Dunyoda sud hukmi bilan amalga oshirilgan qatllar soni oshib bormoqda, o‘tgan yili bu ko‘rsatkich 2015-yildan buyon eng yuqori darajada bo‘ldi. Bu haqda Amnesty International (Xalqaro Amnistiya) inson huquqlari tashkilotining 29-may kuni e’lon qilingan hisobotida aytilgan.
Huquq faollari 2023-yili dunyo bo‘ylab jami 1153 ta o‘lim hukmi ijro etilganini qayd qilganlar. Bu esa 2022-yildagi ko‘rsatkichdan qariyb 30 foizga ko‘pdir.
Bunga Xitoyda amalga oshirilgan qatllar kiritilgan emas, chunki bu mamlakat rasmiylari ijro etilgan o‘lim hukmi statistikasini keltirishmaydi. Ular soni bir necha ming ekani aytiladi, bu esa Xitoyni qatllar soni bo‘yicha dunyoda birinchi o‘ringa olib chiqadi.
O‘tgan yili 2428 ta o‘lim hukmi chiqarilgan. Amnesty International Yaqin Sharq mamlakatlarida, ayniqsa Eronda o‘lim hukmlari soni keskin oshganini qayd etgan. U yerda 853 ta qatl amalga oshirilgan.
“Eron rasmiylari inson hayotini sariq chaqaga olmasliklarini namoyish etishmoqda”, deyilgan huquqbonlar bayonotida. Ularga ko‘ra, Eronda xususan giyohvand moddalar bilan bog‘liq jinoyatlar uchun ham odamlar o‘limga hukm qilinmoqda.
Huquq faollari ma’lumotiga muvofiq, eng ko‘p qatl Xitoy, Eron, Saudiya Arabiston, Somali va AQSHda amalga oshirilmoqda. Qo‘shma Shtatlarda bir yil ichida 24 kishi qatl etilgan. 2022-yili bu mamlakatda 18 ta o‘lim hukmi ijro etilgandi.
O‘tgan yili 16 ta mamlakatda qatllar amalga oshirilgan, bu AI o‘z hisobotlarini chiqara boshlagan 2015-yildan buyon eng past ko‘rsatkichdir. Qayd etilishicha, o‘tgan yili Belarusda bitta ham qatl amalga oshirilgan emas.
Dunyodagi mamlakatlarning aksariyatida o‘lim hukmi qonun bo‘yicha bekor qilingan, postsovet o‘lkalari doxil ayrim mamlakatlarda esa o‘lim hukmiga nisbatan moratoriy e’lon qilingan.
Amnesty International hisoboti sud tomonidan chiqarilgan o‘lim hukmlarini o‘z ichiga olgan. Turli mojarolar chog‘ida, shu jumladan Ukraina urushida kuzatilgani kabi sudlovsiz qatllar esa mazkur hisobotga kiritilgan emas.