Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 08:50

Manzil-koloniyalar yopilmoqda. Ayrim mahbuslar va yaqinlari qamoqxonaga qaytarilishdan xavotirda


Rasmiylarga ko‘ra, mahkumlarning katta qismi ozodlikka chiqariladi. Shu bilan birga, qamoqqa qaytarilishi mumkin bo‘lgan mahkumlar ham bor
Rasmiylarga ko‘ra, mahkumlarning katta qismi ozodlikka chiqariladi. Shu bilan birga, qamoqqa qaytarilishi mumkin bo‘lgan mahkumlar ham bor

Shu yilning 12 - yanvar kuni O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish Bosh boshqarmasi tizimidagi ilk manzil-koloniya yopildi. Mazkur manzil-koloniya Qashqadaryo viloyatida joylashgan edi.

Manzil-koloniyada jazo muddatlarini o‘tayotgan mahkumlar turdosh koloniyalarga taqsimlandi.

Bu haqda Ozodlikka manzil-koloniyalarda jazo o‘tayotgan mahkumlardan bir nechtasi telefon orqali ma’lum qildi.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish Bosh boshqarmasi mas’ul xodimiga ko‘ra, Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2020 - yil 29 - dekabrdagi Parlamentga murojaatnomasida tizimdagi 25 ta manzil-koloniya bosqichma-bosqich qisqartirilishi haqida aytilgandi.

“Bu yil 6 ta manzil-koloniyaning yopilishi ko‘zda tutilgan. Ular Toshkent, Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlaridagi manzil-koloniyalardir. Mahkumlarning katta qismi ozodlikka chiqariladi, qamoqqa qaytarilishi mumkin bo‘lgan mahkumlar ham bor”, - dedi ismi sir qolishini istagan IIVning Jazoni ijro etish Bosh boshqarmasi mulozimi.

Prezidentga ko‘ra, ilk marta ozodlikdan mahrum etilgan shaxsga nisbatan jazo qisqartirilsa, u manzil-koloniyaga o‘tkazilmasdan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ozodlikka chiqariladi va probatsiya xizmati nazoratiga olinadi.

«Xalqaro standartlardan kelib chiqib, 25 ta manzil-koloniyalar bosqichma-bosqich qisqartiriladi. Bundan buyon birinchi marta ozodlikdan mahrum etilgan shaxsga berilgan jazo yengilrog‘i bilan almashtirilsa, u manzil-koloniyaga o‘tkazilmasdan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri probatsiya nazoratiga olinadi», — degandi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident topshirig‘i bilan manzil-koloniyalarda jazo muddatini o‘tayotgan 6000 nafar shaxs ozodlikka chiqarilishi va probatsiya nazoratiga o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.

Ammo muqaddam og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etib, jazoning muayyan qismini o‘tagan, hozirda jazo muddatini o‘tashni manzil-koloniyalarda davom ettirayotgan mahkumlar yana qamoqxonaga qaytarilishi mumkin.

Toshkentlik shifokor Malika Qosimova Pskentdagi manzil-koloniyada AQSh foydasiga josuslik aybi bilan jazo muddatini o‘tayotgan o‘g‘li, sobiq zobit Ravshan Qosimovning taqdiridan xavotirda.

“Manzil-koloniya ma’muriyati o‘g‘limga yostig‘ining tagidan pichoq chiqdi, degan soxta ayblov bilan qoidabuzarlik qayd qilibdi. Uning yana qamoqxonaga qaytarilishidan xavotirdaman. Siyosiy mahbus sifatida xalqaro tashkilotlar nazoratida bo‘lgan o‘g‘limni yana qamoqqa yuborishsa, buni ko‘tara olmayman”, - deydi Qosimova.

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:07:21 0:00
Бевосита линк

Shuningdek, Ozodlikka ismi sir qolish sharti bilan murojaat qilgan bir necha mahkum o‘tayotgan jazo muddatlarining yana qamoq bilan almashtirilishidan xavotirda ekanini aytishdi.

O‘tgan yil avgustida O‘zbekiston Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov mamlakat qamoqxonalarida mahbuslar soni sezilarli darajada kamayishiga erishilganini aytgan edi.

Unga ko‘ra, 2020 - yil avgust holatiga O‘zbekiston qamoqxonalarida 22 ming 900 nafar mahkum saqlangan.

Vazirning Londonda joylashgan Qamoqxonalarni tadqiq qilish xalqaro markazi tomonidan 2019 - yilda e’lon qilingan hisobotdan iqtibos keltirishicha, mamlakatda har 100 ming aholiga 150 nafar jazo o‘tayotgan shaxs to‘g‘ri kelmoqda. O‘zbekiston bu borada 222 davlat ichida 70 pog‘ona ko‘tarilib, 105-o‘rinni egallagan.

O‘tmishda O‘zbekiston qamoqxonalari mahsusblarning qiynoqlar va boshqa ko‘rinishdagi noinsoniy muomalaga tutilishi vajidan tanqid qilingan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2019 ning 2 - avgustida qiynoqlar bilan nom chiqargan Qoraqalpog‘istondagi "Jasliq" koloniyasini tugatish to‘g‘risidagi qarorni imzolagan edi.

Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan buyon 50 dan ziyod siyosiy mahkumlar ozodlikka chiqarilgan.

Ular orasida prezident Mirziyoyev meros qilib olgan Islom Karimov boshqaruvi davrida qamoqqa tashlangan siyosiy muxolifat faollari, jurnalistlar va inson huquqlari himoyachilari bor.

O‘zbekiston hukumati shuningdek, "diniy mahkumlar" deb atalgan va ekstremizm hamda terrorchilik ayblari bilan qamalgan yuzlab mahkumlarni ozod etgan, ammo ularga rasmiy reabilitatsiya, kechirim yoki tovon puli taklif qilmagan.

Huquq faollariga ko‘ra, sobiq siyosiy mahkumlarga nisbatan o‘z vaqtida adolatsiz hukmlarni chiqargan sudьyalar hanuz sud mahkamalariga raislik qilmoqda, ulardan ayrimlari yuqori sud instansiyalari mas’ul lavozimlarga tayinlangan.

XS
SM
MD
LG