Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2021, Тошкент вақти: 02:52

AQSh Senati Tramp impichmenti bo‘yicha tinglovlarga hozirlik ko‘rmoqda


Tramp aybdor deb topilsa, kelajakda davlat lavozimlarida ishlay olmaydi

AQShda sobiq prezident Donald Trampga ikkinchi marta impichment e’lon qilish bo‘yicha Senat tinglovlariga hozirlik ko‘rilmoqda.

Tramp seshanba kuniga qadar impichment aybloviga rasmiy javobini yuborishi kerak. Dam olish kunlari sobiq prezident o‘zining yetakchi huquqiy maslahatchisini almashtirdi.

Devid Shon va Bryus Kastor boshchiligidagi yangi advokatlar jamoasi qisqa vaqt ichida Tramp himoyasiga argumentlarni hozirlashi kerak, chunki sud eshituvlari 9 - fevral kuni boshlanadi.

Bunga qaramasdan, Namoyandalar palatasi kabi Senat ham Trampga impichment e’lon qilishiga erishish oson bo‘lmaydi, chunki impichment tashabbuskorlarini yetarlicha respublikachi senator qo‘llamayapti.

Trampga Senat ham impichment e’lon qilishi uchun 50 respublikachi senatorning kamida 17 nafari sobiq prezidentga qo‘yilgan «isyonga chorlash» ayblovini qo‘llashi kerak bo‘ladi.

Tramp 20 - yanvar kuni o‘z lavozimini tark etgani uchun u aybdor, deb topilgan holda ham, ko‘p narsa o‘zgarmaydi. Ammo agar Tramp aybdor deb topilsa, kelajakda davlat lavozimlarida ishlay olmaydi.

6 - yanvar kuni Trampning turli shtatlardan Vashingtonga yig‘ilgan tarafdorlari Kapitoliy binosi oldida namoyish uyushtirib, binoga bostirib kirgan edi. Tartibsizlik kongressmenlar prezident saylovi natijalarini tasdiqlashlari lozim bo‘lgan paytda ro‘y bergan. To‘polon chog‘ida besh kishi qurbon bo‘lgan.

Respublikachi senatorlarning ko‘pi Kapitoliydagi tartibsizlik yuzasidan o‘z tarafdorlarini gij-gijlagan Tramp xatti-harakatini tanqid qilgan bo‘lsa-da, ulardan juda oz qismi amaldan ketgan va partiya tarafdorlari orasida haligacha katta obro‘-e’tiborga ega bo‘lgan prezidentni qoralashga botina oldi.

Ko‘pchilik respublikachilar Kongress sobiq prezidentga impichment e’lon qilish vakolatiga ega emasligini aytishmoqda. Shuningdek, ular yana bir sud jarayoni Trampdan keyingi davrda mamlakatni birlashtirishga qaratilgan harakatlarga zarar yetkazadi, degan fikrdalar.

Trampning yuridik jamoasi sobiq prezident 6 - yanvar kuni Oq uy tashqarisida o‘z tarafdorlari oldida so‘zlagan nutqida so‘z erkinligiga bo‘lgan huquqidan foydalangan, degan argumentni ilgari surishi mumkin.

Shon avvalroq Trampning ko‘p yillik maslahatchisi Rojer Stounga advokatlik qilgan edi. Stoun 2019 - yil noyabrda Rossiya 2016 - yilgi AQSh prezident saylovlariga aralashuvini ko‘rib chiqayotgan sudga yolg‘on ko‘rsatma berishda aybdor, deb topilgan edi. Tramp dekabr oyida Stounni afv etdi.

Kastor esa Pensilvaniya okrugining sobiq advokati bo‘lib, 2005 - yilda jinsiy tajovuzkorlikda ayblangan qiziqchi Bill Kosbini jinoiy javobgarlikka tortmaslik to‘g‘risidagi qarori bilan tanilgan.

Trampga qo‘yilgan ayblovlarni ko‘rib chiqadigan 100 nafar demokrat va respublikachi senatorlar bir necha kun ichida bir qaror chiqarishi kutilmoqda.

O‘tgan yilgi impichment tinglovlari uch haftaga cho‘zilgan edi. O‘shanda AQSh Namoyandalar palatasi Trampga impichment e’lon qildi. Senatda esa Mitt Romnidan boshqa birorta respublikachi senator Trampga impichment e’lon qilishni qo‘llamadi.

O‘tgan yilgi Senat impichment tinglovlarida respublikachilar guvohlar kiritilishiga to‘sqinlik qilgan edi. Bu safargi tinglovlarga guvoh kiritilishi yoki yo‘qligi noma’lum bo‘lib qolmoqda.

Trampning ashaddiy tarafdori bo‘lmish respublikachi senator Lindsi Grem o‘tgan hafta Fox News telekanaliga bergan intervyusida demokratlar Senat tinglovlariga guvohlarni chaqirsa, respublikachilar sudni «bir necha hafta yoki bir necha oyga» cho‘zishini aytdi.

XS
SM
MD
LG