Amerikalik vositachilar Isroil va Livandagi “Hizbulloh” radikal guruhi o‘rtasida 60 kunlik otashkesimdan boshlab jangovar harakatlarni to‘xtatishga oid taklif ustida ish olib borishmoqda. Bu haqda Reuters agentligi o‘z manbalaridan olingan ma’lumotlarga tayangan holda xabar qildi.
Agentlik suhbatdoshlari ikki oylik davrdan BMT Xavfsizlik kengashining 2006-yildagi rezolyutsiyasining bajarilishi uchun foydalanilishini aytishgan – mazkur hujjatga muvofiq, Livan janubi davlat nazorati ostida bo‘lmagan guruhlardan ozod qilishini lozim.
Manbalar kelishuv natija bermasligi mumkinligini ham istisno qilishmayapti.
Oq uy vakillari 31-oktyabr kuni Livan bo‘yicha kelishuv muhokamasi uchun Isroilga kelishadi.
O‘z navbatida Isroil televideniyesining 12-kanali mamlakat bosh vaziri Binyamin Netanyahu va xavfsizlik xizmati vakillari Isroil “Hizbulloh”ga qarshi kampaniya maqsadlariga erishdi va endilikda ziddiyatni siyosiy yo‘l bilan hal qilish zarur, degan xulosaga kelishgani haqida xabar qilgan.
Ayni paytda Isroilning Livanda olib borilayotgan amaliyoti davom etmoqda. 30-oktyabr kuni Isroil armiyasi (SAXAL) Livan sharqidagi Baalbek shahri va unga yaqin ikki qishloq aholisini evakuatsiyaga chaqirgan.
Chorshanba oqshomida Isroil OAV va telegram-kanallari SAXAL qiruvchi uchoqlari “Hizbulloh”ning Baalbek hududidagi infratuzilmasiga hamda Livan janubidagi Nabatiya hududiga hujum qilgani haqida xabar qilishgan.
Livan nashrlari tinch aholi orasida qurbonlar borligi haqida xabar qilgan. Muhtamal qurbonlar haqida rasmiy ma’lumot hali berilganicha yo‘q.
“Hizbulloh” AQSH va Isroilda terror tashkiloti deb tan olingan. Yevropa Ittifoqida “Hizbulloh”ning harbiy qanoti terror tashkiloti o‘laroq tan olingan, Livan parlamentida o‘z deputatlariga ega “Hizbulloh” siyosiy partiyasi esa YI nazdida terror tashkiloti emas.
Isroil hujumlaridan biri chog‘ida guruh lideri Hasan Nasrulloh o‘ldirilgan.