Линклар

Шошилинч хабар
13 октябр 2024, Тошкент вақти: 11:39

AQSH noqonuniy migratsiyaga ko‘maklashgan turoperatorlar uchun viza cheklovi kiritdi


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

Joriy yilning 9-iyulidan AQSH noqonuniy migratsiyaga ko‘maklashgan turoperatorlar va agentlik rahbarlariga viza berishda cheklov joriy qilgan. Bu haqda AQSH Davlat departamenti saytida bildirilgan.

Bungacha cheklov faqat quruqlik, dengiz yoki cherter aviaqatnovi bo‘yicha transport xizmatlari ko‘rsatuvchi shirkatlarda ishlovchi shaxslarga nisbatangina qo‘llanilgan.

“Migrantlarning nochorligidan hech kim — kontrabandachilar ham, xususiy shirkatlar ham, davlat xizmatchilari ham, boshqalar ham foyda topmasligi lozim”, deyilgan Davlat departamenti bayonotida.

AQSH prezidenti Jo Bayden iyun oyida Meksikadan qonuniy asossiz Qo‘shma Shtatlar hududiga o‘tayotgan migrantlar uchun boshpana olish tartib-qoidalarini kuchaytirish haqida topshiriq bergan edi. Mazkur ijroiya farmoni bunday kishilarning AQSHdan badarg‘a qilinishini osonlashtiradi.

Bu farmondan ko‘p o‘tmay Kaliforniya shtati chegara xizmatiga O‘zbekiston, Gruziya, Moldova, Qirg‘iziston, Rossiya va Tojikistondan bo‘lgan noqonuniy migrantlarni qo‘lga olinganidan keyin zudlik bilan vataniga deportatsiya qilish majburiyati yuklangan.

O‘tgan yilning dekabr oyida Meksika-AQSH chegarasidan yarim million noqonuniy o‘tish qayd etilgan edi. O‘shanda AQSHga noqonuniy yo‘l olgan 119 nafar o‘zbekistonlik vataniga ekstraditsiya qilingani aytilgan.

Ozodlik radiosi o‘tgan yil avgust oyining oxirlarida “O‘zbeklarning Amerikaga xatarli yo‘li” deb nomlangan surishtiruvni e’lon qilgan edi. Unda o‘zbekistonliklarning AQSHga Lotin Amerikasi davlatlari va Meksika orqali noqonuniy o‘tishga urinishi xususida so‘z borgan.

XS
SM
MD
LG