdi.

Sobiq AQSh diplomati Stiven Payfer «Men ushbu bayonot Bayden prezidentligi Belarus bilan qanday munosabatda bo‘lishiga oid yaxshi belgi ekaniga ishonaman», - deb aytdi.

Bayden o‘z ma’muriyati demokratiya hamda inson huquqlari himoyasini qo‘llashdan hech qachon chekinmasligini aytib, Trampni Lukashenkoga qarshi chora ko‘rmaslikda ayblagan.

XS
SM
MD
LG