Линклар

Шошилинч хабар
05 октябр 2024, Тошкент вақти: 20:16

“An’anaviy qadriyatlar” tarafdorlarining Rossiyaga ko‘chishi tartibi jo‘nlashadi


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 19-avgust kuni Rossiyaning an’anaviy ma’naviy-axloqiy qadriyatlariga tarafdor bo‘lgan shaxslarni gumanitar dastak ko‘rsatish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Mazkur farmon, hujjatda aytilganidek, “destruktiv neoliberal mafkura”ni qabul qilmagan xorijliklarning Rossiyaga ko‘chishi tartibini osonlashtiradi.

Hujjatga muvofiq, bu kabi xorijliklar Rossiyada hukumat tomonidan belgilangan kvotadan tashqari yashash uchun ruxsatnoma (VNJ) olishlari mumkin bo‘ladi. Ular hatto rus tili va tarixini bilishini tasdiqlashi ham shart emas.

Farmonda yashash ruxsatnomasini olishni istaganlar o‘zlarining an’anaviy qadriyatlarga sodiqligi hamda liberal siyosatdan norozi ekanini qay yo‘l bilan isbotlashi lozimligiga aniqlik kiritilmagan.

O‘z fuqarolariga “destruktiv neoliberal mafkuraviy qarashlar”ni go‘yo tiqishtirayotgan mamlakat ro‘yxatini tez orada tayyorlash vazifasi Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga topshirilgan.

“Rossiyaning an’anaviy ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni saqlab qolish va mustahkamlash bo‘yicha davlat siyosati asoslarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmon Rossiya prezidenti tomonidan 2022-yil noyabrida imzolangan. U yerda qadriyatlar o‘laroq vatanparvarlik, mustahkam oila, ma’naviyatning moddiyatdan ustuvorligi, tarixiy xotira va boshqalar sanab o‘tilgan.

“An’anaviy qadriyatlarga nomuvofiqlik” Rossiyadagi ijtimoiy va madaniy sohalarda (LGBT vakillaridan zamonaviy rassom va yozuvchilarigacha) ko‘plab tazyiq-ta’qiblar uchun bahonaga aylangan.

XS
SM
MD
LG