AQSHning Apple korporatsiyasi Kaliforniyada o‘tkazilgan WWDC 2024 anjumanida o‘zining Apple Intelligence deb nomlangan generativ sun’iy intellekt tizimini taqdim etdi. Taqdimot translyatsiyasi shirkati saytida yoyinlandi.
ChatGPT muqobili bo‘lgan generativ sun’iy intellekt Apple shirkati ishlab chiqargan kompyuterlar va mobil jihozlar, shu jumladan iPhone telefonlari va Apple Vision Pro virtual voqelik shlemlari operatsion tizimi ichiga kiritiladi. Bundan tashqari, til modeli Siri ovozli yordamchi dasturiga ham kiritiladi. Taqdimotda qayd etilishicha, Apple Intelligence matnlar tayyorlab berishdan tashqari tasvirni ham generatsiya qila oladi.
O‘zining generativ tarmog‘idan tashqari Apple foydalanuvchilarga ChatGPT kabi eng ommabop sun’iy intellekt ilovasidan ham foydalanish imkoniyatini taqdim etadi. Ilovadan foydalanish bepul va undan ChatGPTni ishlab chiqargan OpenAI shirkati saytida ro‘yxatdan o‘tmasdan ham foydalansa bo‘ladi.
Apple Intelligence tizimidan AQSHda iOS 18, iPadOS 18 va macOS Sequoia operatsion tizimlari foydalanuvchilari shu yozning o‘zida ingliz tilida foydalanishni boshlashlari mumkin. Keyinroq shirkat bu imkoniyatni boshqa mamlakatlar va tillar uchun ham taqdim qilmoqchi. Taqdimotda ChatGPTdan foydalanish imkoniyati ham 2024-yil ichida berilishi qo‘shimcha qilingan.