Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 23:46

AQSh sanksiyalari Rossiya shirkatlariga “kutilganidan katta ta’sir ko‘rsatdi”


Prezident Putin o‘zining yillik matbuot anjumani chog‘ida - 19 dekabr, 2013
Prezident Putin o‘zining yillik matbuot anjumani chog‘ida - 19 dekabr, 2013

AQSh Davlat departamentining sobiq iqtisodchisi Deniel Anning so‘zlariga ko‘ra, g‘arb davlatlari Rossiyaga qarshi joriy qilgan sanksiyalar nishonga olingan rus shirkatlariga katta ta’sir ko‘rsatgan, ammo bir vaqtning o‘zida prezident Vladimir Putinning mamlakat boylari ustidan nazoratini yanada kuchaytirgan.

2014 - yilda Rossiya Qrimni anneksiya qilib olganidan keyin joriy qilingan sanksiyalar tufayli rus korporatsiyalari qariyb 100 milliard dollar yo‘qotgan. Bu esa Rossiyaning 2014 - yildagi iqtisodiyotining deyarli 4,2 foiziga teng.

AQSh Davlat departamenti bosh iqtisodchisining sobiq o‘rinbosari hamda ayni damda Paribas moliya guruhida ishlayotgan Anning aytishicha, Putinning ushbu kompaniyalarning ayrimlarini soliq imtiyozlari, davlat shartnomalari va boshqa usullar bilan sanksiyalardan himoya qilishga qaratilgan urinishlari tufayli sanktsiyalarning Rossiya iqtisodiyotga ta’siri 8 foizga yetgan. Bu esa boshqa tadqiqotlarda keltirilgandan ko‘rsatkichlardan ancha yuqoridir.

«8 foiz hazil emas. Bu juda katta raqam», - deb aytdi 7 - dekabr kuni Kennan instituti tomonidan tashkil etilgan virtual konferensiyada qatnashgan An.

U Vashingtondagi Jorjtaun universiteti professori va Davlat departamentining sobiq bosh iqtisodchisi Rodni Lyudema bilan hamkorlikda Rossiyaga qarshi sanksiyalar ta’sirini o‘rganib chiqdi. Tadqiqot natijalari o‘tgan oyda European Economic Review jurnalida chop etildi.

So‘nggi yillarda g‘arb davlatlarining Kremlga qarshi sanksiyalari qizg‘in muhokama qilinmoqda. Ayrimlar ular Rossiya iqtisodiyotiga yoki Putinning xatti-harakatlariga oz ta’sir qilganini aytishadi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, Moskvaning Ukrainadan chiqib ketmagani buni tasdiqlaydi. Boshqalar esa sanksiyalar Putin xalqaro miqyosda yanada tajovuzkor harakatlarni amalga oshirishiga to‘sqinlik qilib, Rossiya ichida uning tarafdorlari sonini ozaytirdi, degan fikrda.

Sanksiya joriy qilgan davlatlar jazo choralari Putin va iqtisodiy ziyon ko‘rayotgan oligarxlar o‘rtasida tanglik keltirib chiqarishiga umid bog‘lagan edi. Ammo Anning aytishicha, aslida buning teskarisi sodir bo‘lgan.

Putin sanksiyalarning ayrim kompaniyalarga, ayniqsa, mudofaa va texnologiyalar sohasida faoliyat yuritadigan kompaniyalarga ta’sirini ozaytirish uchun davlat resurslaridan foydalanib keladi. Bu esa oligarxlarni prezidentga yanada ko‘proq qaram qilgan.

«Kimni himoya qilish va kimni himoya qilmaslik qobiliyatini nazorat qilgan holda Rossiya tuzumi iqtisodiyotning muhim sohalarida o‘z mavqeyini kuchaytirdi va mustahkamladi», - dedi iqtisodchi.

An Lyudema bilan sanktsiyalar ta’sirini o‘rganish bo‘yicha o‘tkazgan tadqiqot Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVF) kabi boshqa tashkilotlar tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotlardan farq qilishini, chunki u hamkasbi bilan sanksiyalarning makroiqtisodiyotga emas, balki korporatsiyalarga yoki mikroiqtisodiyotga ta’siriga e’tibor qaratganini aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘z mahsulotlari yoki xizmatlarini ishlab chiqarish uchun g‘arb davlatlaridan import qiluvchi rus shirkatlari g‘arbga eksport qiladigan shirkatlarga qaraganda ancha katta ziyon ko‘rgan.

«G‘arbning nisbatan kichik miqdorda qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lishi mumkin bo‘lgan, ammo aslida shirkat faoliyati uchun juda muhim bo‘lgan asosiy moliyaviy, yuridik, texnologik va boshqa xizmatlarni rad etish orqali Rossiya iqtisodiyotiga kutilgandan katta ta’sir ko‘rsatdik», - dedi u.

Ammo iqtisodchi Rossiya o‘z iqtisodiyotini himoya qilish, jumladan, o‘zini g‘arb moliya tizimidan izolyatsiya qilish uchun chora ko‘rib kelayotgani va shu sababdan kelgusida sanksiyalar ta’siri ozayishini aytdi.

An Rossiya iqtisodiyoti Yevropaga ko‘proq bog‘liq bo‘lsa-da, AQSh sanksiyalari Yevropa sanksiyalariga qaraganda ko‘proq ta’sir ko‘rsatganidan hayratga tushganini qo‘shimcha qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu holatni AQSh hukumati sanksiyalar rejimini, shu jumladan, sanksiyalar shartlarini buzgan shirkatlarni jarimaga tortish tartibini to‘liq amalga oshirgani bilan izohlash mumkin. Iqtisodchi, shuningdek, Yevropa sanksiyalari asosan ishbilarmonlarga emas, balki siyosiy arboblarga qarshi qaratilganini qo‘shimcha qildi.

XS
SM
MD
LG